Maktablarga qancha yangi darslik tarqatildi?

Yangi o‘quv yilining yetti oyi o‘tdi. Bu yil maktablarga yangi darsliklar tarqatilishi kerak edi. Xo‘sh, joriy yilda viloyat maktablarining qanchasi yangi darsliklar bilan ta’minlandi?

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022-2026 yillarda Xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, joriy o‘quv yilida 3-, 6-, 7-, 10-sinf darsliklari xalqaro ekspertlar ishtirokida yangilandi. Bugungacha viloyatimizga jami 6682200 dona 3-, 6-, 7-, 10-sinf  yangi darsliklari keltirildi va hududdagi 1262 ta umumta’lim maktabida o‘zbek sinflarida o‘qiyotgan o‘quvchilarning darsliklari to‘liq tarqatildi.

Rus va tojik sinflar uchun yangi darsliklar nashr qilish ishlari biroz kechikkanligi sababli yaqinda olib kelindi. Ayni paytda kitoblarni tarqatish ishlari amalga oshirilmoqda. Maktablarda 3-, 6-, 7-, 10-sinf o‘quvchilari yangi darsliklar kelgunga qadar Xalq ta’limi vazirligining buyrug‘iga asosan, eski darsliklardan foydalanishdi.

Ayni kunlarda o‘zbek sinflariga yangi darsliklar shakllantirilgan ro‘yxatga asosan, to‘liq tarqatilganligiga qaramasdan, ayrim o‘quvchilarning ota-onasi xizmat vazifasi va boshqa holatlar sabab bir shahardan ikkinchi shaharga ko‘chib o‘tishi munosabati bilan boshqa maktabda o‘qishni davom ettirishi bois darslik bilan ta’minlash bo‘yicha murojaatlar kelib turibdi. Ushbu murojaatlar joyida o‘rganilib, zudlik bilan ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotida/

Biz ushbu ma’lumotga yanada oydinlik kiritish maqsadida ayrim o‘qituvchilardan yangi darsliklar haqida so‘radik.

- Yangi darsliklar 3-sinflarda to‘liq tarqatilgandir, lekin 6-, 7-, 10-sinflarda kamida bittadan darslik yo‘q, - dedi ismi sir qolishini istagan o‘qituvchi. - Masalan, 10-sinfga eng zarur darsliklardan biri – adabiyot berilgani yo‘q. Nima emish, mablag‘ yetishmaganligi sababli bu yil chop etilmabdi. Buni ta’limga oid barcha markaziy telegram kanallarida yozib chiqishdi. Metodik xizmat degan markaziy telegram kanalida adabiyot darsligining elektron shakli berildi. Shuni sinflar telegram guruhiga tarqatib, kamiga uni vord dasturiga ko‘chirib, mavzular bo‘yicha sinflar telegram guruhiga tashlab, dars o‘tyapman.

- 3-sinflarning darsliklari to‘liq berildi, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabi oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Shahzoda Odilova. – Matematika darsligi juda yaxshi chiqqan, o‘quvchilar kitobdagi misol va masalalarni bemalol bajara olyapti. «Ona tili» va «O‘qish» kitoblari bitta kitob, ya’ni «Ona tili va o‘qish savodxonligi» bo‘lib kelgan. Ona tili fanida hech qanday qoida yo‘q. Bolalar avvalgidek ot, sifat kabi qoida yodlamaydi, ammo kitobda bolani fikrlashga undaydigan mashqlar ko‘p. Bolalar mana shundan biroz qiynalishdi. Yaxshi tomoni - endi o‘qimaydigan bolalar ham o‘ylayapti, fikrini aytyapti. Shuningdek, tabiiy fan, rus tili, ingliz tili darsliklari ham yangilandi. Yangi darsliklar ko‘proq o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatadi.

Xurshida Ernazarova.