Magistraturaga boshqa turdosh mutaxassislikka topshirsa, faqat kontraktda o‘qiydimi?
Magistratura bo‘yicha qabul jarayonlari tugashiga sanoqli kunlar qoldi. Xabaringiz bor, joriy yilda bakalavrni turdosh bo‘lmagan yo‘nalishda tugatganlar ham magistraturaga hujjat topshira oladigan bo‘lishdi. Mana bu yerda buning tartibini batafsil tushuntirganman, deb yozmoqda Xushnudbek.
Ushbu tartib yangilik bo‘lganligi sababli tabiiyki amaliyotda ko‘plab tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Masalan, ayrim qabul komissiyalari boshqa turdosh yo‘nalishni tugatgan abituriyentlarga ularni faqat kontrakt bo‘yicha qabul qilishlarini, ular davlat grantiga da’vogarlik qila olmasliklarini ta’kidlashayotgan ekan.
Ammo bu kabi gaplar mutlaqo noto‘g‘ri. Qoidaga ko‘ra, magistratura mutaxassisligiga mos bo‘lmagan boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari faqatgina davlat grantlari asosida belgilangan maqsadli qabul kvotalariga tanlovda qatnasha olmaydi.
Xo‘sh, qaysi mutaxassisliklarda maqsadli qabul bor?
Davlat qabul komissiyasining 4 iyuldagi 1-sonli bayoniga binoan, atigi 10 ta OTMda magistratura uchun maqsadli qabulga kvota berilgan. Respublika bo‘yicha jami 65 ta o‘rin berilgan xolos. Mana shu 65 ta o‘ringa “begonalar” da’vogarlik qila olmaydi. Qolgan o‘rinlarga agar ular imtihonlardan yuqori ball to‘play olsa, bemalol davlat grantida o‘qishi mumkin.
Yuqorida ana o‘sha 65 ta maqsadli qabul kvotasi ro‘yxati ilova qilindi.
Hurmatli qabul komissiyasidagilar, iltimos, asossiz gaplarni aytib, abituriyentlar orasida tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmanglar, deyiladi xabarda.