@zarafshonbot‘ga murojaat: Suv quvuriga “zadvijka”ni kim o‘rnatadi – aholimi yoki ta’minot korxonasi?

Samarqand shahridagi Marg‘ilon hamda Birlik 1-tor ko‘chalari bo‘ylab tortilgan ichimlik suvi quvurlarining jami uzunligi qariyb bir kilometrni tashkil etadi.

Ushbu masofadagi quvurlarning aksariyati muddatini o‘tab yaroqsiz holga kelib bo‘lgan. Ayni kunlarda Birlik 1-tor ko‘chadagi quvurlarning ma’lum bir qismi teshilaverib, shahar suv ta’minotiga murojaat qilaverishdan bezgan aholi hisobidan, hashar yo‘li bilan yangilanmoqda.

Bizni xavotirga solayotgan masala - ikki ko‘cha aholisiga suv yetkazuvchi quvurlarga atigi bitta nazorat krani (zadvijka) o‘rnatilgan, xolos (u ham nosoz holga kelib qolgan). Ko‘chalarning goh u, goh bu qismida quvurlar teshilgan, avariya holatlari yuz bergan paytda butun mahallaning suvini berkitishga to‘g‘ri kelyapti.

Mazkur quvurning ma’lum qismlariga 3-4 ta nazorat kranlarini o‘rnatishda yordam so‘rab Samarqand shahar suv ta’minoti korxonasi, shahar Xalq qabulxonasiga murojaat qilganimizga uch oy bo‘lyapti. Ammo bu idoralardan hech bir javob xati olganimiz yo‘q.

Qodir ERGAShEV,

Samarqand shahri Birlik mahallasi.