Ma’muriy sud sudyalari 2020 yilda tuman va shahar hokimlarining 97 ta qarorini haqiqiy emas deb topgan

Hokim qarorlarining haqiqiy emas deb topilishiga "Yer kodeksi"ning 24, 36, 38-moddalari talablariga rioya qilinmaganligi sabab bo‘lgan.

Viloyat va tumanlararo ma’muriy sud sudyalari, shahar, tuman hokimliklari yuristkonsultlari hamda Kadastr agentligining davlat kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Seminarda dastlab viloyat ma’muriy sudi sudyasi V.Asqarovning 2020 yil mobaynida arizachilarning hokim qarorlarini haqiqiy emas, deb topish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha axboroti tinglandi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yil davomida sudyalar hokimlarning 320 ta qarorlarini haqiqiy emas deb topishga oid ishlarni ko‘rib chiqib, arizachilarning talabi 97 holatda qanoatlantirilgan, 171 tasi rad etilgan, 16 ta holatda ish yuritish tugatilib, 36 ta ish ko‘rilmasdan qoldirilgan. Hokimliklarning noqonuniy qabul qilgan qarorlari bo‘yicha sudlar tomonidan 62 ta holatda xususiy ajrimlar chiqarilgan. Hokim qarorlarining haqiqiy emas deb topilishiga Yer kodeksining 24, 36, 38-moddalari talablariga rioya qilinmaganligi sabab bo‘lgan.

Tadbirda Yer kodeksiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalar hamda 2018 yil 8 yanvarda qabul qilingan “Ma’muriy tartib taomillar to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berildi.

Shuningdek, jinoyatchilik, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, aholining huquqiy savodxonligini oshirish yuzasidan ishtirokchilarning taklif va mulohazalari tinglandi.

Akmal Alimov,

Samarqand viloyati ma’muriy sudi sudyasi.