“Ma’naviyat ziyofati” kitobxonlar safini kengaytirmoqda

Past Darg‘om tumanida aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida “Ma’naviyat ziyofati” loyihasi amalga oshirilyapti.

Yaqinda tadbir doirasida tashkil etilgan arzonlashtirilgan kitob yarmarkasi kitobsevarlar, kelajak avlod uchun ma’naviyat ulashishdek ezgu niyatni ko‘ngliga tukkanlar bilan gavjum bo‘ldi.

 - Davlatimiz rahbarining aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga oid hujjatning qabul qilinishi ayni muddao bo‘ldi. Men ushbu loyiha doirasida ishtirok eta turib, bu yerdagi minglab yoshlarni ko‘rib, to‘g‘risi, quvonib ketdim. “Ma’naviyat ziyofati”da tumandagi barcha tashkilot va korxonalar rahbarlari qatnashib, o‘zlari ta’lim olgan maktablarga minglab kitoblar sovg‘a qilishdi. "O‘zim o‘qigan maktabga turli mavzudagi 100 dona badiiy kitob sovg‘a qildim", deydi tumandoshimiz I.Boliyev.

Ushbu tadbirda tumandagi to‘rtta sektor rahbarlari ham ishtirok etib, yuqori ko‘rsatkichga ega umumta’lim muassasalariga, kitobxon yoshlarga kitoblar jamlanmalarini taqdim etishdi. Shu kuni tumandagi maktablarga 10 ming dona badiiy kitob tuhfa etildi.

Shu tadbirdan so‘ng Juma shahridagi kitob do‘konini aylanib yurgan paytimda o‘rta yoshdagi bir kishi chamasi 8-9 yoshli bolasini yetaklab, do‘konga  kirib keldi va kitob javonlarida terilib turgan kitoblar bilan farzandini tanishtira boshladi.

 - O‘g‘lim, mana bu javonda kichik yoshdagi bolalar uchun ertak, rasmli kitoblar bor. Doim shu do‘kondan senga kitob sotib olaman, - dedi va farzandini bolalar uchun kitoblar tartib bilan terib qo‘yilgan javon tomonga boshladi. Bola ham ko‘zlari chaqnab, xursand holda kitoblarni ko‘zdan kechirdi.

- Dadajon, mana bu kitobni sotib olaylik, - deya bola “O‘zbek xalq ertaklari” kitobiga imo qildi.

 - Mayli, toychog‘im, sen kitob o‘qishni istaysan-u, men yo‘q deymanmi? Buni sen uchun olamiz, singling uchun rasmli kitobchalardan xarid qilamiz.

Kitobga oshno bu kishi bilan yaqindan tanishgim keldi.

- Tumandagi Oqmang‘it mahallasida yashayman, - dedi u salom-alikdan keyin. - 3 nafar farzandim bor. To‘ng‘ichim 2-sinfda o‘qiydi. Bu do‘konga har oyda bir marta kelib, bolalarim uchun yoshiga mos hikoyalar, ertaklar to‘plamini, turli boshqotirmalar berilgan kitoblarni sotib olaman. Chunki hozirdan mutolaaga o‘rganmagan bolani voyaga yetgach, kitobxonlikka o‘rgatish qiyin.

Kitob sotib olishni ortiqcha xarajat, deb qaraydigan ota-onalar ham yo‘q emas. Bu holatda bola o‘zi istagan kitobni sotib olib o‘qishi uchun qayerga murojaat qilish kerak? U kishi bilan suhbat davomida tumandagi axborot-kutubxona markaziga farzandlarini olib kelib, bemalol kitob mutolaa qilishlari mumkinligini aytdim. Markaz kitob fondi xususida gapirib berdim. Shu paytda qo‘l telefonim jiringlab qoldi.

 - Tumandagi 6-maktab direktori O‘tkir Shukurovman. Axborot-kutubxona markazida o‘tkaziladigan “Ma’naviyat ziyofati” loyihasida qatnashib, kutubxonaga kitob sovg‘a qilmoqchiman...

Nurjahon Murodullayev,

Past Darg‘om tuman axborot-kutubxona markazi direktori.