Bir sotix yerdagi malina - 10 million so‘m
Jomboy tumani Nayman mahallasida yashovchi Shahzod Nurillayev malina yetishtirish bilan shug‘ullanib, yiliga 100 million so‘mdan ziyod daromad qilayotgan yoshlardan biri. U bunga osonlikcha erishmadi. 2015 yilda umumiy o‘rta ta’lim maktabini bitirib, o‘qishni kollejda davom ettirishni niyat qildi, ammo...
- Kollejda o‘qiyman deb uch yil vaqtimni behuda o‘tkazdim, - deydi u. – Natijada na oliy o‘quv yurti talabasi bo‘ldim, na mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylashdim. Ota-onamning maslahatlariga quloq solmay pul topish ilinjida xorijga ketdim. U yoqdayam birim ikki bo‘lmadi. Ming bir qiyinchiliklarni ko‘rdim. Shunda dadam O‘zbekistonga qaytishimni, oddiy dehqonchilik bilan shug‘ullanib ham ro‘zg‘or tebratish mumkinligini aytdi.
Shahzod otasining gapiga kirib uyiga qaytdi. Ularning hovlisida bir sotixgina tomorqa maydoni mavjud bo‘lib, bu yerda malina yetishtirilardi.
- Dadam bir sotix yerda malina yetishtirib bir mavsumda 10 million so‘mgacha daromad qilayotganini aytdi, - deydi Shahzodbek. – Agar men bir gektar yerda malina yetishtirish bilan shug‘ullansam yiliga kamida 100 million so‘m topishim mumkinligini qo‘shimcha qildi. Avvaliga ishonmadim, birinchi yili tomorqamizda sinab ko‘rdim va bo‘sh vaqtimda oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rdim. Natija yomon emas, ham tomorqada mehnat qilib 10 million so‘m daromad qildim, ham Samarqand davlat universitetiga to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim. Dadamning maslahatiga quloq tutib kam bo‘lmadim. 2-3 yil ichida ekin maydonini 3 gektarga yetkazdim. Foydasidan o‘qish xarajatlarim qoplanyapti, shuningdek, mashina va uy ham sotib oldim.
- O‘g‘lim Shahzodjon avvaliga xorijda ishlashga qiziqdi, - deydi uning otasi O‘tkir Abdullayev. – Shu yerda ham mehnat qilsa mo‘may daromad qilish mumkinligini so‘zim va o‘zimning mehnatim bilan isbotlab berganimdan keyin men boshlab bergan ishni davom ettiryapti. Malina serdaromad ekin. Mehr bilan parvarish qilsangiz gektaridan 4 tonnagacha hosil berarkan. Bu 120-150 million so‘m degani.
- Yoshlar bilim olish va bo‘sh vaqtlarida tomorqadan unumli foydalanishni qancha erta boshlasa shuncha yaxshi, - deydi qahramonimiz. – O‘zim ko‘p vaqtimni behuda ishlarga sarflab qo‘yganimdan afsuslanaman, ammo haliyam kech emasligini anglab, ota-onamning nasihatlariga amal qilib, ishlarimni davom ettiryapman.
Shahzod Nurullayev mahalla yoshlariga o‘rnak bo‘lyapti. Ularning aksariyatiga malina yetishtirish sirlarini ham o‘rgatyapti. Ahamiyatlisi, o‘ndan ziyod ishsiz yoshning bandligini ta’minlagan.
E’zoza Meyliyeva,
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.