“Majburiy obunaga” barham berish bahonasida matbuotni yo‘qqa chiqarish ziyolining ishi emas

Jamiyatdan norizo bo‘lishga haqqimiz yo‘q, chunki u bizga fikrimizni erkin bildirish, jamoatchilik munosabatini shakllantirish imkoniyatini berdi. Bir jihatni unutmaylik, orkestrni dirijyor boshqaradi, ansamblni – doirachi. Jamiyatni esa belgilangan tartib-qoidalar, qolaversa, xalqning mentaliteti boshqaradi. Tartib-intizomning birinchi talabi har bir ishni uning oqibatini o‘ylab, bosqichma-bosqich amalga oshirish.

Misol uchun, davlat rahbarining tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi siyosatidan o‘rnak olaylik. Uch yildan beri deyarli har oyda aynan shu sohada yangi hujjat qabul qilinadi. Nega? Islohotlar jarayonida unga to‘siq bo‘layotgan holat, xorij tajribasi o‘rganilib, keyin xulosaga kelinmoqda. Har qanday yangilik sohaga paydar pay kiritilmayapti, ijrochilar uchun uning mohiyatini tushunishga muhlat berilyapti. Har qanday yangi qonun yoki me’yoriy hujjat ham nuqtai nazarimizni birdan o‘zgartira olmaydi.

E’tibor berganmisiz, fotoradar ko‘payib, jarima miqdori oshgandan keyin ham yo‘l harakati qoidasini buzish holati uchrayapti. Chunki ko‘pchilik bunaqa tartibga o‘rganmagan. Misol uchun, Samarqanddagi yirik chorrahalarda boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit bermasdan o‘ng tomonga burilishiga ruxsat berilgan belgi o‘rnatilgan. O‘nta haydovchining beshtasi haligacha buni tushunmaydi, hatto o‘qib ko‘rmaydi, chunki bunga o‘rganmagan.

Endi matbuotdagi “ko‘nikma”larga kelsak, u bor gap. Yillar davomida respublika, viloyat va tuman (shahar), tarmoq va xususiy gazetalar tizimiga gorizontal yondashdik. OAV reytingi belgilanmadi, monitoringi nomigagina qilindi. Natijada rasmiy hujjatlarni barcha nashrlar bir xil tarzda berishga o‘tdi. Vaholanki, ular buni turlicha uslubda yoritishi mumkin edi. Ayrim muharrirlar dunyo tajribasi – gazeta sotish uslubini unutdi.

Majburiy obuna ham, obuna atrofidagi korrupsion holat ham bor gap. Bir necha yil avval bu haqda bong urgandik, lekin o‘shanda hamkasblarim qo‘llab-quvvatlashmadi.

Davlat va uning rahbari bu holatga qarab turgan emas. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun asosida ko‘plab davlat idoralarida matbuot kotibi shtati joriy etildi, ochiqlikning boshqa choralari ko‘rildi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, xalqaro press-klub, internet nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar ayrim hamkasblarimizni uyg‘onishga majbur qildi. Bu – bor gap.

To‘g‘ri, bu holat ham bizni qoniqtirmaydi, chunki mushtariy bizdan bundanda katta jasorat kutmoqda. Bunday jasoratga barcha hamkasblarim tayyor emas. Ammo “majburiy obunaga” barham berish bahonasida matbuotni yo‘qqa chiqarish bu sohadan alami bo‘lsa-da, ziyolining ishi emas. Matbuot ta’sirchanligini oshirishni bosqichma-bosqich amalga oshirish zarur. Toki odamlar gazeta o‘qish zavqidan bebahra qolmasin, shuning barobarida ularda tanlov ko‘nikmasi shakllansin.

Mayli, gazetalarimiz sifati, mazmuni haqida bahslashaylik, bu holatni baholash mezonini ishlab chiqaylik, bir-birimizga baho beraylik. Axir matbuotning yangi avlodi o‘z-o‘zidan, gazetalar yo‘q joydan paydo bo‘lmaydiku! Qolaversa, ayrim gazetalar jamiyatdagi muammolarni ko‘tarishda, xalq fikrini berishdan yarq etib ko‘zga tashlanib qoldiku. Demak, davr ruhi va mas’uliyatini chuqur his qiladigan jurnalist yo‘q emas. Demak, boshqalarni ham shunday ishlashga o‘rgatish lozim.

Xonadonlarga vaqtli matbuot nashrlari bormasligi ma’naviyatimizga katta zarar yetkazadi. Chunki mutolaa – fikrlashning asosi. Undan ko‘ra, biz kimgadir achchiq qilib, pochta tizimini nega barbod qilganimizni o‘ylaylik, uni zamonaviy tarzda qayta tashkil etish ustida bosh qotiraylik. Bizda gazetalar nafaqat axborot beruvchi, balki tarbiya vositasi ham ekanligini unutmaylik.

Tarixdan ma’lumki, mentalitetimizning zamiri ma’rifatga, ilmga intilish, ustozga ergashish, yaxshilik qilish bilan bog‘langan. Ming afsuski, keksalar o‘z avlodlari harakatidan hayron. Ota-o‘g‘il, aka-uka mol-dunyo uchun bir-birini sudga berayapti, er xotinini xorijga mardikorlikka jo‘natayapti, erning xorijdan yuborgan pulini xotin ulfatchilik va zebu ziynatga sarflamoqda. Ehtimol, iqtisodiy bo‘hronlar bizni shu ko‘yga solayotgandir. Ammo bir o‘ylab ko‘ring, ana shu holatda odamlarga ma’rifat berishni to‘xtatib qo‘yish insofdanmi?

Internetdagi ijtimoiy tarmoqda o‘zim ishtirok etaman. Hali unda ham raqobat biz kutgandek emas, ko‘pchilik saytlar, blogerlar bitta axborotni qaytarish bilan ovora, lekin ularda fikrlar qarama-qarshiligi, erkinligi mavjud. Sizu bizning vazifamiz, matbuotni tugatish emas, balki unga ana shu ruhiyatni olib kirishdir. Bu ishni bizga birov kelib qilib bermaydi. Esdan chiqarmaylik, mintaqa nashrlarining o‘qishli, jonli bo‘lishi mamlakatda matbuot ommaviyligini ta’minlashning asosi hisoblanadi.

Aziz hamkasblar, kelinglar shiddatli jarayonda jamiyatdagi mavqeimizni mustahkamlashga birgalikda harakat qilaylik.

Matbuot shunaqa sohaki, unda mutlaq fikrli bo‘lish mumkin emas. Matbuotning obro‘si uni o‘qigan, unga munosabat bildirganlar safi bilan o‘lchanadi. O‘zaro raqobatni ana shu yo‘nalishga qarataylik.

 

Farmon TOShEV.