Mahsulotlarni konservalashning 3 ming yillik tarixi

Yoxud bugun uning qanday usullaridan foydanyapmiz?

Oziq-ovqat mahsulotlarini maxsus usulda buzilmaydigan qilib, yopiq idishlarda saqlash – konservalash insoniyatning eng qadimiy an’analari sirasiga kiradi. Misol uchun, go‘sht va baliq uzoqroq saqlanishi uchun asosan quritilgan. Bunda xomashyo to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyoshda quritilgan va charm qoplarda saqlangan. Boshqa oziq-ovqat yoki meva-sabzavot mahsulotlari esa maxsus idishlarga shibbalab, sovuq xonalarga joylangan yoki yerga ko‘milgan.

Konservalashga oid ilk ashyolar qadimgi Misrda topilgan. Fir’avn Tutanxamon qabrini qazish paytida arxeologlar qatron bilan muhrlangan idishlarda zaytun moyi surtilib balzamlangan, qovurilgan o‘rdak go‘shtini topishgan. Ajablanarlisi, o‘rdak 3000 yil davomida o‘z oziq xususiyatini saqlab qolgan.

Hozirgi konservalash uslubiga yaqin ilk tajribani fransuz oshpazi va qandolatchisi Nikolas Fransua Appert amalga oshirgan. U bakteriyalarni issiqliq orqali yo‘q qilishga kirishib, go‘sht, baliq, meva va sabzavotlarni shisha idishga joylaydi, sho‘r suvli eritmada qaynatadi. Sakkiz oy o‘tgach, Apper shisha idishlarni ochib, mahsulot buzilmaganiga guvoh bo‘ladi.

Davrlar o‘tishi bilan konservalangan mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlandi, turlari ko‘paydi.

Uyda tayyorlangani boshqacha

Oziq-ovqat va sabzavot mahsulotlarini konservalash va saqlash bugungi zamonaviy dunyoda ham muhim rol o‘ynaydi. Chunki biz hozir iste’mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining 30 foizidan ortig‘i konservalanadi. Zamonaviy texnologiyalar turli xil yangi konservalangan mahsulotlarni ishlab chiqish imkoniyatini kengaytirmoqda. Shunga qaramasdan, odamlar uyda tayyorlangan “marinovka", kompot va salatlardan ko‘proq foydalanishmoqda. Sababi uy bekasi mavsumiy mahsulotlarni konservalashda yangi uzilgan va saralangan sabzavot va rezavorlardan foydalanadi. Sanoat konserva mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar esa har doim ham bu bilan maqtana olmaydi.

Uy sharoitida murakkab texnologiya shart emas – yopgich, banka va qopqoq bo‘lsa kifoya. Qarabsizki, sevib iste’mol qiladigan mahsulotdan yil davomida bahramand bo‘lasiz. Qishning ayozli kunlarida ham pomidor, karsillagan bodring yoki baqlajon ikrasi, murabbo va kompotlar bilan oila a’zolaringizni siylaysiz. 

Oila byudjetiga foyda

“Banka yopish" avvalo, oila byudjetini tejaydi. Bir litrlik bankada yopilgan pomidor misolida ko‘radigan bo‘lsak, do‘konlarda uning narxi o‘rtacha 22-25 ming so‘m. Endi uyda tayyorlaganda bunga qancha mablag‘ ketishini hisoblaymiz: yarim kilogram pomidor (1 kilogram pomidor narxi 4,5-5 ming so‘m), qopqoq – 800 so‘m, ziravorlarga 2 ming so‘m ajratsak, 5-6 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Demak, har bitta bankadan qariyb 10-15 ming so‘m tejaladi.

Konservalashda ehtiyotkorlik muhim

Sabzavot va mevalarni qayta ishlash jarayonida tarkibidagi foydali moddalar yo‘qolmaydi, hatto ba’zi shifobaxsh xususiyatlari ortadi. Jarayonda oqsil, uglevodlar, organik yog‘, yog‘ kislotalari (omega-3 va omega-6), kaliy, magniy, kalsiy, fosfor va temir kabi mikroelementlar sifat va oziq qiymatini saqlab qoladi.

Issiqlik orqali ishlov berilgan meva va sabzavot sharbatlarida qimmatli modda – pektin mavjud. Bu tanadan og‘ir metallarni organizmdan chiqarishga yordam beradi, deydi mutaxassislar. Ishlov berilgan mahsulotlarda tez eruvchan, organizmga ta’sir qiluvchi (hujayra bo‘linishi, o‘sish va rivojlanish jarayoni, metabolizm va ko‘rishni yaxshilovchi) A, D, Ye, K vitaminlari yaxshi saqlanadi.

Yana bir muhim jihati, konservalangan mahsulot tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish zarur. Buning uchun meva va sabzavotlar, idishlarni yaxshilab yuvish, sterillash. Yopilgan bankalarni chappa qilib qo‘yish, salqin va qorong‘i joyda saqlash konservalashning "oltin qoidasi" sanaladi. Shuningdek, "marinovka" tayyorlashda xavfli mikroblarga qarshi, albatta sirkadan foydalanish tavsiya qilinadi.

Gulnora XOLDOROVA.