Maishiy gaz ballonlardan foydalanishda xavfsizlikva yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qiling
Keyingi paytlarda fuqarolar tomonidan maishiy gaz ballonlardan foydalanish jarayonida xavfsizlik va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasliklari natijasida yong‘inlarning kelib chiqishi, ushbu yong‘inlarda fuqarolarni tan jarohati olishi holatlari kuzatilmoqda.
Buning asosiy sababi - aholining maishiy gaz ballonlardan noto‘g‘ri foydalanishidan kelib chiqmoqda.
Gap shundaki, yong‘inning paydo bo‘lishi maishiy gaz ballonlaridan gazning sizib chiqishi yoki ballonlarning portlashidan kelib chiqadi. Bu fuqarolarning loqaydligi va bu borada yetarli ko‘nikmaga ega emasligidan dalolat beradi.
Ma’lumki, suyultirilgan uglevodorod gazlar tarkibida bir necha xil toksin moddalari mavjud. Bulardan asosiysi serovodorod moddasi bo‘lib, u har yili maishiy gaz ballonlarning 0,1 mm qatlamini yemirib boradi. Shuning uchun ballonlardan foydalanish muddati Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 11 noyabrdagi 326-sonli qaroriga muvofiq, 15 yil deb belgilangan. Mazkur qarorga asosan ushbu ballonlar har ikki yilda sinovdan o‘tkazilib, ta’mirlanib turilishi shart. Lekin ba’zi maishiy gaz ballonlari ishlab chiqarilganiga 30-40 yil bo‘lganligiga qaramasdan, foydalanib kelinmoqda. Bu esa yuqorida ta’kidlaganimizdek, yong‘in kelib chiqishiga, fuqarolarimizni kuyish tan jarohati olishi, hatto halok bo‘lishi kabi fojiali oqibatlarga olib kelmoqda.
Shuni qayd etish lozimki, hududimizda maishiy gaz ballonlarining gaz bilan to‘ldirilishida me’yoriy hujjatlarga asosan, ballon 80 foizgacha gaz bilan to‘ldirilishi ta’kidlab o‘tilgan. Lekin bizning iqlim sharoitimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, kuz-qish mavsumlarida hamda bahorning boshlarida ballon 80 foizga to‘ldirilishi mumkin, ammo yozgi mavsumda ballonga solinadigan gaz miqdori 65 foizdan oshmasligi zarur.
Maishiy gaz ballonlaridan foydalanishda quyidagilar qat’iyan man etiladi:
- sinovdan o‘tmagan tashqi qismida ishlatishga yaroqli belgisi bo‘lmagan gaz ballonlarini ishlatish;
- maishiy gaz ballonlarini havo harorati +35 darajadan yuqori bo‘lgan yashash xonalarida, garajlarda ishlatish va saqlash;
- maishiy gaz ballonlarini ochiq olov, elektr uskunalari yonida saqlash va ishlatish;
- maishiy gaz ballonlarini maxsus shlanglardan tashqari suv shlanglari orqali foydalanish;
- bosim ko‘rsatgichi reduktori mavjud bo‘lmagan, jo‘mragi nosoz gaz ballonlaridan foydalanish;
- gaz ballonlarini uy sharoitida to‘ldirish, yechib olish, ta’mirlash, quyosh nuri ostida yog‘li tarkiblar bilan yonma-yon va yuqori qavatli uylarda gaz ballonlarini saqlash va ishlatish;
- 3 oydan ziyod foydalanilmagan maishiy gaz ballonlarini qayta sinovdan o‘tkazmasdan ishlatish.
Timur Sattorov,
Samarqand viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi YoTM mutaxassi, katta serjant.