"Mahallamiz raisi nonimizgacha olib keladi"
Aslida bizning mahallada keksalar doim hurmat-e’tiborda. Hurmat ko‘rsatilmasa, e’tibor qaratilmasa, bundan ranjiydigan, kerak bo‘lsa e’tiborni talab qiladigan faxriylarimiz ham bor...
Samarqand shahridagi Kattaariq mahallasida bugungi kunda 2 mingga yaqin aholi istiqomat qilsa, ularning 250 nafarini keksa yoshdagi kishilar tashkil qiladi.
- Keksalarimizning aksariyati turli tashkilotlarda samarali faoliyat ko‘rsatgan, ziyoli faxriylarimizdir, - deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mehriddin Oripov. – Buning o‘ziga xos ijobiy va murakkab jihatlari bor. Ziyoli insonlar jamiyatdagi islohotlardan doim xabardor bo‘lib turgani uchun shu islohotlar ijrosini o‘z mahallasida ham ko‘rishni istaydi va zarur bo‘lsa talab ham qiladi. Bu esa mahalla faollarini doimiy tarzda izlanishga, zamon bilan hamnafas ishlashga undaydi.
Mamlakatimizda "Keksalar haftaligi"ga start berilgan kundanoq mahallamiz faollari qator tashabbus bilan chiqdi. Birinchi navbatda keksalar ishtirokida haftalik sog‘lomlashtirish daqiqalari bilan boshlandi. Shuningdek, faxriylar o‘rtasida shaxmat-shashka musobaqalari, tibbiy ko‘rik, qo‘shni viloyatlarga ziyoratlar tashkil etildi. Aytish kerakki, mahallamizda turli millat vakillari do‘stona va ijobiy muhitda istiqomat qiladi. Yigirma nafarga yaqin faol keksalarimiz mahalladagi barcha jarayonda ishtirok etadi, ularning maslahati bilan ish ko‘ramiz.
- Keksalik gashti deymizu, ammo yosh o‘tgan sari inson kundalik, oddiy yumushlarni bajarishga ham qiynalib qoladi, - deydi mahallada istiqomat qiluvchi Valentina Sokratyans. - O‘zim umrim davomida viloyatning bosh rassom modeleri va boshqa vazifalarda faoliyat yuritganman. Pensiyaga chiqqanimga qariyb o‘ttiz yildan oshdi, bir necha yildan beri ko‘zlarim ko‘rmay qoldi. Turmush o‘rtog‘im ham 80 yoshdan oshdi. Kezi kelganda non olib kelishga ham qiynalamiz. Bu vaziyatda mahallaning bizga yordamini aytishim kerak. Qarichilikda shifokorlarga ko‘p ishimiz tushadi. Shifokor topib kelishdan tortib, hatto bozordan mahsulot olib kelish kabi yumushlarni ham mahallamiz faollari bajarishadi. Mahalla faollari faqat "Keksalar haftaligi"da emas, har doim bizdan xabardor.
Gulruh Mo‘minova.