Mahmudxo‘ja Behbudiy va maorif
Jadidchilik harakatining sarvari Mahmudxo‘ja Behbudiy zamon va makon xohish irodasi va talabi bilan ma’naviyat sahnasiga chiqqan va o‘chmas iz qoldirgan siymodir. U o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy harakatlarida faol qatnashgan yirik namoyandasi, yangi zamon o‘zbek adabiyotining asoschilaridandir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yilning 19 yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxo‘ja Solixxo‘ja o‘g‘li turkistonlik, ona tomondan bobosi Niyozxo‘ja urganchlik bo‘lib, 1880 yillarda Samarqandga kelishgan.
O‘tgan asr boshlarida zamonaviy maktab g‘oyalarini targ‘ib qilish, keng omma oldiga olib chiqish anchayin mushkul zamonda Mahmudxo‘ja Behbudiy singari jadidlarimiz o‘z hisoblaridan maktablar ochdi. Yosh avlodni savodli qilish, haq-huquqlarini bilish, dunyo hamjamiyati sahnasiga olib chiqish yo‘lida xizmat qildi.
Aytishlaricha, ko‘hna Samarqandning Namozgoh jome masjidi atrofida Mahmudxo‘ja Behbudiy ajdodlariga qarashli keng va obod bog‘ bo‘lgan. Katta hududdagi olmazor va tokzorga, albatta, Samarqandning iqlimi ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Bog‘dan kelgan daromadni Mahmudxo‘ja samarqandlik bolalar uchun darsliklar olish, yangi maktab qurilishi va zarur jihozlar bilan ta’minlash uchun sarf qilgan.
«Usuli jadid» , «Usuli savtiya» nomlari bilan shuhrat topgan maktablar uchun adabiyot, jug‘rofiya, islom tarixi kabi darsliklar yozgan. Maktablarda she’r va maqolalar, sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirishga, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishga urindilar. Zamon talabiga mos ravishda Turkiston musulmonlarining sha’nu-sharafini himoya qildilar. O‘sha tahlikali zamonda Mahmudxo‘ja Behbudiy yozadi: «Yangi maktab va muallimlari va anda o‘qilaturg‘on maktablarni ma’nan taftish etish, andagi nuqsonlarni bayon etmoq tanqiddir. Taaruz (xujum)
Va dushmanlik emas, agarda shaxsiyatga tukunmasa…»
Tarixdan ma’lumki, bosqinchi tomon ma’lum bir hududni bosib olish, hukmronlik qilish, boyligini talash uchun avval shu hududdagi ilmli, milliy taraqqiyotni o‘ylaydigan kishilarni yo‘q qilgan. XX asr oxirlarida, xususan, 1868 yilda Samarqandga ham hujum qilgan rus qo‘mondonlarining asosiy maqsadlari mahalliy xalqni talashdan iborat bo‘lgan. Buning uchun esa xalqning tilini, tarixini, dinini yo‘qotishga harakat qilingan. Soxta va’dalar, soxta pullar, soxta amallar orqali xalqni aldab o‘z hududlarini kengaytirishgan. Mahalliy xalq zamonaviy va mustahkam qurollangan rus qo‘shinlariga qarshi ketmon, belkurak, shu bilan birga mustahkam iroda, g‘animlarga qarshi buyuk nafrat bilan kurashga otlanishgan. Bunday to‘qnashuvning oqibatini oldindan seza olgan Mahmudxo‘ja Behbudiy «maktablarda o‘qituladirg‘on kitoblar»ni ma’nan taftish qildi.
Minglab yillardan beri o‘z turmush tarzi, madaniyati, milliy-urf odatlariga ega bo‘lgan xalqni «madaniylashtirish» uchun yangi « tuzemniy» maktablar ochildi. Boshqacha tahsil olishni xohlovchi o‘quvchilar ongiga yangi usuldagi diniy va dunyoviy bilimlar singdirila boshlandi. Maktab va o‘quvchilar taqdiri kelajakda nekbaxtlik va go‘zal amallar va’da beradigan missionerlar qo‘liga topshirildi.
«Bu maktablarga zoxiran musulmon muallimi tayin yetib, anga 15 so‘mdan 25 so‘mgacha vazifa berardilar. Albatta, bu pulga hech muqtadir kishi muallimlik qilmas edi. Digar tarafdan xufya prikazlar ila bu maktablardagi musulmon bolalarini oz ta’lim bermog‘ga va baqadriimkon amrini zoix va o‘zini hayvon qilmoqqa farmoyish qiladilar», deb kuyinib yozadi Mahmudxo‘ja Behbudiy.
XX asr oxirida bir hisori qo‘yning narxi 20-30 so‘m, bir kiyimlik «ipaklik atlas a’lolari» 2 so‘mdan 30 so‘mgacha bo‘lganini hisobga olsak, muallimlarga berilayotgan oylik tayinlari ma’lum bo‘ladi.
Rossiya Muvaqqat hukumatining Turkiston komissari Kuropatkinning so‘zlariga ko‘ra o‘lkani qo‘ldan bermaslik, tabiiy va moddiy boyliklariga to‘la hukmron bo‘lish uchun bor kuch-g‘ayratlarini ishga soldi. Mustamlakachilar aholini 50 yil ma’rifatdan chetda saqlab keldi. Xalq orasida turli ig‘vo tarqatib, o‘zaro birdamlikni buzdi. Xalqning birlashishiga, ittifoq bo‘lishiga tusqinlik qildi.
Asr boshida Toshkent, Farg‘ona, Samarqand shaharlarida yangi maktablar tashkil topdi. Ibrat, Munavvarqori, Avloniy, So‘fizoda, Saidrizo Alizoda nomlari tilga tusha boshladi.
Behbudiy 1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi qishlog‘ida domla Siddiqiy, Rajabamin qishlog‘ida ustoz Shakuriy bilan hamkorlikda maktablar tashkil qiladi. Yangi maktablar uchun dunyoviy darsliklar tuzishga kirishadi. 1904 yilda «Risolai asboi savod», 1905 yilda «Risolai jug‘rofiyai umroniy», «Risolai jug‘rofiyai Rusiy», 1908 yilda «Kitobat-ut atfol», «Amaliyoti islom» , 1909 yilda «Tarixi islom» kabi kitoblari paydo bo‘ladi.
1903 yilda Halvoyi qishlog‘ida qurilgan maktab binosi hozir ham saqlanib kelmoqda. Shakuriy maktabini esa Behbudiy 1908 yilda Samarqanddagi o‘z hovlisigi ko‘chirib kelgan.
«Samarqandiy Mullo Abdulqodir shahardan uch chaqirim tashqaridagi o‘z hovlisida usuli jadid maktabi ochgan ediki, bolalarning shahardan borib kelishi ko‘p mushkulligi uchun man, roqimi xurif Mahmudxo‘ja mufti janob baland darajalik Samarqand gubernatori va politsmeysterini olib borib, ko‘rsatib va shaharga o‘z hovlimga ko‘churib keldim», deb yozadi Behbudiy.
Bu haqda o‘lkadagi ilk «Samarqand» gazetasining ikkinchi sonida maqola chop etilgandan keyin samarqandlik boylar Mullo Muhammad Rahimboy, Mullo Jo‘raboy va boshqalar mablag‘ ila qo‘shish qiladilar. Kimdir aqcha, kimdir joma…
Ma’lumki, 1899-1900 yillarda Behbudiy buxorolik ziyoli Hoji Baqo bilan haj safariga chiqadi. Baytulloga Kavkaz, Istanbul, Misr davlatlarini ziyorat qilib boradi. Bu safar hijriy sananing 1318 yilida boshlangan bo‘lib, sakkiz oy davom etadi.
Sayohat davomida «Qasdi safar» asarlarini yozib, har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va albatta maktab hayotini o‘rgandi. Isloh qilib, yangi maktab haqidagi qarashlarini mustahkamlaydi.
Ayniqsa Yevropada boshlangan va Rossiyada davom etgan jadidchilik harakatini o‘rganish, Turkistonda ham yangi yunalishdagi maktab, maorif, madaniyatni targ‘ib qilish maqsadida Ismoilbek Gaspirali ishini davom ettiradi. 1903-1906 yillarda Moskva, Sankt-Peterburg, Nijniy Novgorod, Ufa, Qozon shaharlarida bo‘lib, turmush va madaniyat muammolariga bag‘ishlangan qurultoyda ishtirok etadi, nutq so‘zlaydi.
Rostovda musulmonlarning maktablari faoliyatini o‘rganadi. Bizda ham maktab faoliyatini takomillashtirish borasida maqolalar yozadi. «Muntazam ravishda rasadxona, kimyoxona, tashrix va jarrohi va hikmat xonalari bordur». Anglash mumkinki, maktablarda diniy ta’lim bilan birgalikda dunyoviy ilm ham berilishiga katta e’tibor qaratilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning safdoshlari mamlakat aholisini o‘qimishli qilish, haqlarini tanish, bobolardan meros muqaddas tuproq dushman qo‘lida toptalmasligini xohladi, mard o‘g‘lonlar, dilbar qizlar ko‘zlarida ma’yus nigohni ko‘rishni istamadi. Afsuski, ana shu hidoyatkorona fikrlari va so‘zlari uchun hukumatga yoqmadi.
1919 yilning 25 martida Behbudiy Qarshi cho‘llarida qo‘lga olinadi. Doimiy kurashlardan iborat hayoti dahshatli yakun topayotganini sezgan Behbudiy vasiyat yozadi: «Sizlarga vasiyat qilaman. Maorif yulida ishlaydurg‘on muallimlarning boshini silangizlar!»
Dilafruz RAHMATOVA.