Mamlakatimizda koronavirus bo‘yicha vaziyat hali murakkab. Ramazon hayiti bayramida ushbu tavsiyalarga amal qilish lozim
AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda N.Otabekov Ramazon hayiti bayramidan so‘ng kasallik ko‘rsatkichlari keskin ortib ketishining oldini olish, qolaversa har birimiz kasallanib qolishdan o‘zimiz va yaqinlarimizni asrash uchun niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish hamda ushbu tavsiyalarga amal qilish lozimligini ta’kidladi.
📎 Birinchidan, IIV, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologiya xizmati, mahalla posbonlarini jalb qilgan holda barcha joylarda niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, qo‘llarni antiseptiklar bilan zararsizlantirish tadbirlari nazoratini kuchaytirilganligini va aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishini unutmaylik;
📎 Ikkinchidan, ommaviy va boshqa turli yig‘inlarni ishtirokchilar sonini chegaralagan holda (100 kishidan ortmagan miqdorda yoki bino sig‘imining 50 foiz qismidan foydalanib yoki bunday tadbirlarni ochiq maydonlar va moslamalardan foydalangan holda o‘tkazish) tashkil etilishini ta’minlash;
📎 Uchinchidan, masjidlarda Iyd-ramazon hayit namoz tadbirlarini o‘tkazishda masjidning yopiq inshootlaridan foydalanmaslik va masjidning ochiq havodagi maydonlarida oraliq masofani saqlagan holda jamoa namozlarini tashkil etish hamda xavf guruhiga mansub 65 yosh va undan kattalar, shuningdek yosh bolalar, maktab o‘quvchilarini ushbu tadbirlarda ishtirokini kamaytirishga erishish;
📎 To‘rtinchidan, Hayit namoziga tashriflarda jamoat transportlari sig‘imining 50 foizi miqdorida yo‘lovchilar tashishiga erishish, ushbu maqsadda yo‘nalishli transport vositalar sonini oshirish hamda oxirgi bekatlarda dezinfeksiya-tozalash ishlarini amalga oshirilishini ta’minlash;
📎 Beshinchidan, aniqlanayotgan kasallanishlarning 70-75 foizi uydagi muloqotda yuqayotganligi hamda bemorlarning 50 foizidan ko‘prog‘i uy sharoitida davolanayotganligini inobatga olib, uy sharoitida davolanishga olinganlarning xonadonlarida karantin qoidalariga rioya qilishlari, ushbu xonadonlarga boshqalarning tashriflariga yo‘l qo‘ymaslik;
📎 Oltinchidan, uy sharoitida davolanayotganlar va ular bilan muloqoti tufayli karantinga olinganlarning masjidlarga Hayit namozlariga chiqishlariga yo‘l qo‘ymaslik;
📎Yettinchidan, Hayit bayrami tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda savdoga chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ustidan nazorat o‘rnatish, xavfsizligi kafolatlanmagan, uy sharoitida tayyorlangan tez buziluvchi va kremli qandolat mahsulotlari bilan savdo qilishni qat’iyan taqiqlash;
📎 Sakkizinchidan – mamlakatimizda koronavirus bo‘yicha vaziyat hali murakkab bo‘lib turganligini unutmaylik, dedi Nurmat Otabekov.