Mahmudxo‘ja Behbudiy geograf bo‘lmagan, ammo o‘zidan qimmatli geografik meros qoldirgan

Ko‘pchilik Mahmudxo‘ja Behbudiyni buyuk ma’rifatparvar, Turkistondagi jadidchilik harakati yo‘lboshchilaridan biri, yangi maktab g‘oyasi yaratuvchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramaturgiyasi asoschisi, teatr sahnalashtiruvchisi, birinchi noshir sifatida biladi. Lekin Behbudiyning geografiya faniga atab yozgan buyuk ilmiy merosi ham bor. Mazkur maqolada ma’rifatparvarning bizgacha yetib kelgan geografik merosi haqida to‘xtalmoqchimiz.

Mahmudxo‘ja Behbudiy «Risolai jo‘g‘rofiya Rusiy» (Rossiya geografiyasi, 1904), «Risolai jo‘g‘rofiya umroniy» (Aholi geografiyasiga kirish, 1905), «Muntahabi jo‘g‘rofiyai umumiy» (Qisqacha umumiy geografiya, 1906) kabi asarlarida o‘zining geografik qarashlarini bayon etgan. Jumladan, «Muntahabi jo‘g‘rofiyai umumiy» asarining kirish qismida o‘sha davr targ‘ibot-tashviqotlarini inobatga olgan holda asarning ijmol (xulosa va muxtasar) tafsilotlarini turkcha, arabiy, forscha va rus tillaridagi lug‘atlardan to‘lasincha foydalanib, gazeta, jurnal, atlas, xarita, globus va yer shari haqidagi ma’lumotlarni hamda raqamli hisobotlaridan foydalanilganligini qayd etadi. Unda «Otiyaga (quyida) – bayon bo‘lgan fan va ilm to‘g‘risida biz hanuz komil emas, navqadammiz», deydi. Shuningdek «…yana jo‘g‘rofiyai olam va ahvoli zamon bu olami ro‘zg‘orni inqilobi va ulushi asriya fununa zamoniyani taraqqiysi ila har on tag‘yor topadur», deb kamtarlik bilan, xokisorona geografik olam to‘g‘risidagi tushuncha va uning tamoyillari o‘zgarib borishini kitobxonga yetkazib beradi.

Behbudiy «Muntahabi jo‘g‘rofiyai umumiy» asarida «Geografiya» atamasiga izoh berib: «Jo‘g‘rofiya degan so‘zning ma’nosi, yunon lug‘ati arabiyacha ta’rifi arz ma’nosiga, ya’ni yer va tufroqni bayon qiladurgon ilmni aytadur», deydi. Behbudiy ta’rifiga ko‘ra, geografiya yer shari va uning tuzilishi (ya’ni, tuprog‘i) nimadan iborat ekanligini o‘rganuvchi fandir. Bugungi kunda «Geografiya» so‘zi (grekcha «geo» - yer va «grafo» - yozaman, tasvirlab yozaman) birlik sonda ishlatilganligidan bu so‘z birgina fanning nomini anglatar ekan, deb tushunish mumkin. Haqiqatda esa bu so‘z tabiiy va ijtimoiy fanlarning ma’lum guruhini bildiradi. Bundan tabiiy fanlar yer shari yuzasidagi tabiiy hodisalarni o‘rgansa, ijtimoiy fanlar turli mamlakatlarda kishilik jamiyatining xo‘jalik faoliyatini xususiyatlarini o‘rganadi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy: «Jo‘g‘rofiya ilmini nega nav’ holda va bayonlari bo‘ladur. Anga qarab ushbu ilmg‘a teyishli bayon va fanlar bir necha ism ila ataladur», deydi. Jumladan, yer shakli (gavda, hajm)dan osmon ila yer orasidagi xosiyati va osmondagi nimarsalar ila inobatni va harakatidan bayon qiladurg‘on ilmni «Jo‘g‘rofiyai riyoziy» yerning xosiyati, tufroq past va balandligi, har xil giyoh va konlari, tog‘, daryo, ko‘l, mijoz va havosidan qilaturg‘on ilmni «Jo‘g‘rofiyai tabiiy» ataladur. Yer yuzidagi katta hodisalar ila urug‘, hukumatdorlik, xulosa va boshqa ilmni ushbu ilmg‘a bayon qilib, jo‘g‘rofiya kalimasini oxiriga qo‘shilishig‘a taa’luq ilm va fanni oti qo‘shiladur», deydi va «Jo‘g‘rofiyai tarixiy», «Jo‘g‘rofiyai siyosiy», «Jo‘g‘rofiyai umroniy» va boshqalarni misol keltiradi.

Umuman, jo‘g‘rofiya qachon paydo bo‘lgan? Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z asarlarida jo‘g‘rofiya fanining paydo bo‘lishi va rivojlanishiga doir bir qancha ma’lumotlarni keltirib o‘tadi. Jumladan, uning yozishicha: «Tarix va jo‘g‘rofiya kitoblari yozilibdurki, jo‘g‘rofiya ilmi ilk marotaba Misr mamlakatiga Hazrat Musodan ilgari fir’avnlar zamonida boshlanib, yer, tufroq, dengizlar borasig‘a bayonotlar yozilib xarita – kartag‘a o‘xshash «planlar» ixtiro bo‘linganligi ma’lum bo‘ladur. Chin mamlakatiga ham ushbu ilm siroyat qilib Yu degan podsho Xitoy mamlakati xaritalarini chiniy kosalar ustiga naqsh qildiribdur. So‘ngra ushbu ilm yunon xalqig‘a sifat qilib, ala zaminig‘a rivoj topibdur».

Behbudiy Arastu, Strabon, Klavdiy Ptolomey kabi olimlar ishlarini tahlil qilib, ularning geografik qarashlarini o‘rganib chiqadi. Jumladan, u: «Iskandari Kabir miloddan 350 sana ilgari tiriklik qilar edi. Ani ustodi Arastu hokim bu ochilgan maktablar to‘g‘risig‘a bayonnomayu kitoblar yozib, jo‘g‘rofiya ilmiga rivoj berdi. Ushbu hokim miloddan 384 sana ilgari tavallud bo‘lib edi. So‘ngra Istrabo‘n (Strabon - qadimgi yunon geografi va tarixchisi, 17 kitobdan iborat «Geografiya» asarining muallifi), Batlimus (Ptolomey – qadimgi yunon munajjimi) degan yunoniy olimlar jo‘g‘rofiya va hay’at ilmlari to‘g‘risida yaxshi kitoblar tasnif qilib, bu ilmlarga ko‘p rivoj berubdirlar. Osmon to‘qqizdur va yer atrofig‘a aylanadur, degan kishi ushbular va nizomi mahdud egasidur», deb yozadi.

Bundan tashqari, Behbudiy «Xorun ar-Rashid zamoni 198 sanai hijriyag‘a va andan so‘ngra madrasalarga yunoniy ulamolardan vaqtincha mudarris tayinlab, musulmon ulamolari yunoniycha o‘qub so‘ngra barcha ulushi aqliyai yunoniyani tahqiqg‘a boshladilar. O‘shal zamonda jo‘g‘rofiyaga taa’luq «daraja hisobi»g‘a amaliyot-o‘lchov qildilar..» deb xulosa qiladi va jo‘g‘rofiya, hay’at, riyoziy, tib, hikmat, kimyo, hisob, ilmi taboqat ul-arzi (yer qatlamlari ilmi) misol keltiradi. Jumladan, u 290 tarixi hijriyatga Abulqosim Abdullohni ta’riflab «Kitob al-masolik va-l-jo‘g‘rofiya to‘g‘risida»gi kitobi Fransa va Girmoniya tillariga tarjima bo‘lgandur», deb ulug‘laydi.

U «Muntahabi jo‘g‘rofiyai umumiy» asarida buyuk geografik kashfiyotlar davrini ta’riflagan. Jumladan, «Avvalgi zamonlarga oti eshitilmagan Amriqa (Amerika), Puliniziya (Polineziya), Orazi Qutbiy (Yerning qutblari) va minglar ila jaziralarni topib, hozirgi barcha mamlakat va jazira (orol) va dengizlarni masofati (o‘lchovi) ila hammag‘a bilinmag‘i bois bo‘ldilar. Dunyo ilmi birdan rivoj topdi. 898 sanai hijriyag‘a farangi toifasidan Xristofor Kolumb degan ilmi riyoziyga dono va dengiz safariga mohir borub, Amriqa yerlarini topdi. O‘nlanchi asr hijriyag‘a Rusiya odamlaridan Yermak degan kishi hozirgi Sibir mamlakatini kashf qilib, Rusiya hukumatiga qo‘shdi. 1741 sanai melodiyag‘a Bering, Cherikof degan kemachi kaputanlar Shimoliy Amerikaga borub, Sanika degan jazirani topib, Yangi Arxangil degan shaharni bino qilib, Bering bug‘ozini topdilar. Xulosa, uch-to‘rt asrdan beri yildan-yilga ilgari bilinmagan va eshitilmagan jazira mamlakat va qutblar tarafidagi yerlarni ahvoli farangiy-Ovrupo ulamoyi jo‘g‘rofiyyun va sayyohlarning g‘ayrati ila olam yoyinki ilm ahliga bilindi», deb Amerikani va unga tutash hududlarni kashf qilinganligini aytadi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z asarlarida o‘sha davrda Yevropa mamlakatlarida geografiya jamiyatlari tuzilganligi, uning a’zolari va geografiyaning paydo bo‘lishi, rivojlanish bosqichlarini ifodalaydi. Bundan tashqari, butun dunyoda «Geografiya jamiyati» tashkiloti tuzilganligi, uning a’zolari soni nihoyatda ko‘p ekanligini, har bir jamiyat a’zolari geografik yangiliklarni yetkazib turishini izohlaydi.

Behbudiy «Jo‘g‘rofiya o‘qimoqni naf’i» asarida aynan geograf bo‘lmasa-da geografiya fanini o‘qimoqning foydasini, geografiya va uning ilmlarini ko‘p va xo‘p ulug‘laydi. Bu borada «odam bolasini qancha ilmi ziyoda bo‘lsa, dunyo, tarix, jo‘g‘rofiya ilmidan xabari bo‘lsa shuncha yaxshidur. Bu ilm odamg‘a butun dunyoni va ko‘p nimarsalarni bildiradur. Dunyo odamlarini din va mazhabi, tiriklik va raftori, taraqqiy yo tanazzul sababi, yaxshi va yomonliklari, mamlakatlarni tinch va osoyish yo zulm va javrg‘a turg‘oni, xulosa butun ahvoli dunyoni, podsholarni quvvati, davlati, odamlarni odati, yer yuzini ahvolini bildiraturg‘on ushbu ilmdur» deb odamlarni geografiyani o‘qishga da’vat etadi.

 Bundan tashqari, yer yuzida odamlarning jo‘g‘rofiya ilmiga qiziqishi, faqat turkistoniylar bu ilmdan bebahra ekanidan afsuslanib, suvda suzuvchi paroxod, poyezdlar, samolyot orqali uzoq yo‘llarni yaqin bo‘lgani va boshqa yangi geografik kashfiyotlar bo‘layotganini aytib o‘tadi.

 Behbudiy tabiatdagi sikllik va ritmik hodisalarni, ya’ni yerni o‘z o‘qi va quyosh atrofidagi harakati natijasida hosil bo‘ladigan geografik hodislarni quyidagicha ta’riflaydi: «Yoyinki yerni o‘rtasi xatti istivora (qiyom, tush vaqti), kecha va kunduz doim barobar bo‘lgan suvratga, bizni Turkistong‘a na uchun goh uzun va qisqa bo‘lub, kunimiz 9 ila 15 soat orasig‘a yuradur? Har qancha yerni shimol yo janubidagi chet (qutb)lariga qarab borilsa, kun va yotun ulaydur. Qutblar tarafig‘a bir-ikki, hatto, 6 oygacha kun botmaydur. Peturburg shahriga qish olti soat, yoz 19 soat kunduz bo‘lib turadur (bu yerda M.Behbudiy qutb kuni va tunini nazarda tutgan) sababi nima deb, bir kishi so‘rasa yoyinki bir oy kun botmaydurg‘on joyg‘a musurmonni ibodatlari va amri nahyini qanday barjoy kelturuladur? Yoyinki na uchun kecha va kunduzni farqi yer ila osmonchadur? Har shaharni tul va g‘urubi (kun chiqishi va uning botishi nazarda tutilmoqda) va uchun oldin va keyindur deb so‘ralsa, bizlar, xususan, ulamomiz na javob berarmiz? Bilmaymiz, yoyinki «unday bo‘lmasa kerak»dan boshqa javob aytolmasak kerak. Bu savollarga jo‘g‘rofiya o‘qimaguncha javob berib bo‘lmaydur va jo‘g‘rofiya ilmi javob beradur». Shu xulosasi bilan Behbudiy geografiyani bilishlikning afzalliklari nimada ekanini aytib o‘tadi.

Buyuk ma’rifatparvar yer aylanganda nega ustidagilarining yiqilmasligini «Muntahabi jo‘g‘rofiyai umumiy» asarida turli tabiiy geografik hodisalarga bog‘lab ifoda etadi. Yer o‘z o‘qi atrofida g‘arbdan sharqqa qarab aylanishini va sutka deb ataladigan davr davomida bir marta aylanib chiqishini ta’kidlaydi.  

 Atrof jihoti asliya (asl tomonlar), xarita, plan. Mahmudxo‘ja Behbudiy geografik asarlarida bu borada ham dadil fikrlar beradi: «Qutb shimoliy yulduzi ya’ni, Temur qoziq tarafi «shimol» jihadi hisoblanadur. Ani o‘ng tarafimizg‘a olib, kun botishga qaraganda, yuzimiz «g‘arb», orqamiz «sharq», chap qo‘limiz «janub» taraflarig‘a bo‘ladur. Qiblanoma (kompas) degan asbob shimol tarafini ko‘rsatadurki, andan iqlim va mavzenga qarab qibla tarafi taxmin qilinadur».

Behbudiy gorizont tomonlarini izohlar ekan, ularni «jihoti asliya» deb ataydi. Uning aytishicha, «xarita yoki planga qaraganda biror odamni ko‘zini yuqorisi shimol, quyi tarafi janub, o‘ngi sharq va so‘li g‘arbdur». Bundan tashqari, u gorizontning oraliq tomonlarini ham o‘zgacha e’tirof etadi: «Bu to‘rt jihati asliya arolalarig‘a yana to‘rt jihoti far’iyya (ikkinchi darajali) borki, to‘rt jihotni kunji hukmig‘adur. Sharqiy-shimoliy, g‘arbi-shimoliy, sharqi-janubiy, g‘arbi-janubiy deb ataladur.

U dunyo kartalarini tuzish, ularning paydo bo‘lishi va yasalishi to‘g‘risida o‘z ilmiy qarashlarini ifoda etib: «Bizni fikr aqlimizg‘a sig‘maydurg‘on yer yuzi shaklini bir taxta qog‘oz ustig‘a naqsh qilibdurlar, degan holg‘a ushbu katta dunyoni qanday bir tarroh (tarxini chizuvchi), aqqos (aks ettiruvchi, fotograf), planchi yurub necha muddatga naqshasini (tasvirini) oldi, degan savol keladur. Bir aqqos, bir planchi emas, ming-ming ustozlar, sayyohlar, muhandislar dunyo yuziga avvaldan, xususan, besh yuz yildan beri paydar-pay, doim yurub, o‘lchab, yozib ohista-ohista hozirgi martabasig‘a jo‘g‘rofiya ilmini va dunyo naqshasini kelturdilar», deydi.

Undan tashqari Mahmudxo‘ja Behbudiy dunyo okeani, materik, qit’alar, orol va yarimorollar kartalarini yaratilishi va undagi o‘lchov ishlari, ya’ni, masshtab haqida quyidagicha yozadi: «Ammo katta bir qit’a yoyinki bir botmon yerni bir taxta qog‘oz ustig‘a planini ko‘rsatmoq tariqasi tuzurki, masalan, bir yerni uzunligi 60 sajin, eni 40 sajin ekan. Ushbu tul va arz masofalarini bir varaq qog‘oz ustiga 60 sajin o‘rniga 60 nuqta masofatini ko‘rsatgan ila fahmlamog‘i «tarsim» (rasm) qilinmog‘i mumkindur. Har bir plan, xarita ustig‘a bir necha sifr va raqamlar borki, «miqyos» (masshtab) ataladurki, o‘shal xaritadagi mamlakatni asl vus’atidan ushbu xarita qancha marotaba kichikligini bildiradur. Chunonchi, bir joyni turli yuz chaqirim ekan, qog‘oz ustig‘a bir verto‘q xat uzunligi bor va xarita oxirig‘a «bir verto‘q yuz chaqirimdur», degan ishora va miqyos bordur. Yana mufassal xarita, planlar bordurki, tog‘larini balandligi, toshlarini xosiyati, hay’ati, nahrlarini chuqurligi, balig‘larini kamarigacha ko‘rsatadur», deb tog‘ va tekisliklarini balandligi, tog‘ tosh qatlamlarining xususiyati, okean va dengizlarning chuqurligi, cho‘kmalar to‘g‘risida aniq ma’lumotlar keltirilishini aytib o‘tadi.

Maqolamiz boshida Mahmudxo‘ja Behbudiyning geograf olim emasligini ta’kidlab o‘tgan edik. Lekin biz, Samarqand davlat universiteti olimlarining ma’rifatparvar yozib qoldirgan ilmiy merosini o‘rganishimiz va tahlil qilishimiz jarayonida uning geografik qarashlarini nechog‘lik keng va serqirra bo‘lganligiga guvoh bo‘ldik. Qolaversa, ushbu maqolamizda Behbudiyning geografik merosining bir qisminigina tahlil qildik, xolos. Chunonchi, mutafakkirning yozib qoldirgan asarlarini o‘qigan kishi o‘nlab ilmiy risola va monografiyalar yozishi muqarrar.

Subhon Abbosov,
geografiya fanlari doktori, professor.
Baxtiyor Meliyev,
geografiya fanlari nomzodi, dotsent.