Magistral suv quvurini ta’mirlab, Samarqand shahriga ichimlik suvi yetkazish uchun zarur kuchlar safarbar etilgan
Xabar qilganimizdek, Samarqand shahriga kirish joyi – M-39 yo‘lining sobiq “Cho‘pon ota” yo‘l patrul xizmati oldida sodir bo‘lgan 1200 millimetrli magistral suv quvurining yorilishi shahar aholisi, korxona-tashkilotlarning aksariyat qismining ichimlik suvisiz qolishiga sabab bo‘ldi.
Mana, bir yarim kundirki, ushbu jiddiy nosozlikni bartaraf etish, magistral quvurni ta’mirlashga viloyatning bir necha korxona-tashkiloti maxsus texnika va ishchi-mutaxassislari jalb etilgan.
«Samarqand suv ta’minot» MChJ mas’ullarining ta’kidlashicha, kecha quvurning nosoz qismi aniqlangan. Bundan 50-55 yillar avval tortilgan ushbu quvur yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan. Shu bois quvurda yoriqlar paydo bo‘lgan va suv sizib chiqqan. Uni ta’mirlash esa teshilgan quvurni yamashdan ko‘ra mashaqqatli ish. Shuningdek, quvurning yorilgan qismi kovlab ochilgan joydan 8-10 metr ichkarida. Bu esa ishchi-xodimlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Bu yerga elektr energiyasi keltirib bo‘lmasligi bois ishchilar “dvijok” bilan ishlayapti. Bu holat ham ta’mirlash muddatining cho‘zilishiga sabab bo‘lyapti. Biroq aholi xonadonlarida suv bo‘lmasa qiyinchilik, hatto sanitariya-epidemiologik holat yomonlashishi mumkinligini tushungan mutasaddilar bu yerga zarur kuchni safarbar etgan. Nosozlik imkon qadar qisqa muddatda bartaraf etiladi.
Darvoqe, ushbu avariya avtomobillar harakati uchun ham noqulaylik tug‘dirgan. Toshkentdan kelayotgan avtoulovlar zaxira yo‘ldan, Termizdan kelayotgan mashinalar esa halqa yo‘lning qarama-qarshi tomonidan harakat qilishga majbur bo‘lmoqda.