Maktab bitiruvchilariga attestat qay tartibda beriladi?
- Mana, onlayn tarzda so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinib, maktablarda o‘quv yili yakunlandi? Endi o‘quvchilardan nazorat imtihonlari olish tartibi qanday bo‘ladi?
- Xalq ta’limi vazirining joriy yil 20 maydagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2019-2020 o‘quv yilini yakunlash hamda o‘quvchilarni attestat (shahodatnoma) bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida istisno tariqasida 2019-2020 o‘quv yili bosqichli hamda yakuniy nazorat imtihonlari o‘tkazilmasdan yakunlanadi.
***
- O‘quvchilarning yillik baholari qanday chiqariladi?
- O‘quvchilarning yillik baholari joriy o‘quv yilining uchta chorak baholari asosida chiqariladi. Kundalik.com elektron dasturi joriy etilgan hududlarda o‘quvchilarning “onlayn-maktab” televizion darslarda masofaviy ta’limdagi faolligi ham yillik natijalarni hisoblashda inobatga olinadi.
***
- Joriy o‘quv yilida viloyat umumta’lim muassasalari bitiruvchilariga attestat (shahodatnoma) qanday tartibda beriladi?
- Bitiruvchilarga joriy yilning 15 iyuniga qadar chop etilgan attestat (shahodatnoma)larning elektron shakli yetkaziladi. Asl nusxalari esa karantin davri yakunlangach, sanitar-gigiyenik qoidalarga qat’iy amal qilgan holda tarqatiladi.
***
- Joriy o‘quv yili yakunida ham bitiruvchilarga oltin va kumush medallari beriladimi?
- Albatta. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 fevraldagi 154-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarining iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallari bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom» asosida o‘quvchilarga oltin va kumush medallari beriladi.
Faqat, medallar yurtimizdagi epidemiologik vaziyat yaxshilangandan so‘ng bitiruvchilarga taqdim etiladi.
***
- 11-sinf bitiruvchilari OTMda o‘qish uchun qanday tartibda hujjat topshiradi?
- Bitiruvchilar va barcha abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga hujjat topshirishini yanada qulay qilish maqsadida Davlat test markazi tomonidan onlayn ro‘yxatdan o‘tish uchun http://abitur.dtm.uz/ sayti orqali zarur yo‘riqnomalar tavsiya etildi.
Bu orqali bitiruvchilarimiz saytning ishlash tartibi bilan tanishish, uni to‘g‘ri, bexato to‘ldirishni o‘rganishlari mumkin.
Bundan tashqari, markazning test topshiriqlari ochiqligini ta’minlash maqsadida tashkil etgan e-Sinov tizimi orqali abituriyentlar har bir fan bo‘yicha bepul “Test topshiriqlari to‘plami 2019” amaliy qo‘llanmalarida nashr etilgan test topshiriqlari to‘plamlaridan shakllantirilgan variantni yechib, o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin.
Savollarga Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Qo‘ldosh SAIDOV javob berdi.