2018 yil davomida ma’muriy sudlar 19 milliard so‘m jarima tayinladi

Prezidentimizning 2016 yil 21 oktyabrdagi "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda 2017 yil 21 fevralda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonlari asosida mamlakatimizda ma’muriy sudlar tashkil etildi.

2018 yilda viloyat, tuman va shahar ma’muriy sudlariga jami 55 ming 436 nafar shaxsga nisbatan 43 ming 778 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar kelib tushdi.

Jumladan, ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 1 420 ta ma’muriy ish ko‘rildi. Shundan 1052 tasi qanoatlantirildi, 215 tasi rad qilindi, 95 tasi ish yuritishdan tugatildi, 58 ta ish ko‘rmasdan qoldirildi. Sayyor sud majlisida 313 ta ma’muriy ish ko‘rildi.

Aksariyat yo‘l-transport hodisalari avtoulovni mast holda boshqarish tufayli kelib chiqadi. Ushbu holat bo‘yicha 2018 yilda 7 ming 662 ma’muriy ish bo‘yicha 7 ming 814 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. Shuningdek, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishiga oid 1227 ish ma’muriy bo‘yicha 1227 nafar shaxs, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishiga oid 1448 ish ma’muriy bo‘yicha 1514 nafar shaxs javobgarlikka tortildi.

Ma’muriy sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish va qo‘llanilgan choralarning ta’sirchanligini oshirish maqsadida ishlarni sayyor sud majlislarida ko‘rilishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishlarning 23 ming 307 tasi yoki 52,4 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rilgani bu boradagi ishlar samarali bo‘lganidan dalolatdir.

Hisobot davrida ko‘rib tamomlangan 30 ming 728 ta ma’muriy ishlar bo‘yicha 34 ming 870 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash haqida qaror chiqarildi. Ularning 24 ming 575 nafariga nisbatan jarima jazosi qo‘llanildi. Umuman, viloyat, tuman ma’muriy sudlari tomonidan 2018 yil davomida ko‘rilgan ma’muriy ishlar bo‘yicha 19 milliard 792 million 275,2 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Shahar, tuman ma’muriy sudlari tomonidan aholining huquqiy madaniyatini oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida ham bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Fuqarolarga yanada yengillik yaratish va ularni sarson qilmaslikning oldini olish maqsadida har bir ma’muriy sud binosida "Ishonch telefoni" o‘rnatilgan bo‘lib, fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan telefon orqali murojaat qilmoqda va masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Botirali DIYOROV,

viloyat ma’muriy sudi raisi.