Mahmudxo‘ja Behbudiy kim bo‘lgan? Biz uni munosib qadrlayapmizmi?
Assalomu alaykum, hurmatli Erkinjon Oqbo‘tayevich!
Sizni Samarqandda tug‘ilib o‘sgan, ayni paytda Toshkentda faoliyat yuritayotgan oddiy tadqiqotchi bezovta qilyapti.
Avvalo, vaqtingizni oladigan, men kabi aql o‘rgatuvchilar ko‘pligini ham bilaman. Axir Samarqandning dunyo tarixida tutgan o‘rni beqiyos bo‘lsa, mustamlaka sabab unutilgan mashhur bobokalonlar nomini tiklash, abadiylashtirish bo‘yicha tadqiqotlar kun sayin ko‘payayotganidan murojaatlar soni oshayotgan bo‘lsa, ajablanmayman.
Shunday bo‘lsa-da, kamina ham murojaat qilishga jazm etdim. O‘ylashimcha, bu ham juda jiddiy masala – betakror ibratli hayoti bilan butun Turkiston xalqi muhabbatiga sazovor bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomizning qadrlanishi darajasi haqida. Xodimlaringizdan bu borada so‘rasangiz, Sizga «Behbudiy muallim bo‘lgan, shu bois pedagoglar malakasini oshirish instituti (hududiy markaz)da uning byusti bor... nomi qo‘yilgan... bundan ortiq nima ham qilardik», deyishadi.
Aslida ana shu ishlar ham Samarqand ziyolilari tashabbusi bilan amalga oshgan... Biz, olimlar faqat da’vat qila olamiz, xolos. Lekin hokimiyat, hukumat aralashmasa, bosh bo‘lmasa, tadbirlar, deylik, joriy yil 19 yanvarda bo‘ladigan Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yilligi ham bilinmasdan o‘tadi-ketadi...
Yaqinda Toshkentda birinchi romannavis adibimiz Abdulla Qodiriyning 125 yillik yubileyi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligi va ishtirokida keng nishonlandi. Muhtasham uy-muzeyi, salobatli haykali qad rostladi, Abdulla Qodiriy ijod maktabi, Toshkentning qadim Eski Jo‘vasida Abdulla Qodiriy bog‘i yaratildi.
Erkinjon aka, bularni havas bilan, faxr bilan aytyapman. Abdulla Qodiriy shaksiz, buyuk yozuvchi. Shunday buyuk adib ilk pesasini qanday yaratganini o‘zi yozib qoldirgan xotiradan bilib olishimiz mumkin:
“1913 yilda chiqqan “Padarkush” pesasi ta’sirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborg‘onimni o‘zim ham payqamay qoldim”, degandi u 1915 yilda.
Qodiriy tilga olgan “Padarkush” pesasi Mahmudxo‘ja Behbudiy qalamiga mansub. Demak, bu e’tirof Behbudiyning yangi avlod – Fitratu Cho‘lpon, Avloniyu Qodiriylarni tarbiyalagani, ularga qanot berganligini ko‘rsatadi. Fursat g‘animatda “Padarkush” O‘zbekiston teatrining birinchi asari sifatida tarixga kiritilganini ta’kidlashni istardim. Ammo u tadqiqotchilar aytayotgan “o‘qimagan bolaning otasini o‘ldirishi haqida”gina emas, balki mol-dunyo, hokimiyat vasvasasida qatl etilgan Mirzo Ulug‘bek bilan bog‘liq otakushlik fojiasidan boshlangan Turkiston tanazzuli xususidagi tragediyadir.
Pedagogik, jurnalistlik faoliyati bilan cheklanib, chuqur tahlil qilinmagan faktlar uning siyosiy arbob sifatidagi siymosini ikkinchi planga surib qo‘ydi. Behbudiy, avvalo, siyosiy arbob edi. Tarix sahifalarida bu so‘zning isbotlari qalashib yotibdi. Tarjimai holiga batafsil to‘xtalmasdan, tasavvur uchun bir-ikki misol bilan kifoyalanamiz.
- Behbudiy haj safariga nega sakkiz oy sarfladi?
Mahmudxo‘ja Behbudiy ish faoliyatini Kobut volosti (bugungi Jomboy, Toyloq, Samarqand tumanlari hududi)da mirzolikdan boshlagan. O‘qib-o‘rganishga bo‘lgan iqtidori tufayli o‘z davrining yuksak e’tiborli lavozimi - muftilik rutbasiga erishdi. Unga munosib ko‘rilgan muftilik musulmonlarda oliy lavozimli ruhoniy hisoblanib, diniy-huquqiy masalalarni izohlash, talqin qilish borasida hal qiluvchi huquqqa egadir.
Albatta, bunday lavozim sohibi o‘z faoliyati davomida xalqning barcha qatlamlari vakillari bilan muloqotda bo‘ladi, demakki, kichik masalalardan yirik muammolargacha duch keladi, ularni qiyoslash, xulosa chiqarish va masalalarning yechimi nimada ekanligi to‘g‘risida fikrlash imkoniga ega edi.
Xalqimizda dunyoni anglash uchun ko‘p o‘qish yoki jahon kezish kerakligi xususida naql bor. Behbudiy nafaqat o‘qidi, balki ikkisini-da amalga oshirdi.
“1318 sanai hijriyasi tavofi Baytullog‘a Kafkaz yo‘li ila Istanbul va Misr al-Qohira vositasila borib edim. Muddati safarim sakkiz oydan ziyoda cho‘zilub edi”(Mahmudxo‘ja Behbudiy. Qasdi safar // “Oyina” jurnali, 1914 yil, 31-son).
Behbudiy hayoti va ijodini o‘rgangan tadqiqotchi-olimlar ana shu davrni yuzakiroq yoritadilar nazarimizda. Ular Behbudiy 3–4 yoshda bo‘lgan to‘ng‘ich o‘g‘li nobud bo‘lgani uchun qayg‘uga botib, birinchidan, qayg‘usini unutish, ikkinchidan, haj amalini ado etish maqsadi bilan 1317 (1899) yilda buxorolik do‘sti Hoji Baqo bilan safarga chiqqanini ta’kidlash bilan kifoyalanadilar.
Aslida uning safariga boshqa sabablar ham mavjud edi. Avvalo, 1898 yilgi Dukchi eshon nomini olgan Andijon qo‘zg‘olonining oqibati shu yurtning ziyolisi sifatida Mahmudxo‘jani chuqur qayg‘uga botiradi. Behbudiy jarayonni har tomonlama tahlil etib, maxsus tayyorgarliksiz tish-tirnog‘igacha qurollangan mustamlakachi qo‘lidan o‘ttiz yil davomida ham ma’nan, ham moddiy jihatdan och-nahor qulga aylantirilgan avom bilan ozodlikka chiqish mumkin emasligini anglab yetadi. Negaki, Behbudiy aytmoqchi “...Turkiston, bilxossa, Samarqand butun dunyodan xabarsiz, qorong‘u bir zindon kabi edi. Xalq nodon, ulamo mutaassib, hukumat nihoyat darajada g‘adbir (aldamchi, berahm – H.S.) va zolim, maishati buzuq, axloqi fasod... edi”.
Demak, Yevropa davlatlarining iskanjasida qolgan boshqa sharq davlatlari ahvolidan xabardor bo‘lish, ularning ozodlik yo‘lidagi harakatlarini o‘rganish va tabiiyki, hajda Allohdan o‘z xalqiga hurriyat so‘rash safarning asosiy sababi edi.
Biz o‘sha davr gazetalari sahifalaridan fikrimizga asos topdik. Muborak haj safari ahamiyati haqida uning safdoshi Sadriddin Ayniy shunday yozadi: “Hijoz safari Mahmudxo‘jag‘a ko‘b bilmayturgon narsalarini o‘rgatgan, ko‘b ibratlar olg‘on. Borish-kelishda har sinf kishilar bilan ko‘rushgan va fikr olishgan. Mahmudxo‘ja Hijoz safaridan so‘ngra go‘yo dunyog‘a yangi kelgandek bo‘lub, Turkistonning ilmiy va ijtimoiy ishlarig‘a boshqa ko‘z, boshqa bir o‘lchak bilan qarag‘on” (Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining qisqacha tarjimai holi // «Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1920 yil 8 aprel).
“Hijoz safaridan so‘ngra go‘yo dunyog‘a yangi kelgandek” o‘xshatishi har bir hojiga munosib ko‘rilishi mumkin, biroq “Turkistonning ilmiy va ijtimoiy ishlarig‘a boshqa ko‘z, boshqa bir o‘lchak bilan qarag‘on”ini barchaga birdek qo‘llab bo‘lmasligi kundek ayon. Qolaversa, dunyoqarashining kengayishi va fikrining o‘zgarishiga u ko‘rgan mamlakatlar ahvoli, safar davomidagi voqea-hodisalar, qo‘lga kiritgan ma’lumotlari, gurunglar, taassurotlar ham katta rol o‘ynagan.
Ba’zi tadqiqotchilar e’tibor bermagan sakkiz oylik sayohat davrida Behbudiy ozodlik uchun kurash yo‘llarini qidirdi. Dunyo tarixini, o‘z o‘tmishimizni, uning eng yorqin sahifalarini varaqladi. Bobolarimizning dunyo ilmi, madaniyatiga qo‘shgan hissasidan, ular qurib ketgan madrasayu minoralardan hayratlandi. O‘z davrining ham diniy, ham dunyoviy ilmlarini puxta o‘rgandi. Jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalar, jumladan, urushlar va ularning sababi, mohiyatini millat manfaati nuqtai nazaridan tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazdi. Shu bilan birga tariximizning tanazzul bosqichlari, sabablarini taftish qildi, bu masalalar borasida Hoji Baqo, Ho‘qandboy Abduxoliq o‘g‘li, soatchi Badriddin singari dunyoqarashi keng insonlar bilan munozara o‘tkazdi. Ana shu bahslar, fikr almashuvlar natijasida xulosalar chiqarib, Chor Rossiyasi davrida Turkistonning mustamlakaga tushib qolganligi sababini birinchi bo‘lib matbuotda chop ettirdi va Turkistonni ozod qilish bo‘yicha rejalarini ishlab chiqdi.
- “Yashasun, Turkiston muxtoriyati!”
1917 yil fevralda oqposhsho Nikolay Romanov taxtdan tushirildi. Muvaqqat hukumat tuzilib, Rossiya siyosatchilarini birlashtirgan partiyalar hokimiyat uchun kurashga kirishdilar. Bu tarixiy lahzalarni Turkiston jadidlari hurriyat nasimlari sifatida qabul qildilar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy ham yeng shimarib, ishga kirishdi. “Xudoyi taolo bizga hurriyat berdi. Diniy va milliy islohot va taraqqiyimiz uchun harakat va say’ etmoqg‘a yo‘l ochiqdur” (Muhtaram Samarqandiylarg‘a xolisona arz // «Hurriyat» gazetasi, 1917 yil 13 may).
“Ittifoq” jamiyati (partiyasi) faoli sifatida bu hurriyat ne’matidan unumli foydalanish zarurligini, “qadima ig‘vo va fasodni” unutib, birlashib harakat qilmoq lozimligini muntazam da’vat etib turdi. Muvaqqat hukumat davrida vaqtinchalik hurriyatga erishgan xalqni parokanda qilishga bo‘lgan fitnalar va uning kelajakdagi fojialaridan ogoh etib yuqorida ta’kidlangan, shuningdek, “Ittifoq kerak”, “Bayoni haqiqat”, “Qozoq qarindoshlarimizg‘a ochiq xat” kabi maqolalarini yozdi, siyosiy ishlar, jumladan, saylovlarda ishtirok etib, xalqni birlashishga chorladi.
1917 yil yozida (oktyabr to‘ntarishigacha hali to‘rt oycha vaqt bor) Rossiya o‘z muammolari bilan ovora bo‘lib turgan davrda Behbudiy Turkiston xalqlari kelajagini o‘ylab yangi taklif bilan chiqadi: «Biz istaymizki, butun Rusiya musulmonlari muxtoriyat (federatsiya) usuli yuzasidan tirikchilik qilsunlar... Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qo‘shilgan holda... Turkiston hukumati ta’sis etsak, o‘zimizni majlisi mushovaratimiz (parlamentarizm) bo‘lsun» (Bayoni haqiqat. «Ulug‘ Turkiston» gazetasi, 1917 yil 12 iyun).
Mahmudxo‘ja Behbudiy huquqlari teng fuqaroli mamlakatning qonun chiqaruvchi parlamenti va undagi a’zolar sonidan boshlab, mahalliy va nomahalliy a’zolar sanog‘igacha o‘z fikriga ega edi.
Parlamentdagi o‘rinlarni har bir millatning sonidan kelib chiqib taqsimlanardi. Tabiiyki, turkistonli bo‘lmaganlar juda oz joyni olishardi. Ularning orasida, albatta, ruslar ham bor edi: «Samarqand shahrining rus va musulmon xalqidan 60 nafar kishi saylanib balada (shahar – H.S.) idorasig‘a ish qiladilar va ul nafarlar, albatta, xalqning nufus va adadig‘a qarab bo‘linur. Masalan, nufusg‘a taqsim qilganda mazkur adadlarni 15 nafari ruslardin, bir necha nafari yahudiylar bo‘lur. Sababi shulkim, biz ko‘bdurmiz. Zamoni hozira va adolat shuni talab qilur» («Ittifoq kerak» // «Hurriyat» gazetasi 1917 yil, 3 iyun).
Bu taklifga birinchi bo‘lib chorizmdan qolgan «burjuylar» emas, «morozovchilar», ya’ni bo‘lg‘usi shovinist bolsheviklar qarshi chiqadilar. Ular Behbudiyning adolatli hisob-kitobidan xato topa olmaydilar. Biroq uning takliflarini «shoshqaloqlarcha» berilgan, deya e’tiroz bildiradilar. Shuningdek, o‘zlarining har jihatdan ustunliklarini ko‘rsatib, shunday xulosa yasaydilar: «Musulmonlar o‘zlarini boshqarishda hali ruslardan ko‘p o‘rganishlari kerak. Dumada ishbilarmon, uddaburon, mehnatsevar kishilar o‘tirsa, unda turli jamiyat va siyosiy guruh talablarini yoqlaydigan kishilar bo‘lsa, shaharda ishlar yaxshi ketadi. Bunday guruhlar ruslarda ko‘p bo‘ladi, musulmonlarda esa bo‘lmaydi... Fikrimizcha, agar musulmonlar va mahalliy yahudiylar saylovchilarning yarmini yuborib, ikkinchi qismini mahalliy bo‘lmaganlarga qo‘yib berishsa ish ravnaqi uchun foyda va haqqoniylik buzilmagan bo‘ladi» (Qarang: Samarkand 27 iyunya // gazeta «Samarkand’», 30 iyunya 1917 g.).
«Morozovchilar»ning fikricha, musulmonlar shu zamin uchun begona bo‘lganlarga dumadagi 50 foiz joyni ajratib berishlari kerak, aks holda... Mana sizga «chor Rossiyasining kirdikorlarini, mahalliy amaldorlarning xalqqa nisbatan adolatsizliklarini ayovsiz fosh qilgan» bolsheviklarning shovinistlarcha chiqargan «adolatli» xulosalari.
Behbudiy 72 kun umr ko‘rgan Turkiston muxtoriyati tarkibiga kirgan siyosiy arbob bo‘lganligi tarix zarvaraqlarida yozilgan. “...1917 yilning 26-29 noyabrida Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lka musulmonlari qurultoyi chaqirildi. Qurultoy o‘tkazish uchun boshlangan joy tasodifiy emasdi. Bundan ancha ilgari, 1917 yil mart oyida Toshkentda Turkiston musulmonlari qurultoyi o‘tkazilib, Turkiston musulmonlari sho‘rosi milliy markazini saylagan edi. Unga O‘rta Osiyoning hamma mintaqalaridan vakillar kirgandi. O‘sha paytda Turkiston o‘lkasining ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblari – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Nosirxon To‘ra, Muhammad Tinishboyev, O‘roz Sardorlar milliy markazda edilar” (Ibrohim Karim. Madaminbek. T.:“Yozuvchi”, 1993).
Behbudiyning o‘ziga murojaat qilamiz: “3-siyezd noyabr oyida Toshkentda yana “Ulamo jamiyati” tarafidan barpo bo‘ldi. Bu bolshevik harakati qo‘zg‘olg‘oni edi. Samarqand va hukumati Turkiston Xo‘qandda qizg‘in muzokaralar bo‘lib, oxiri kaminaning taklifim ila duma shu qarorni chiqarib «Ulamo jamiyati»ga boraturg‘on vakillarga ushbu qarorni berdi:
“Turkiston hukumati bolsheviklar qo‘linda bo‘lmay, balki xaloyiq qo‘linda bo‘lsun. Ba’zi musulmon va ruslardan ham soldat-ishchilardan o‘ttiz nafar, yahudiy va armanidan ikki nafar, jami’ 32 nafar kishi Turkistondan saylanib, Turkiston hukumatini idora qilsun va qonunlar chiqarmoqqa haqli bo‘lsun” (“Hurriyat” gazetasi, 1917 yil, 19 dekabr).
E’tibor bergan bo‘lsangiz, Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonni boshqarish bo‘yicha kutilmagan taklifni ilgari suradi. Ma’lumki, u muftilik, qozilik vazifalarida ishlagan, demak, shariat ilmining bilimdoni bo‘lgan. Ana shu dindor inson o‘zi orzu qilgan ozod yurtda parlament – Millat majlisini tashkil etish, har bir hududning o‘ziga xosligi inobatga olingan qonunlar tuzish niyatini bildirgan.
Ozodlikka bo‘lgan intilishini, uni kutganligini «Turkiston muxtoriyati» sarlavhali maqolasidagi birgina ko‘chirmadan bilib olishimiz mumkin: «27 noyabrda Ho‘qandda Turkiston muxtoriyati Umumiy musulmon siyezdida e’lon qilindi. Muborak va xayrli bo‘lsun! Kamina ham majlisda bo‘lish uchun iftixor etaman. Yashasun, Turkiston muxtoriyati!» («Hurriyat» gazetasi, 1917 yil, 19 dekabr).
Behbudiy shu tarixiy majlisda ishtirok etganidan faxrlanishini aytmoqda. Shu bilan birga xavotirini ham o‘tinib tushuntirmoqda:
“...Shundoq bilmoq kerakki, butun Turkiston xalqi ittifoq etsa, qon to‘kilmas. Yer va amlok ham taqsim bo‘lmay qolur. Din ham rivoj topur. Ming karra dodu bedodlik ixtilof etmoq uchun ittifoq etganmiz va ixtilofimiz sababi ila badbaxtliqg‘a duchor bo‘lurmiz. Butun Turkiston ittifoq etsa, 15 miliyunlik bir quvvat ummong‘a kelurki, shunga yer titraydur. Agar so‘zumni fahmlatolgan bo‘lsam o‘zimni baxtli hisoblardim” (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Turkiston muxtoriyati//“Hurriyat” gazetasi, 1917 yil, 22 dekabr).
Behbudiy voqea-hodisalar, avomning ahvolini bilib, ichki kelishmovchiliklar natijasida 15 million aholining birikmasligi badbaxtlikka olib kelishi mumkinligidan ogoh etayotgan donishmand davlat arbobi sifatida ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Afsuski, 1918 yilning fevralida Turkiston muxtoriyatini qonxo‘r bolsheviklar toptab tashladilar...
Behbudiy Qo‘qondagi voqealardan tushkunlikka tushsa-da, millat manfaati yo‘lida tinmay xizmat qilganini rasmiy vazifalarda, jumladan, Samarqand Musulmon sho‘’rosi Samarqand maorif komissarligiga saylanganda jonbozlik ko‘rsatadi. Qiyin ocharchilik davridan o‘tish uchun yugur-yugur qilib, tanish siyosatdonlar bilan kelishib, Hindistondan arzon narxda g‘alla keltirishga muvaffaq bo‘ladi.
Musulmon maorif qurultoyi (s’yezdi) Behbudiydan Butunturkiston maorif komissarligini, bugungi til bilan aytganda maorif vazirligini qabul qilishini so‘raydi. 1918 yilda bolsheviklar undan qutulish uchun Afg‘onistonga Sho‘ro hukumati nomidan elchi qilib yuborish harakatiga tushadi. Behbudiy siyosiy o‘yinni anglab, e’tiroz bildiradi, albatta. Biroq bu uning Turkiston siyosiy doirasida munosib o‘rni bo‘lganligini ko‘rsatadigan beqiyos dalildir.
Behbudiy umrining oxirigacha ozodlik uchun kurashdi. Turkiston bolsheviklar qo‘liga o‘tib, ularning zulmi kuchaygach, 1919 yili davrning ziyolilari til biriktirib – Behbudiy boshchiligidagi birinchi guruh Qarshi yo‘li orqali, Munavvar qori rahbarligidagi ikkinchi guruh Orenburg orqali Antanta davlatlaridan yordam so‘rash uchun yo‘lga chiqadi. Munavvar qori guruhi chegarada qo‘lga olinib, ortga qaytariladi, Behbudiy va hamrohlari esa bolsheviklar fitnasi bilan taxminlarga ko‘ra, Qarshi shahrida qatl etiladi, lekin dafn etilgan joyi haligacha noma’lumligicha qolmoqda.
Behbudiyning 1919 yili shahid bo‘lganligi ma’lum bo‘lgach Turkistonning faol yoshlari u haqida otashin xotiralar, ash’orlar bitib nolalar chekishgan. Bir qayg‘uli marsiyalarki, davr matbuoti qatlarida manguga muhrlangan:
Amalimning yulduzikim, ko‘z tikdi
Qora, jirkanch o‘lim koni yerlarga.
Savol berdim: “Yo‘qotganim qayda?” deb,
O‘zimni ham yutmoq bo‘lgan erlarga...
(Cho‘lpon)
* * *
Sani mundin buyon Turon ko‘rolurmu, ko‘rolmasmu?!
Saning mislingni Turkiston topolurmu, topolmasmu?
...Vatan avlodi yod etdi, sani hurmat-la shod etdi,
Va lekin intiqomingni ololurmu, ololmasmu?
(Sadriddin Ayniy)
* * *
O‘zini Behbudiyning ma’naviy o‘g‘li deb bilgan samarqandlik jadid Vadud Mahmudning qoldirgan fikri diqqatga sazovordir:
“Mahmudxo‘ja Behbudiy kim edi...(Avval kim edi)?
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston degan o‘lkaning boshlig‘i edi.
Mahmudxo‘ja Turkistonning yo‘lboshchisi edi.
Mahmudxo‘ja o‘zining Turkiston bolasi ekanligini tushungan bir yigit edi. Shuning uchun u bizga, Turkistonga har narsa edi. Mahmudxo‘ja Turkistonning yangilik davri tarixinda yorug‘ bir chirog‘ edi. Mahmudxo‘janing oti Turkiston tarixida ziynatlik mumtoz o‘run olishga munosib bir otdir”.
Boshqa ishlari ozodlik g‘oyasiga xizmat qildi
Ta’lim. Behbudiy ozodlikka erishishdan avval yurtni mustaqil boshqara oladigan, milliy qadriyatlarini asragan holda rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadigan avlodni tarbiyalash zarurligini anglab yetdi. Bu yo‘lda u o‘z davrining barcha ta’sirchan vositalaridan imkon doirasida foydalandi.
Avvalo, orzudagi avlodni tarbiyalash uchun 1903 yildan yangi maktablar tashkil eta boshladi. Ona tilida o‘qitiladigan yangicha darsliklar yaratish ishiga kirishdi. Samarqand shahri yaqinidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlaridagi yangi maktablar uchun «Risolai asbobi savod»(1904), «Risolai jug‘rofiyai umroniy»(1905), «Risolai jug‘rofiyai Rusiy»(1905), «Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy»(1906), «Kitobat ul-atfol» (1908), «Amaliyoti islom»(1908), «Tarixi islom»(1909) kitoblarini yozib, chop ettirdi. Shu bilan birga geografiya va tarix fanlari uchun xarita tayyorlab, bosmadan chiqaradi.
Yana bir muhim masala - yangi fanlardan dars beradigan muallimlarni tarbiyalash ham uning diqqat markazida bo‘ldi. “Ulamo tarbiyaxonasi maktab va madrasadir. Agarda o‘shal maktab va madrasada muallim va mudarrislari olim bo‘lsa va shogirdlarig‘a ko‘ngli ilan ta’lim bersa, albatta, ilm hosil qilar. Agarda muallimni(ng) o‘zi, hozirgi aksar maktabdor va mudarrislardek, kamhafsala va yoinki kam ilm bo‘lsa, yoinki ilmi bo‘la turub, usuli tahsildan xabarsiz bo‘lsa, oni shogirdlari nodon qolur” (“Tujjor” gazetasi, 1907 yil 29 oktyabr).
Bu fikrlari bilan oliy ma’lumot beradigan madrasalar islohiga ham alohida e’tibor qaratilishi lozimligini ta’kidladi. “Sukut saqlab yuraversak, besh-o‘n yildan keyin yanada nodonroq bo‘lib qolamiz, xor bo‘lamiz. Shuning uchun ham jim yurishimiz yetar! Diniy madrasa va maktablarimizni isloh etaylik!” (o‘sha manba).
Adab. XX asr boshlarida adiblarni to‘g‘ri tarbiyalab, ularning qo‘liga qalam tutqazish, adabiyot orqali o‘zlikni anglashga va oqibat xalqni ozod bo‘lishga da’vat etish jadidlarning orzularidan edi. Adabiyotshunoslar Behbudiyni milliy dramaturgiyamiz asoschisi deb bilishlarini yuqorida aytdik. Biroq uning jadid hikoyachiligining yo‘nalishini belgilashda ham ilk mashqi bilan yosh adiblarga namuna bo‘lgani, ularga murojaat qilganiga tarix guvohlik bermoqda. 1909 yil avvalida yozilgan mazkur hikoya “Oq yelpog‘ichli chinli xotun” deb nomlanadi. Adib unga “Tasodif” degan kirish so‘zi va so‘ngso‘z o‘rnida “Intiho” deb nomlangan izoh yozgan. Hikoya asosini dunyo kezayotgan faylasufning qabristondagi hali tuprog‘i qurimagan yangi qabrni oq yelpig‘ichi bilan yelpiyotgan juvonni uchratishi va bu notabiiy harakat sinoatini topishga intilish tashkil etadi.
Matbuot. Yana bir ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy “Samarqand” gazetasining o‘z davridagi ahamiyati haqida “Elu xalqning ko‘zini ochishga bois bo‘ldi”, deb yozgandi. Mahmudxo‘ja Behbudiy noshirligi va muharrirligida chop etilgan mazkur nashr haqiqatan ham milliy matbuotimiz tarixida betakror o‘rin egallaydi.
Bu haqda Sadriddin Ayniy yozib qoldirgan: “1908nchi yildan o‘z idorasinda biron gazeta chiqarmoq fikrig‘a tushub, 1913nchi yil aprel oyinda bu maqsadig‘a yetishub “Samarqand” gazetasining bir necha raqamini chiqarishga muvaffaq bo‘lg‘on” (Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining qisqacha tarjimai holi // «Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1920 yil 8 aprel) deb yozadi, arxivdagi (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, 18-fond, 1-ro‘yxat, 8752-ish) ma’lumotlar ham bu fikrlarni isbotlaydi. Shu o‘rinda yozilgan arizalarda Mahmudxo‘ja Behbudiyning imzolari saqlanganligini ta’kidlash joiz.
“Oyna” xalqni uyg‘otish... uchun yaxshig‘ina xidmat etdi”, degan ta’rif Behbudiyning shogirdi Hoji Muin qalamiga mansub. Abdulla Avloniy esa «bu jurnal «Oyna» chiqquncha chiqqon jurnallarning eng birinchi va yaxshisi edi», deya baho bergan. Jurnal sahifalari davrning yangicha yashashga ishtiyoqmand, ozodlik orzusida ziyolilar uchun fikr aytish maydoniga aylanadi.
Xulosa shulki, Mahmudxo‘ja Behbudiyga yurtni ozod qiladigan avlodni tarbiyalash maqsadida shaxsiy mol-mulklarini tikib (Baxshitepadagi bog‘i), maktab qurib, darslik yozib, jadid adabiyotini yaratib, gazeta-jurnal chiqargan, vaqti kelganda ozodlik uchun kurashgan, bu yo‘lda jonini qurbon qilishdan ham cho‘chimagan BUYuK ShAXS edi.
Ammo joriy yil (yanvar oyida bo‘lishi shart emas) Fitrat, Qodiriylarni tarbiyalagan ulug‘ bobomiz tavalludining 145 yilligi munosib nishonlanarmikan?..
Muhtaram Erkinjon Oqbo‘tayevich! Siz, avvalo, hukumat a’zosi hisoblanasiz. Shu bois Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik yubileyini respublika miqyosida nishonlash bo‘yicha hukumatga taklif kiritishingizni so‘raymiz.
Taklifda, birinchi navbatda, Behbudiy o‘limidan keyin bolsheviklar tortib olgan “Reshetnikov, 7”, ya’ni “Samarqand” gazetasi, “Oyna” jurnali tahririyati xodimlari faoliyat ko‘rsatgan uy tarixiy muzeyga aylantirilsa. Istiqlol davridagi ko‘plab murojaatlar Abdulla Qodiriy uy-muzeyi kabi turli bahonalar bilan ortga surildi. U yerda aloqachilarning daqqiyunusdan qolgan bir-ikkita “ahamiyatga ega bo‘lgan” kabellari bor emish, degan da’voni eshityapmiz doimo.
Shuningdek, Behbudiyning “Padarkush” asari sabab tashkil etilgan kun – O‘zbekistonda teatr kuni sifatida nishonlansa.
Toshkentda matbuot sohasida, Samarqandda siyosiy-ijtimoiy fanlarga, Qarshida adabiyotga ixtisoslashgan Behbudiy ijodiy maktablari tashkil etilsa.
Samarqand viloyat hokimligi muassisligidagi “Zarafshon” gazetasining asoschisi va birinchi muharriri sifatida Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlansa.
Kutubxonalardan biriga “Behbudiya kutubxonasi” nomi berilsa, yangi qurilayotgan ko‘chalarga nomi qo‘yilsa... uning xizmatlari davlat miqyosida tan olingan bo‘lardi, nazarimizda.
Qolaversa, Farmon Toshev, Nusrat Rahmat singari Samarqandning jonkuyar ziyolilaridan ham jo‘yali takliflar chiqishi, shubhasizdir.
Erkinjon aka, agar Sizning tashabbusingiz bilan savobli ishlar amalga oshsa, Behbudiy bobomizning ruhlari shod bo‘lardi, tarixiy haqiqat tiklanardi.
Qimmatli vaqtingizni olganim uchun uzr aytib, mas’uliyatli faoliyatingizga Allohdan madad so‘rab, hurmat bilan
Halim SAYID,
“Mehnat shuhrati” ordeni,
“Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori.
(Ushbu maqola "Zarafshon" gazetasining bugungi - 2020 yil 7 yanvar, 2-sonida chop etildi).