Mamlakat taraqqiyoti, jamiyat farovonligining huquqiy kafolati
Bizning asosiy Qonunimiz yaratilishining murakkab va muhim, ayni chog‘da sharafli solnomasiga nazar tashlash, uning tarixiy ahamiyatini tilga olish, konstitutsiyaviy davlat barpo etish asoslari, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, ma’naviy va iqtisodiy yuksalish borasidagi g‘oyat muhim o‘rni xususida fikr yuritish ayni muddaodir.
Bu haqida so‘z borganda, avvalambor, konstitutsiyaviy “bino”ni qurishda uch ming yillik milliy davlatchilik tajribasiga tayanilganligini ta’kidlash joiz. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O‘zbekistonning qadimgi Xorazm va So‘g‘diyona, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Amir Temur va Temuriylar, o‘zbek xonliklari, ma’rifatparvar ajdodlarimiz, xalqimizning tarixiy an’analari va uning mustaqil davlat haqidagi ko‘p asrlik orzusi mujassamlashgan.
Qolaversa, manfaatlarimiz va intilishlarimizdan kelib chiqqan holda Konstitutsiyamizda Sharq va G‘arb, Janub va Shimolning 97 ta mamlakati to‘plagan ilg‘or konstitutsiyaviy tajriba hisobga olingan.
Shuni alohida e’tirof etish lozimki, Konstitutsiyani yaratilish tarixi – bu mustaqillik uchun kurashning uzviy tarkibiy qismidir.
Yurtimiz hayotidagi bu g‘oyat muhim va hayajonli voqealar
1990 yilning mart oyida bo‘lib o‘tganini eslash joiz. O‘shanda, ya’ni Mustaqilligimiz e’lon qilinishidan bir muncha vaqt oldin, o‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida sobiq ittifoq tarkibidagi respublikamizda Prezidentlik lavozimi joriy etildi, davlat ramzlari haqidagi masala muhokama qilinib, bu borada maxsus komissiya tuzildi. Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish g‘oyasi ilk bor ana shu sessiyada ilgari surildi.
O‘shanda bunday mazmundagi hujjat sobiq ittifoq hududida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda qabul qilingan edi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi huquqiy qadam – Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishiga borib taqaladi.
Oliy Kengash qarori bilan 1990 yil 21 iyun kuni Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan
2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi navbatdagi huquqiy qadam – birinchi Konstitutsiya loyihasining ilk bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.
Konstitutsiyaviy komissiya bajarilgan ishni ma’qulladi va 1992 yil 8 sentyabrda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilishga qaror qildi. Yangi Konstitutsiyaning birinchi loyihasi e’lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi juda keng tus oldi.
Konstitutsiyaviy komissiyaga fikr-mulohazalar bildirilgan 600 taga yaqin xat kelib tushdi. Respublika matbuotining o‘zida Konstitutsiya loyihasiga bag‘ishlangan yuzdan ortiq materiallar e’lon qilindi. Fuqarolarimiz bildirgan takliflar soni 5 mingdan oshib ketdi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi keyingi huquqiy qadam – Konstitutsiya loyihasining ikkinchi marta matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinishidir.
Konstitutsiya loyihasi o‘tkazilgan muhokamalar davomida kelib tushgan takliflar asosida ancha tuzatildi va qayta ishlandi. So‘ngra,
1992 yil 21 noyabrda umumxalq muhokamasini davom ettirish uchun Konstitutsiya loyihasi ikkinchi marta gazetalarda chop etildi.
Shunday qilib, ikki bosqichli umumxalq muhokamasi yuz berdi. Ushbu holat, bir tomondan, muhokama ishtirokchilarini faollashtirish uchun qudratli rag‘bat vazifasini bajargan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Asosiy Qonunimizning xalqchilligini ta’minladi. Konstitutsiya loyihasi keng jamoatchilik ekspertizasidan o‘tdi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi so‘ngi huquqiy qadam – Konstitutsiya loyihasining qabul qilinishidir.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan 1992 yil 6 dekabrda Konstitutsiya loyihasi oxirgi marta muhokama etildi.
Bunda jahon konstitutsiyaviy tajribasinining bir qator ilg‘or jihatlari hisobga olindi. Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o‘tdi.
Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator o‘zgartishlar kiritilgach, 1992 yil 8 dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun, deb e’lon qilindi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining g‘oya va normalarida xalqimizning ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi aks ettirilgani uning hayotiyligining kafolatidir. Asosiy Qonunimizga nisbatan bunday yuksak va xolis baho berilishini quyidagi sabablar bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, bizning Konstitutsiya haqiqatan ham demokratik Konstitutsiyadir. Tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni, xalqaro andozalarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir.
Ikkinchidan, bizning Konstitutsiya eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan. Bunda eng ilg‘or xorijiy konstitutsiyaviy tajribalarni o‘rgandik va e’tiborga oldik. Natijada endilikda Bosh Qomusimiz dunyo miqyosida ham har qanday taraqqiy topgan davlat Konstitutsiyasi bilan bemalol kuch sinashmoqda.
Uchinchidan, Konstitutsiyaning g‘oya va normalari o‘zbek xalqining teran tarixiy ildizlariga asoslangan bo‘lib, u ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlarni, ulug‘ ajdodlarimiz merosini o‘z ichiga olgan.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyani ishlab chiqish, muhokama etish va qabul qilish jarayoni “Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan asosiy hujjat” bo‘lganligi, u xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettirishi, uning xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsuli ekanini yaqqol tasdiqlaydi.
O‘tkur USMONOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari.