Mahalliy sanoat — iqtisodiy taraqqiyot poydevori

Yaqinda o‘tkazilgan mamlakatimizda mahalliy sanoatni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida asosiy e’tibor mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini to‘liq ishga solish, yangi sanoat korxonalarini tashkil etish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘ldi.
Mazkur masala nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini oshirish nuqtayi nazaridan ham alohida ahamiyatga ega. Yig‘ilishda qayd etilganidek, mahalliy sanoatni rivojlantirishda odatiy yondashuvlardan voz kechib, har bir hududning imkoniyat va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda loyihalarni amalga oshirish talab etilmoqda. Buning uchun quyidagi ustuvor vazifalar belgilandi:
• Har bir tumanda sanoat zonalarini tashkil etish va ularni infratuzilma bilan ta’minlash;
• Mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish;
• Sanoat loyihalari uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, tadbirkorlarga qulay kredit shartlari yaratish;
• Mutaxassis kadrlar tayyorlashni samarali yo‘lga qo‘yish va ta’lim muassasalari bilan ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash;
• Ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish.
Masalan, joriy yilda Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlarida umumiy qiymati bir necha 100 milliard so‘mlik sanoat loyihalari amalga oshirilishi belgilangan. Bu loyihalar hisobidan minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mahalliy bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ulushi oshishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbarining ta’kidlashicha, mahalliy sanoat rivoji, bu - tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari va aholi uchun barqaror daromad manbai yaratish degani. Shu bois, har bir hokim o‘z hududidagi sanoat salohiyatini to‘liq o‘rganib, uni rivojlantirish bo‘yicha aniq harakat dasturi bilan ishlashi lozim. Buning uchun tadbirkorlarga davlat tomonidan qulay shart-sharoitlar, jumladan, yer ajratish, kredit berish, infratuzilma bilan ta’minlash kabi mexanizmlar yanada takomillashtirilmoqda.
Mahalliy sanoatni rivojlantirish, bu - yurt taraqqiyotini ta’minlash, aholi bandligi va turmush darajasini yuksaltirishning eng muhim omili. Har bir korxona, har bir loyiha ortida yuzlab, balki minglab kishilarning hayoti, ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi yotadi. Shu bois, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy barqarorlik uchun ham xizmat qiladi.
Nilufar Ja’farova,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.