Madaniyat vazirligi ayrim san’atkorlarning to‘y va tadbirlarda karantin qoidalarini buzishi yuzasidan bayonot berdi

Mamlakatimizda pandemiya sharoitiga qaramay, ayrim san’atkorlar tomonidan to‘y va tadbirlarda karantin qoidalarini buzish holatlari uchrab turibdi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ko‘ra-bila turib tartib-qoidani mensimay buzgan yulduzlarni tanqid qilgan edi. Shuningdek, ushbu holat jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Madaniyat vazirligi ushbu masalada bayonot berdi.

"Albatta, Madaniyat vazirligi ushbu xatti-harakatlarni ma’qullamaydi va karantin qoidalari istisnosiz har bir shaxs uchun majburiyligini, uni buzganlarga qat’iy chora ko‘rilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar ma’lum huquq va majburiyatlarga ega. Ularning shaxsiy hayotini nazorat qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Jumladan, Madaniyat vazirligi ham san’atkorlarning shaxsiy ishlariga aralashish vakolatiga ega emas. Vazirlikning nizom bilan tasdiqlangan faoliyat chegaralari mavjud bo‘lib, undan tashqariga chiqish qonunan mumkin emas. Shaxsning jamiyatdagi xatosi yoki jinoyati uchun chora ko‘rishga mas’ul bo‘lgan organlar qonunning barcha uchun barobarligi tamoyiliga asoslangan holda faoliyat olib boradi.

Tabiiyki, san’at ahli millionlab muxlislarning nigohida va diqqat markazida bo‘ladi. Lekin bu unga qandaydir imtiyoz emas, aksincha, ulkan javobgarlik va mas’uliyat yuklaydi. Madaniyat vazirligi soha vakillaridan o‘z hayoti va faoliyatlarida ushbu mezonga amal qilishlarini so‘raydi. O‘z navbatida, mas’ul idoralarni belgilangan me’yorlarni buzgan san’atkorlarning javobgarligini ta’minlash uchun qonuniy choralar ko‘rishga chaqiradi. Zero, qonun barchaga barobar!", deyiladi bayonotda.