Mahalla raisi saylovi: Ishchi guruh rahbarlari o‘qitildi

Joriy yilning may-iyul oylarida yurtimizda fuqarolar yig‘inlari raislarining navbatdagi saylovi o‘tkaziladi. Ayni paytda Samarqand viloyatida ham bu jarayonni qonun talablari asosida, aholining uyushqoqligida o‘tkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Mahalliy kengashlar qarori bilan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat, tuman va shahar komissiyalari tarkibi, saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. O‘z navbatdagi fuqarolar yig‘inlarida saylovni o‘tkazuvchi ishchi guruhlar tuzilgan.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning hududiy boshqarma va bo‘limlari, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiya tomonidan shu kunlarda hududlarda ishchi guruhlar rahbarlari uchun so‘nggi o‘quv-seminarlar o‘tkazilib, saylovning asosiy jarayonini o‘tkazish bo‘yicha tushuncha berilmoqda.
Urgutda o‘tkazilgan o‘quv-seminarda tumandagi 120 mahallada saylov o‘tkazuvchi ishchi guruh rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda saylovni tashkil etish va o‘tkazishda ishchi guruh oldida turgan vazifalar, saylov kuni ovoz berishni o‘tkazish tartiblari mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirildi.
– Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish yuzasidan amaldagi qonunlarimizga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlarga muvofiq, endilikda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi 5 yil muddatga saylanadi, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mas’ul xodimi S.Qurbonqulov. – Bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylangan raislar ham 5 yil faoliyat ko‘rsatadi. Saylov muqobillik asosida, kamida ikki nomzod ko‘rsatilgan holda o‘tkaziladi. Agar raislikka ikki nomzod ko‘rsatilgan bo‘lsa-yu, ulardan biri saylov kuni biror bir sabab bilan kelmay qolsa, saylov boshqa kunga qoldiriladi. Shuningdek, saylovda fuqarolar yig‘ini vakillari ishtiroki bilan bog‘liq norma ham aniq belgilangan va saylov kuni ularning qanchasi qatnashayotganiga alohida e’tibor berish kerak. Sanoq komissiyasining ishi ham jarayondagi muhim jihat hisoblanadi. Umuman, saylov kuni ishchi guruhning har bir xatti-harakati qonun talablariga to‘la mos bo‘lishi saylovning adolatli o‘tishini ta’minlaydi.
O‘quv-seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan javoblar oldilar.
Viloyatda mahalla fuqarolar yig‘ini raislari saylovi 1 may kuni boshlanadi va shu kuni barcha tuman va shaharda namunaviy saylov jarayonlari tashkil etiladi.