Maktablarda o‘quv yili yakunlandi: Erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, sohaga kiritilgan yangiliklar

Maktablarda 2024-2025 o‘quv yili yakunlandi. Yil davomida viloyatimiz maktab o‘quvchilari qanday yutuqlarga erishdi? Pedagoglar uchun qanday yangiliklar bo‘ldi? Keling, shular haqida mushohada yuritamiz.
Shu yilning mart oyida umumta’lim fanlari bo‘yicha asosiy olimpiadaning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Asosiy olimpiadaning respublika bosqichida Samarqand viloyatidan 51 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Fan olimpiadasining respublika bosqichi natijalariga ko‘ra: davlat va huquq asoslari fanidan Oqdaryo tumanidagi 45-maktab o‘quvchisi Dilora Hoshimova 3-o‘rinni;
tojik tili fanidan Samarqand tumanidagi 43-maktab o‘quvchisi Izzatilla Negmatov 3-o‘rinni;
ona tili va adabiyot fanidan Samarqand shahridagi 59-sonli “Nurli maskan” maktab-internati o‘quvchisi Nazokat Butunboyeva 1-o‘rinni;
tarix fanidan Samarqand shahridagi 59-sonli “Nurli maskan” maktab-internati o‘quvchisi Navro‘zbek Qo‘yliyev 2-o‘rinni egalladi.
Umumjamoa hisobida viloyatimiz respublika bo‘yicha 6-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
O‘tgan o‘quv yili sarhisobiga nazar tashlasak, 9 nafar o‘quvchi fan olimpiadasining mamlakat bosqichida g‘olib bo‘lib, umumjamoa hisobida respublikada birinchi o‘rinni egallagan edi. 2024-2025 o‘quv yilida esa bu ko‘rsatkich ancha pasayib ketdi. Bu pasayish fan olimpiadasining tuman (shahar), viloyat bosqichlari shaffof o‘tmaganidan darak beradi. O‘tgan yili fan olimpiadasining tuman, viloyat bosqichlarida maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining talabchanligi sezilib turgandi. Bu yil ana shunday nazorat sezilmadi.
Shuningdek, 2024-2025 o‘quv yilida o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarda ham ishtirok etib, bir qator yutuqlarga erishdi. Jumladan, Hindistonda 30 ta davlatdan 576 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etgan xalqaro matematika musobaqasida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 48-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Davronbek Doniyorov 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, bronza medali sohibi bo‘ldi.
2024 yil 2-12 dekabr kunlari Ruminiyada o‘tkazilgan 21-xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasida Payariq tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 9-sinf o‘quvchisi O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etdi.
2025 yil 8-13 may kunlari Toshkent shahrida Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya, Ozarbayjon, Belarus, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston jamoalaridan 202 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ushbu nufuzli xalqaro musobaqada Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi Ashrafjon Ravshanov kumush medal, Past Darg‘om tumani 2-son ixtisoslashtirilgan maktabi 7-sinf o‘quvchisi Ja’far Nurmurodov bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, 2024-2025 o‘quv yili davomida o‘quvchi-qizlar o‘rtasida informatika fanidan ham qo‘shimcha olimpiadalar tashkil etildi. Jumladan, sport dasturlash va informatika bo‘yicha iqtidorli qizlarni kashf etuvchi “ICT4Girls” O‘zbekiston o‘quvchi qizlar olimpiadasi tashkil etildi. Olimpiadaning respublika bosqichida IT bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Soliha Dagarova 1-o‘rinni, Samarqand tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Jasmina Tarmasheva 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Umuman olganda, viloyatimiz o‘quvchilari joriy yilda xalqaro ko‘rik-tanlovlarda 186 ta, respublika ko‘rik-tanlovlari, musobaqa va festivallarda 374 ta faxrli o‘rinlarni egallashdi.
Bundan tashqari, Samarqand shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi ikki karra jahon chempioni, shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ayollari terma jamoasi a’zosi Afruza Hamdamova va Past Darg‘om tumani 52-maktabning ona tili fani o‘qituvchisi Gulhayo Anorova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Yosh avlod o‘rtasida kitobxonlik muhitini yuksaltirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining 10-14 yosh toifasi bo‘yicha respublika bosqichida Nurobod tumanidagi 4-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Gulmira Norpo‘latova faxrli 2-o‘rinni egallab, 75 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Joriy yil aprel oyida maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va MY5 telekanali hamkorligida tashkil etilgan “Gravitatsion idrok” bilimdonlar bellashuvida Ishtixon tumani 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Madina Kattaqulova faxrli 1-o‘rinni egallab, Chevrolet Tracker avtomobili bilan taqdirlandi.
O‘quvchilarning bunday yutuqlarni egallashida pedagoglarning hissasi katta. Bugun maktab pedagoglari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanyapti. Ularning mehnatiga yarasha haq to‘lash, qo‘shimcha ustama pullari berishning ham bir qator talablari bor. Masalan, milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish, o‘quvchisini xalqaro yoki respublika fan olimpiadalariga olib chiqish kabi talablar o‘qituvchilarning ustamasi, toifasi oshishiga yoki bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishiga sabab bo‘ladi.
55 foiz pedagog attestatsiya imtihonidan qoniqarsiz ball oldi
Bu yilgi pedagoglar uchun attestatsiya imtihonlari bilimli va tajribali o‘qituvchilarga yana bir imkoniyat eshigini ochdi. Test sinovlaridan 86 va undan yuqori ball to‘plagan pedagoglarga 70 foiz ustama puli beriladigan bo‘ldi. Albatta, bunday natijaga erishish oson emas, attestatsiya jarayonlarida qatnashgan o‘qituvchilarning aksariyati test savollarining murakkab ekanidan shikoyat qildi.
- Joriy yilning aprel-may oylarida pedagoglarning malaka toifasi uchun bo‘lib o‘tgan attestatsiya jarayonlarida 17466 nafar o‘qituvchi qatnashdi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. – Natijalar shuni ko‘rsatdiki, test sinovlarida ishtirok etgan pedagoglarning 55 foizi qoniqarsiz ball oldi. To‘g‘ri, ularning ichida navbatdan tashqari o‘z xohishi bilan ishtirok etgan o‘qituvchilar ko‘p. Bunday pedagoglar o‘z toifasini saqlab qoldi, ammo navbatdagi attestatsiya imtihonida qatnashgan o‘qituvchilar malaka toifasini yo‘qotdi. Attestatsiya natijalaridan shu xulosaga keldikki, pedagoglarimizning bilim va mahoratini oshirish uchun malaka oshirishga kengroq jalb qilishimiz kerak ekan.
Pedagoglar tabaqalashtirilgan shaklda malaka oshiradi
Respublika Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining xodimlari besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda malaka oshiradi.
Joriy yildan boshlab, malaka oshirish tizimi tabaqalashtirilgan shaklga o‘tkazilib, viloyatdagi oliy va birinchi toifali pedagoglarga alohida, ikkinchi, mutaxassis va o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglarga alohida dastur bo‘yicha malakasi oshiriladigan bo‘ldi.
- 2025 yilda viloyatda 12315 nafar pedagog xodimlar uzluksiz kasbiy ta’lim platformasi va menejerlik o‘quv kurslarida malaka oshiradi, - deydi viloyat pedagogik mahorat markazi direktorining akademik faoliyat bo‘yicha o‘rinbosari Sarvar Murodov. – Ularning 1275 nafari maktabgacha ta’lim va 10290 nafari maktab ta’limi o‘qituvchilari, 500 nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, 250 nafar maktab direktorlaridir. Joriy yilning birinchi choragida 3698 nafar pedagogning malaka oshirishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 3739 nafar pedagog malaka oshirdi.
Yana bir muhim yangiliklardan biri, o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va kasbiy mahoratini oshirish uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ta’lim muassasalari pedagoglari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari joriy etildi.
Viloyatda tashkil etilgan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlariga aniq fanlar (matematika va informatika), tabiiy fanlar (fizika, biologiya, kimyo, geografiya), boshlang‘ich ta’lim va ingliz tili yo‘nalishlari bo‘yicha jami 182 ta tayanch maktablariga 16 nafar master-trener, 194 nafar mentor-trener, 5020 nafar yetakchi o‘qituvchilar va 26043 nafar fan o‘qituvchilari jalb etildi.
Rahbarlarning ham ish haqi oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 martda “Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari xodimlarining maoshiga ko‘p yillik xizmatlari hisobga olingan holda ustamalar to‘lanadigan bo‘ldi. Ushbu soha xodimlarining mehnat staji qancha ko‘p bo‘lsa, ularning maoshiga shuncha ko‘p ustama pullari to‘lanadi.
Shuningdek, ushbu farmonga asosan 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshiriladi.
Xurshida ERNAZAROVA.