Maktabni ochish yoki yopish to‘g‘risidagi qaror o‘qituvchi va o‘quvchilarning xavfsizligini ko‘zlab qabul qilinadi
Xabaringiz bor, bugungi kunda barcha hududlarda maktab o‘qituvchilarining COVID-19 infeksiyasiga test topshirish jarayoni amalga oshirilmoqda.
Test topshirish jarayonida afsuski natijalar musbat chiqayotgan holatlar ham bor. Quvonarli tomoni, aksariyat o‘qituvchilarda kasallik alomatlarsiz yengil holda kechayotgani sababli, ularning ayrimlari o‘zlari ham virusni boshidan kechirayotganidan bexabar bo‘lgan.
Kuni kecha Shayxontohur tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi ma’lumotiga asosan COVID-19 infeksiyasi aniqlangan o‘qituvchilar faoliyat yuritayotgan tumandagi 40- va 262-sonli maktablar faoliyati ehtiyotkorlik hamda xavfsizlik maqsadida mahalliy Kengash qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mazkur virus 2 yilgacha chekinmasligini prognoz qilgan. Bugun har birimiz ushbu virus bilan yashashga, hech qanday xavotirga tushmasdan, hayot tarzimizni davom ettirishga o‘rganishimiz lozim.
Mahalliy kengash deputatlari tomonidan qabul qilingan maktablarni yopish yoxud ochish to‘g‘risidagi qarorlar u yoki bu maktab jamoasi va o‘quvchilar salomatligini o‘ylab amalga oshiriladi. Shu bois o‘qituvchilarimizdan ham, ota-onalardan ham bunday holatlarda ortiqcha xavotirga tushmaslik sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda odatiy hayot tarzini davom ettirishlarini so‘raymiz.
Bunday holatlarda ota-onalardan talab qilinadigan asosiy narsa masofadan yaratib berilayotgan ta’lim imkoniyatlaridan foydalanib, farzandlari bilim olishini nazorat qilishdan iborat. Bu masalaga jiddiy yondashishingizni iltimos qilamiz.
Karantinga olingan maktablar dezinfeksiya ishlari amalga oshirilganidan so‘ng, mahalliy Kengash deputatlari qarori bilan yana o‘z faoliyatini tiklaydi.
Shu bilan birga, bugungi kunda barcha hududlarda ochilmagan maktablar faoliyatini tiklash bo‘yicha ham ishlar ketmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘i bilan maktablarning ochilishi hamda yopilishi to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish vakolati faqatgina mahalliy Kengash deputatlariga topshirilgan.
Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 16 sentyabr holatiga respublikada 2 550 ta (25 %) maktab o‘z faoliyatini an’anaviy shaklda amalga oshirmoqda.