Maldiv orollari yo‘q bo‘lishi mumkin
Agar dunyo iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashmasa, Maldiv orollari XXI asrning oxiriga kelib butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin, dedi CNBC telekanali efirida orolning atrof-muhit, iqlim o‘zgarishi va texnologiyalar vaziri Aminat Shauna.
"Orollarga iqlim o‘zgarishi tahdid solmoqda, biz esa dunyodagi eng zaif mamlakatmiz", dedi vazir.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Maldiv orollarining 80 foizi dengiz sathidan atigi bir metr balandlikda joylashgan. Vazir, shuningdek, yerning aksariyat qismida suv toshqinlari ro‘y berayotgani, qirg‘oq eroziyasi boshlanganini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, u hukumat salbiy ta’sirni kamaytirishga urinayotgani va qirg‘oq hududlarini himoya qilish choralari ko‘rilayotganiga e’tibor qaratdi.
«Kelajakda Maldiv orollari ham zararli gazlar chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha yetakchilar qatoridan o‘rin olishi zarur. Mamlakat kelajagi, xalqimiz, madaniyatimiz kelajagi bizning hozirgi harakatimizga bog‘liq", deya xulosa qildi Shauna.
G.Xoldorova tayyorladi.