Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasidan tadbirkorga 1 milliard so‘m mablag‘ undirib berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devoni Samarqand viloyati shu’basi tomonidan shu yilning 11 oyida tadbirkorlik sub’yektlaridan kelib tushgan 589 ta murojaatning 54 foizida murojaatchilarning huquqlari tiklanib, talablari qanoatlantirildi.

Mazkur murojaatlarning 19 foizi soliq, 13 foizi yer, kadastr, arxitektura, 10 foizi bank, moliya va kredit, 11 foizi davlat idoralarining qarorlari yoki mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari, 8 foizi tekshiruvlar natijasidan norozilik hamda 8 foizi infratuzilmaga va boshqa masalalariga oid murojaatlarni tashkil qildi.

Murojaatlarni o‘rganish jarayonida ularda keltirilgan vajlarni chuqur o‘rganish va imkon qadar qanoatlantirishga hamda tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga e’tibor qaratilib, natijasi bo‘yicha 2 milliard 970 million so‘mlik qarzdorliklar undirildi, 1 milliard 812 million so‘mlik moliyaviy jarimalar bekor qilindi hamda 5 milliard 712 million so‘mlik ortiqcha undirilgan to‘lovlar qaytarilishi ta’minlandi.

Tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini tunu kun qabul qilish, hal etish maqsadida “Tadbirkorlar virtual ofisi” axborot portali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning 11 oyida ushbu portal orqali viloyatimizda faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan 806 ta masala yuzasidan 717 ta murojaat kelib tushdi hamda 776 ta masala ko‘rib chiqilib, 222 tasi hal etildi, 511 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirish berilishi nazoratga olindi.

Ushbu portal orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatiga rioya qilmaganligi bois 8 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jazo choralari ko‘rilishi ta’minlandi. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar hisobi yuritilib, ularning qonuniyligi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda.

Xususan, o‘tgan davrda 584 holatda qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 53  holatda noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazilgani, 531 holatda tekshiruv o‘tkazishning amaldagi tartiblari buzilgani kuzatilib, nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlandi.

Umuman, o‘tgan davrda jami 211 nafar, shu jumladan tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini buzilganligi uchun 81 nafar, noqonuniy tekshiruv o‘tkazish va tekshirish tartibini buzganligi uchun 65 nafar, davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzganligi uchun 36 nafar, litsenziya va ruxsatnomalar tartibi buzilganlik holati bo‘yicha 24 nafar mansabdor shaxs va xizmatchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 782,4 million so‘m miqdorida jarima jazolari tayinlandi.

Murojaatlar asosida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini ta’minlash yuzasidan nazorat qiluvchi va davlat organlariga 5 ta taqdimnoma va 41 ta xulosa hamda sudlarga 5 ta da’vo arizasi kiritildi.

Masalan, Past Darg‘om tumanida faoliyat yurituvchi “Haqiqat” MChJning (nomi o‘zgartirilgan) murojaatini o‘rganish davomida buyurtmachi – Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha bajaruvchi – tadbirkor tomonidan xizmatlar to‘liq bajarilgan bo‘lsa-da, buyurtmachi uzoq vaqt mobaynida tadbirkorning pullarini to‘lab bermayotgani aniqlandi va ushbu qarzdorlikni undirish haqida sudga da’vo arizasi kiritildi.

Samarqand shahar iqtisodiy sudining 2025 yil iyun oyidagi hal qiluv qarori bilan buyurtmachidan tadbirkor foydasiga 1 milliard 27 million 143 ming so‘m undirilishi belgilandi va qarzdorlik summasi to‘liq undirib berildi.

Biznes-ombudsman instituti faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan joriy yilda 30 dan ortiq takliflar tayyorlandi.

Nodir Namozov,

Biznes-ombudsman devoni Samarqand viloyat shu’basi xodimi.