Mahalla raislari saylovi yakunlandi: Samarqand viloyatida 1126 ta mahallada rais saylandi

Joriy yilning 16-27 may kunlari fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi bo‘lib o‘tdi. Viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mazkur saylov natijalari yuzasidan asosiy ma’lumotlarni taqdim etdi.

Viloyat, shahar va tumanlar ko‘maklashuvchi komissiya a’zolari hamda 1126 ta mahallada tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan mahalla raisiga qo‘yiladigan talablar asosida mahallada doimiy yashovchi fuqarolarning fikrlari inobatga olingan holda, hududda kamida besh yildan buyon doimiy yashab kelayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga, ish va hayotiy tajribaga, aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega 2 nafardan 4 nafargacha, jami 4302 nafar fuqarolarning nomzodlari ko‘rsatildi.

Saylov jarayonida 234 mingdan ziyod fuqaro ovoz berishda ishtirok etib, 2700 nafarga yaqin tavsiya etilgan nomzodlardan 1126 nafari mahalla raisligiga munosib deb topildi.

Saylovlarda aholi tomonidan munosib deb topilgan 1126 nafar mahalla raislarining 354 nafari (31 foizi) mahalla raisi lavozimida faoliyat yuritgan, 772 nafari (69 foizi) birinchi marta mahalla raisligiga saylangan nomzodlar.

Shuningdek, mahalla raislarining yosh bo‘yicha tahliliga ko‘ra, 9 nafari (1 foizi) 30 yoshgacha, 210 nafari (19 foizi) 30-40, 316 nafari (31 foizi) 40-50, 465 nafari (41 foizi) 50-60 yoshgacha, 126 nafari (8 foizi) esa 60 yoshdan yuqori bo‘lgan raislar tashkil etdi. Shundan 1087 nafari (96,5 foizi) oliy ma’lumotga 39 nafari (3,4 foizi) o‘rta-maxsus ma’lumotga ega.

Saylangan mahalla raislarining 71 nafari (6,3 foiz) huquqshunos, 307 nafari (27,2 foizi) o‘qituvchi, 17 nafari (1,5 foizi) shifokor, 270 nafari (23,9 foizi) iqtisodchi va muhandis, 89 nafari (7,9 foizi) agronom, 372 nafari (33 foizi) boshqa kasb egalari.

Mazkur mahalla raislarining 97 nafari (7,4 foizi) ayollardan iborat. 17 nafari (1,3 foizi) Xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar kengashlari deputatlari hisoblanadi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali saylov jarayonlari bilan bog‘liq muhokamalarga boshqarma va uning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘z vaqtida rasmiy munosabat berib borilgani aytilmoqda.

Bu yil ayrim joylardagi saylovlar jarayoni markaziy va hududiy teleradiokompaniyalar va radiolar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.