Maktabgacha ta’lim tizimi raqamlashtirildi

Nima o‘zgardi? Barcha tizimlarda bo‘lgani kabi maktabgacha ta’lim tizimida ham yangiliklar ko‘p. Ammo bu yangiliklardan aholi to‘liq xabardor emas. Bog‘chalardagi o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati xususida yaxshiroq tushuntirish maqsadida Samarqand tumanidagi 11-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Zarnigor Abdullayeva bilan suhbatlashdik.
- Keyingi yillar maktabgacha ta’lim tizimida qanday islohotlar amalga oshirildi? Ularning ijobiy va salbiy jihatlari haqida nima deya olasiz?
- Bugun maktabgacha ta’lim tizimidagi yangiliklardan biri faoliyatimizning elektron shaklga o‘tilganligidir. Tashkilotga bolani navbatga qo‘yish, qabul qilish, kunlik yo‘qlamalar, hatto hamshira tuzadigan menyu ham onlayn shaklga o‘tdi. Bunday tartib biz, direktor va o‘rinbosarlarga mas’uliyat yukladi. Elektron shaklga o‘tishdan oldin barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari kompyuter va wi-fi bilan ta’minlandi. Joriy yilning 1sentyabridan barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari elektron yo‘qlamaga o‘tdi. Tizimdagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida iyun oyidan buyon elektron yo‘qlama tajriba sifatida olib borildi.
Bolalarning kasalligi bilan bog‘liq ma’lumotnomalar ham onlayn bo‘lgan. Agar bola kasal bo‘lsa, ota-onasi uni poliklinikaga olib borib, kasalligi to‘g‘risida ro‘yxatga qo‘yadi. Shundan so‘ng bolaning kasalligi haqidagi ma’lumotnoma bazada ko‘rinadi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish tizimining platformasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham integratsiya qilingan. Platformaning afzalligi bolaning kelmagan kuniga ovqat puli hisoblanmaydi. Xullas, barcha ishimiz raqamlashtirilgan.
Ushbu o‘zgarishlarning bir kamchiligi bor. Hali bu tizim yangi bo‘lganligi uchun ertalab va kechqurun platforma qotib qolyapti. Bu kamchilik ham vaqti-soati bilan o‘z iziga tushib ketadi.
- Bolaga bir kunda maktabgacha ta’lim tashkilotida necha pullik ovqat beriladi?
- Narxlar hududlarda har xil bo‘lganligi uchun summasi ko‘rsatilmagan. Ammo o‘rtacha 15-30 ming so‘m bo‘lishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 yanvardagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1-sonli qaroriga ko‘ra vazirlik tomonidan “Yagona mavsumiy taomnoma” ishlab chiqildi. Shuningdek, “Aqlvoy oshpaz” kitobi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tarqatildi. Platformada ham “Aqlvoy oshpaz” degan bo‘lim bor. Ertalabki yo‘qlamadan so‘ng, platformaga bolaning soni yoziladi va ertalabki, tushlik ovqatlar tanlanadi. Shundan so‘ng taomnomadagi barcha me’yorlar sanitariya qoidalari va tartiblariga rioya qilingan holda elektron tarzda chiqadi. Avvallari hamshira bola soniga qarab beriladigan oziq-ovqat miqdorini hisoblab chiqardi. Endi esa bu yumushlar platformada oson bajariladi. Bu hamshiralar ishiga ancha yengillik berdi. Faqat kompyuterni bilmaydigan hamshiralar qiynalishi mumkin.
- Nega ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha opa bolani urgan holatlar ko‘payib ketyapti? Tarbiyachilar qanday talablar asosida ishga olinadi?
- Maktabgacha ta’lim tizimi hali rivojlanish davrida, desak bo‘ladi. Chunki shu paytgacha mutaxassisligi to‘g‘ri kelmasa ham o‘rta maxsus diplomga ega xodimlar ishga olindi. Keyingi yillarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida nomutaxassis kadrlar qolmadi. Oliy yoki o‘rta ta’limda o‘qigan maktabgacha ta’lim tizimi mutaxassislari ishga olinyapti. Endilikda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga oliy ma’lumotli mutaxassislar ham ishga kelyapti yoki ishlayotgan mutaxassislar oliy ta’limga hujjat topshirib, o‘qiyapti. Masalan, bog‘chamizda 17 nafar xodim bo‘lsa, shulardan 8 nafari oliy ma’lumotli mutaxassis. 2026-2027 yildan o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lganlar bog‘chaga ishga olinmaydi.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida hamshira va xo‘jalik ishlari mudiri bo‘lim tomonidan, qolgan xodimlar tashkilot direktori tomonidan ishga qabul qilinadi.
Bulardan tashqari, bog‘cha tarbiyachilariga pedagog degan lavozim berildi, ya’ni maktab pedagoglariga qanday talab va vazifalar belgilangan bo‘lsa, tarbiyachilarga ham xuddi shunday talab va vazifalar qo‘yildi. Ilgari maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlariga toifa berilmasdi. Endi attestatsiyadan o‘tib, toifasi ko‘tarilgan bog‘cha pedagoglarining ham ish haqi oshadi.
To‘g‘ri, bola bog‘chada sho‘xlik qilib, yonidagi tengdoshini itarib yuborishi, tishlashi, urishi mumkin. Ammo tarbiyachi bolani aybini do‘pposlash orqali tartibga chaqirishi umuman xato. Tarbiyachi shunday yo‘l tutishi kerakki, bola aybini tushunsin. Men tarbiyachilarimga guruhda tartib o‘rnatishni talab qilaman. Bolaga xushmuomala bo‘lish, uni tinglash, nima istayotganini bilishga chaqiraman. Tarbiyachi tajribali bo‘lsa, bolalar bilan tillasha oladi va har xil ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lmaydi.
- Bog‘cha mudiralar haqida turli mish-mishlar yuradi. Masalan, mudiralar bolalarning ovqat pulidan, bog‘chaga noqonuniy bola qabul qilish yoki ishchilarni pora evaziga ishga olish kabilar ortidan boylik orttirishi aytiladi. Bu qanchalik haqiqatga to‘g‘ri keladi?
- Shaxsan o‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, maqsadim – rivojlanish, shu tizimda yaxshi nom qoldirish. Korrupsiya holatlari yo‘q emas, bor, deymiz, lekin keyingi vaqtlarda bunday holatlar ancha kamaygan. Masalan, men bir-ikki so‘m pul uchun obro‘yimni to‘kishni xohlamayman.
Bog‘chamizda ota-onalarning talabiga ko‘ra, qo‘shimcha darslar olib boriladi. Masalan, ingliz tili to‘garagi mavjud, unga qatnashadigan bolalar uchun qo‘shimcha to‘lov qilinadi. Agar men shu to‘garakni ochmasam, ayrim ota-onalar bolani bog‘chadan olib, boshqa joydagi ingliz tili to‘garagiga beradi. Ba’zilar bolasini gimnastikaga yoki taekvandoga berishi mumkin. Shuning uchun biz ota-onalar bilan shartnoma qilgan holda qo‘shimcha to‘garak ochganmiz. Menimcha, bunday holat boshqa bog‘chalarda ham bor. Odamlar qo‘shimcha to‘garaklarni bog‘chaning hisobidan deb o‘ylashadi va har xil gap-so‘zlar ham shuning ortidan chiqadi.
- Nega ba’zi bog‘cha mudiralari autsorsingni uncha xushlamaydi? Autsorsing tizimining afzalliklari nimada?
- Autsorsing tizimiga endi o‘tamiz. Shu paytgacha autsorsing tizimida ishlamaganman, shuning uchun nega xushlamasligini bilmayman. Lekin maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorining eng og‘riqli nuqtasi shu. Bilasizmi, Nurobod, Qo‘shrabot kabi uzoq tumanlarda shunday hamkasblarim bor, ular bola och qolmasin deb, kechasi 2-3 ta gaz balonini to‘ldirib, bog‘chaga olib kelib qo‘yadi. Bog‘chaning bu kabi og‘riqli tomonlarini boshqalar bilmaydi, faqat direktor biladi. Autsorsing bo‘lsa, bizning bitta yukimiz kamayadi, deb o‘ylayman. Shuningdek, ta’lim-tarbiyadagi sifat samaradorligimiz oshadi. Hozir bizda oziq-ovqat mas’ulligi, qishda isitish mas’ulligi bor. Umuman, tashkilotning barcha muammosi direktorning bo‘ynida.
- Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qiynaydigan muammo nimada?
- Bog‘chamiz Zaxlik mahallasida joylashgan. Mahallada 700 nafardan ortiq 3-7 yoshli bolalar mavjud. Tashkilotimiz 300 o‘rinli bo‘lib, atrofimizdagi boshqa mahallalarda davlat bog‘chasi yo‘q. Bu holat davlat bog‘chasiga bo‘lgan talabni oshiradi va e’tirozlarga olib keladi. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqat puli qimmat bo‘lmaganligi uchun ko‘pchilik ota-onalar bolasini davlat bog‘chasiga qo‘yishni istaydi. Oilaviy bog‘chalarning ovqat puli qimmat. Shuning uchun ota-onalar bolasini onlayn ro‘yxatga qo‘yib, navbati kelgunga qadar oilaviy bog‘chaga berib turadi. Davlat bog‘chasiga navbati kelishi bilan bolani oilaviy bog‘chadan olib, davlat bog‘chasiga beradi.
Bu holat statistikaga ta’sir qilganligi sababli, apreldan boshlab bola biror maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilinsa, boshqa bog‘chalarga qo‘ygan onlayn navbati kuyib ketadi. Ota-ona bu tizimni tushunmaganligi sababli e’tirozlar kelib chiqyapti. Avvallari bolani ikki-uchta bog‘chaga navbatga qo‘ysa bo‘lardi. Endi bunday tartib bekor bo‘ldi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Xurshida ERNAZAROVA
suhbatlashdi.