Mahallaga deputat keldi

Bugun, 29 yanvar kuni 1-Bog‘ibaland saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga saylangan deputat Badriddin Nasriyev Samarqand shahridagi qator mahallalarda bo‘lib, ulardagi sharoit, kamchilik va muammolarini o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida Prezidentimiz tomonidan ilari surilgan besh muhim tashabbus doirasida mahallalar qoshida tashkil etilayotgan kutubxonalar va sport maskanlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Yuksalish va O‘zbekiston mahallalarida tashkil etilgan kutubxonalar talab darajasida emasligiga e’tiroz bildirildi. Kutubxona fondini boyitish va kitobxonlarni jalb qilish orqali “Kitob mening do‘stim”, “Eng yaxshi kitobxon” kabi tanlovlarni tashkil etish lozimligi uqtirildi.

Shuningdek, Tadbirkorlar va O‘zbekiston mahallalarida qisqa fursatlarda sport zallari ochish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Kelgusida bunday sport inshootlari uyushmagan yoshlarni birlashtirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.

  Bundan tashqari, Geologlar, Mustaqillik va Siyobcha mahallalari binolarida yetarli shart-sharoitlar mavjud bo‘lmaganligi bois ularning yangi, zamonaviy sharoitga ega bo‘lgan binolarini tashkil etish ishlarini tezlashtirish haqida shahar hokimligiga deputat murojaati yo‘llanadigan bo‘ldi.

Madadkor mahalla fuqarolar yig‘ini tasarrufidagi bo‘sh turgan yerga homiy tadbirkorlar ko‘magida o‘ndan ortiq xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga mo‘ljallangan tikuv sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tijorat banklari orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasi ham hal etildi.

Viloyat mahallalar kengashi axborot xizmati.