Suv quvurining nosoz joyi aniqlandi, u tezda ta’mirlanadi

Kecha M-39 “Olma-Ota - Toshkent - Termiz” avtomobil yo‘lining Samarqand shahridan o‘tuvchi qismida (1081-kilometrida, sobiq post “GAI” ) yo‘l ostidagi 1200 mm.li yuqori bosimli magistral suv quvuri yorilgan.

Shu sabab 6 may soat 23:00 dan bir necha mahalla va ayrim ko‘chalarda suv ta’minoti vaqtinchalik to‘xtatilganligini ma’lum qilgan edik. Ayni paytda shahar aholisi suv quvuri qachon ta’mirlanishi, qachon suv berilishi haqida tahririyatimizga murojaat qilmoqda.

Biz bu haqda “Samarqand suv ta’minoti” MChJ mas’ullari bilan bog‘landik.
- Kutilmagan nosozlik oqibatida shahar hududining katta qismi toza ichimlik suvisiz qoldi, - deydi «Samarqand suv ta’minoti» MChJ mutaxassisi Alisher Suvonov. – Tarmoqdagi nosozlik oqibatlarini bartaraf etish uchun turli tashkilotlardan 50 nafardan ziyod xodim va bir nechta maxsus texnikalar jalb qilindi. Murakkab vaziyatda ishlab, bugun, 7 may kuni soat 15:00 larda quvurning nosoz qismi aniqlandi. Ayni paytda uni ta’mirlash ishlari olib borilyapti.

Ta’mirlash ishlari yakunlangach, ichimlik suvi yetkazib berish tizimi tiklanadi. Bu haqda xabar beramiz.