Maktabgacha ta’lim vazirligi mobil va modulli bog‘chalarni taqdim etdi
Bugun, 4 oktyabr kuni mobil va modulli maktabgacha ta’lim tashkilotlarining (MTT) taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan 16 ta qayta jihozlangan avtobuslar, bolalar maydonchalari bo‘lgan ikkita avtoturargoh va 2 ta modulli MTT taqdim etildi.
Ular oddiy MTTlarni qurish imkonsiz bo‘lgan chekka qishloq joylari, tog‘li hududlar va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari uchun mo‘ljallangan.
“Isuzu HC 40” rusumli avtobuslar asosida harakatlanadigan MTTlar belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanadi. Ko‘chma guruhlarda bo‘lish muddati 3 soatdan oshmaydi, maksimal soni 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 16 nafar bola bo‘ladi. Darslarni barcha tarbiyalanuvchilar uchun qiziqarli tashkil etish maqsadida vazirlik mutaxassislari turli yoshdagi guruhlarga mo‘ljallangan maxsus dastur ishlab chiqdi. O‘qituvchilar esa tegishli tayyorgarlikdan o‘tishdi.
O‘quv-tarbiyaviy jarayon ikki smenada, majburiy ovqatlanishsiz, lekin yengil tamaddini isitish imkoniyati bilan amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlarning katta qismi ochiq havoda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yo‘nalishning har bir nuqtasida chodir, to‘siqlar, o‘rindiqlar, tepaliklar, arg‘imchoqlar, o‘yin uychalari va qum maydonchasi bilan jihozlangan avtoturargoh bo‘ladi.
Mobil va modulli MTTlarni qurish va pardozlash ishlarida issiqlikka, olovga chidamli va sog‘liq uchun zararsiz bo‘lgan materiallar qo‘llaniladi.