Mahalliylashtirish: birinchi chorakda 12 ta korxona ishga tushdi
Matbuot uyida viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov ishtirokida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturining o‘tgan yilgi va joriy yilning birinchi choragidagi ijrosi muhokama etildi.
Mahalliylashtirish bo‘lishi uchun mahsulotda mahalliy qo‘shilgan qiymat 36 foizdan yuqori bo‘lishi kerak, - deydi N.Ibragimov. - Viloyatda chiqarilayotgan barcha avtomobillar ham mahalliylashtirilgan emas. Shu bois, mahalliylashtirish dasturlariga yangi mahsulot bo‘lsa, nazoratga olinib, 3 yilgacha yordam ko‘rsatilyapti. 2021 yil uchun dasturdagi 49 ta loyiha bo‘yicha 241,2 milliard so‘m ishlab chiqarishni vazifa sifatida belgilab olgandik. Korxonalarning harakati bilan bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshib, mahsulotlarning qiymati 857,5 milliard so‘mga yetdi.
2022 yilgi dasturda 49 ta loyihadan o‘z faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olgan 12 tasi chiqarildi va ularning o‘rniga yangi 27 ta loyiha qo‘shildi. Mazkur 64 ta loyiha bo‘yicha 577,4 milliard so‘mlik dastur ishlab chiqilgan. Bu loyihalardan 42 tasi joriy yilning birinchi choragida ishga tushirildi.
Shuningdek, matbuot anjumanida joriy yilning 14-15 aprel kunlari Jomboy tumanidagi “SOF Expo” ko‘rgazmalar markazida “Samarqand hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi”si o‘tkazilishi haqida ham ma’lumot berildi.
Mazkur ko‘rgazmada Samarqand va boshqa viloyatlardan 200 dan ortiq tarmoq va mahalliy korxonalar 2 mingdan ortiq mahsulot turlari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.