Urgutda suv quvurining yorilishi sun’iy yo‘ldoshdan aniqlanadi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 aprelda qabul qilingan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Urgut tumani innovatsion hududga aylantirilmoqda.
“Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish” loyihasi doirasida tuman markazida sun’iy yo‘ldosh texnologiyasi yordamida yer osti suv quvurlaridagi ko‘rinmas nosozliklarni aniqlash va yer osti infratuzilma ob’yektlari (suv, gaz, kanalizatsiya quvurlari, telekommunikatsiya va elektr tarmoqlari)ni xaritalash” innovatsion loyihasi ishlab chiqilmoqda, - deya xabar berdi Zarnews" ga Innovatsion rivojlanish vazirligidan innovatsion hududga biriktirilgan mas’ul xodim Alisher Norboyev. - O‘zbekiston va Isroil kompaniyalari kommunal xo‘jalikda xizmat ko‘rsatish sohasidagi muammolarning innovatsion yechimlari bilan shug‘ullanuvchi «Maya International Infrastructure» qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi".
Ushbu kompaniya loyiha doirasida 2021-2022 yillarda tumanga 2,2 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritmoqda. Birinchi loyihaga asosan sun’iy yo‘ldosh texnologiyasi yordamida yer osti suv quvurlaridagi ko‘rinmas nosozliklar aniqlanadi.
Mazkur innovatsion loyiha bilan 1 yil davomida 5,3 million metr kub ichimlik suvining yo‘qolish hajmi mavjud va 1,4 million metr kub suvning isrof bo‘lishi oldi olinadi. Bu bilan 2 milliard so‘m mablag‘ tejaladi, aholiga yetkazilayotgan ichimlik suvining sifati va ta’minoti yaxshilanadi. Ushbu loyihada suv quvurlarini kovlamasdan avtomatlashtirilgan usulda sanatsiya (reabilitatsiya) qilinadi. Quvurlarning yaroqlilik muddati 50 yilgacha yetadi. Yer ostiga ichimlik suvining sizishi natijasida shahar infrastrukturasiga zarar yetishi (asfalt yo‘llarning cho‘kishi, buzilishi) oldi olinadi.