Maktabgacha ta’limning yangi turi joriy etilmoqda
Mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida Hukumat qarori (786-son, 18.09.2019 y.) qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim mobil guruhlari tajriba tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning ayrim tumanlarida, qayta jihozlangan ISUZU HC 40 avtobuslarida tashkil etiladi.
Mobil guruhning asosiy vazifalaridan biri maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan bolalarning har tomonlama yetuk, intellektual kamol topishiga sharoit yaratishdan iborat.
Mobil guruhlarga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan, maktabgacha ta’lim muassasalariga bormaydigan bolalar qabul qilinadi.
Qabul uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
- ariza;
- ota-ona pasporti nusxasi;
- bolaning tug‘ilganlik guvohnomasi nusxasi;
- bolaning 2 dona fotosurati;
- bolaning salomatligi to‘g‘risida tibbiy xulosa.
- Mobil guruhlarda xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.
Bunda, ovqatlantirish majburiy emas, ta’lim bir kunda 3-4 soatni tashkil etadi.