Malayziya delegatsiyasi Samarqandga keldi

Viloyat hokimi Adiz Boboyev Malayziyaning “Nasrul Qur’an” nashriyoti rahbari Xoja Mohd Ashyaxarim bin Abdullatif boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 Suhbat avvalida viloyat hokimi Samarqandning boy tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat markazi bo‘lib kelgani, bu yerdan ko‘plab ulug‘ mutafakkirlar, olimu ulamolar yetishib chiqqanligi xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bugungi kunda tarixiy merosni asrab-avaylash, ajdodlar merosini targ‘ib qilish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng mehmonlar Malayziyadagi “Nasrul Qur’an” nashriyoti faoliyati, nashriyot tomonidan chiqarilayotgan Qur’on va hadislar haqida ma’lumotlar berdi. Shuningdek, ta’lim, mehmonxona xizmati va oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash sohalarida ham faoliyat olib borayotganligi aytildi. Bundan tashqari, mehmonlar Samarqandda go‘shtni qayta ishlash zavodini ochishga qiziqish bildirib, viloyatni ushbu yo‘nalishda investitsiyalar uchun istiqbolli hudud sifatida ko‘rayotganini ta’kidladilar.

Samarqandga tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Imom Buxoriy majmuasini ham ziyorat qilishgani va amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari hamda bunyodkorlik loyihalari ularda katta taassurot qoldirganini aytdi. Ashyaxarim bin Abdullatif majmuani rivojlantirish loyihalarida hamkorlik qilish va uning yanada obod bo‘lishiga hissa qo‘shish istagini bildirdi.

Adiz Boboyev Samarqandga Indoneziya va Malayziyadan kelayotgan sayyohlar va ziyoratchilar soni ortib borayotganini ta’kidlab, ushbu davlatlar milliy taomlari va turizm xizmatlariga ehtiyoj ortayotgani xususida to‘xtaldi hamda Imom Buxoriy majmuasi hududida qurilayotgan mehmonxonalardan birining boshqaruvini malayziyalik mutaxassislarga berish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Bu esa mehmonlar uchun ularning an’analariga mos sharoit yaratishga xizmat qiladi.

 Uchrashuv yakunida tomonlar ziyorat turizmini yanada rivojlantirish, ziyoratchilar sonini ko‘paytirish, shuningdek, Samarqand viloyati bilan Malayziyaning turli hududlari o‘rtasidagi madaniy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash borasida kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.