Malaka sertifikati egasiga qanday imtiyozlar bor?

Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish jarayonlari endi Samarqandda o‘tkazilmoqda.

Shu paytgacha bu jarayon faqat Toshkent shahrida o‘tkazilar edi. Hududlarda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish va maxsus sertifikatga ega bo‘lish istagidagi talabgorlar safi kengayayotgani sababli imtihonlar viloyatlarda ham o‘tkaziladigan bo‘ldi. 

Bugun Samarqand shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida o‘tkazilgan test jarayonlariga viloyatdan 21 nafar talabgor ishtirok etdi. Ulardan 16 nafari V2, 3 nafari S1 daraja uchun ingliz tilidan imtihon topshirayotgan bo‘lsa, 1 nafari nemis tilidan V2, yana 1 nafari fransuz tilidan S1 daraja uchun sinovdan o‘tmoqda.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xorijiy tillar metodisti Zarifa Ibodullayevaning aytishicha, 5 bosqichda o‘tkaziladigan so‘rov jarayonining har birida maksimal 30 balldan jami 150 ball beriladi. Mavjud ballning 60 foizidan yuqorisini to‘plagan talabgorlarga malaka sertifikati beriladi. Mazkur hujjatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar qishloq joylarda dars bersa oyligiga 30 foiz, shahar maktablarida faoliyat yuritadigan bo‘lsa 15 foiz ustama to‘lanadi. Sertifikat egasi agar o‘quvchi bo‘ladigan bo‘lsa, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun test sinovlarida chet tili fanidan imtihon topshirmaydi.

A.Quvondiqova.