Mamlakatda e’tibor qozongan ijodiy jamoa

Gazeta – jamiyat va davlat hayotining ko‘zgusi. U eng avvalo, jamiyat hayotini xolisona kuzatgan holda, sodir bo‘layotgan o‘zgarish, voqea va hodisalar, yangiliklardan o‘z o‘quvchilarini xabardor qilib boradi. Faoliyatida gazetxonlarni faqat ezgulikka da’vat etib, keng va rang-barang imkoniyatlaridan oqilona foydalanish orqali bunga erishadi. Davlat va jamiyatni rivojlantirishda faol ishtirok etib, unga munosib hissa qo‘shadi.

Shu jihatdan olib qaraganda, “Zarafshon” gazetasiga faqat havas qilish mumkin. Gazeta ijodiy jamoasi mana 110 yildirki, mamlakatimiz, uning yirik tarkibiy qismlaridan sanalgan  viloyatda ana shunday mas’uliyatli hamda sharafli vazifani munosib uddalab kelmoqda. Shuning uchun ham ushbu qutlug‘ sana nafaqat viloyatimizda, balki mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. “Zarafshon” gazetasining 110,  “Samarkandskiy vestnik” gazetasining 105 yilligi yubileyi mamlakatimiz poytaxti Toshkentda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida turli ma’naviy-madaniy tadbirlar bilan nishonlanganligi, unda O‘zbekistonning turli viloyatlaridan OAV vakillari ishtirok etganligi bejiz emas. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi, taniqli jurnalist Muhammadjon Obidovning “Biz bu sanani Farg‘onada ham nishonlaymiz”, degani esa gazetaning butun mamlakatimizda katta hurmat-e’tiborga sazovor ekanligidan dalolat.

“Zarafshon” xususida har qancha ijobiy fikrlar bildirilsa ham kam.

Har qanday gazetaning shaklu shamoyili unda faoliyat yuritayotgan ijodiy jamoaning salohiyatiga bog‘liq. Bu borada gazetada turli davrlarda o‘ta munosib va yuksak mahoratli jurnalistlar faoliyat ko‘rsatganligi va ko‘rsatayotganligini ta’kidlash joiz.

Olim XO‘JAYeV, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.