Ma’naviyatning bahosi qancha?
Televizorda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Zulfiya Mo‘minovaning suhbatini eshitib qoldim. Shoira Prezidentimizning ma’naviyat-ma’rifat to‘g‘risida o‘tkazgan selektor yig‘ilishidagi tanqidiy fikrlar bo‘yicha to‘lqinlanib gapirdiki, undan ta’sirlanmaslikning iloji yo‘q.
- Yoshlar kitobdan ko‘ra telefonni afzal bilayaptilar, - dedi shoira. - Bunday sharoitda qanday ma’naviyat-ma’rifat xususida gapirish mumkin. Mana, yurtimizdagi yosh kelin-kuyovlarning ajrimiga nazar soling. Barida bir xil gap. Oilaviy yetishmovchilik, qaynonasi bilan kelishmaslik. Agar bu oilalar bilan suhbatlashib ko‘rsangiz, ma’naviyat-ma’rifat to‘g‘risida umuman tushunchasi yo‘q. Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriylarni aytib ko‘ring, “U kim?” deydiganlari ham bor. Keksalari ma’naviyatli xalqning farzandlari ham ma’naviyatli bo‘ladi. Shunday ekan, nega farzandlarimizga kitob o‘qishning foydasi xususida tushuntirmay, yengil hayotni, oson mo‘may pul topish xususida gapiramiz. Oqibati nima bo‘lyapti?
Shoira opaning gaplarida jon bor. Ma’naviyat-ma’rifat bo‘lmagan xonadonda farzand tarbiyalash juda qiyin kechadi.
Ish yuzasidan mahalla oqsoqoli bilan bir oilani yarashtirish uchun xonadoniga bordik. Kuyov ham, kelin ham yashashga rozi. O‘rtada bir nafar farzand bor. Lekin qaynota bo‘lmish akaxonimiz ikki yoshning yarashishiga qarshi. “Kelin uyda ish qilmaydi, o‘g‘limni boshqasiga uylantiraman”. U bo‘ldi-bu bo‘ldi, maslahatimiz yaxshilik bilan tugamadi. Keyin bilsam, bu ikki yosh qayin otasining gapi bilan ajrashgan ekan.
Ana sizga oqibat, mana sizga ma’naviyat. Bu yerda kim aybdor? Ma’naviyatni, ma’rifatni to‘g‘ri hazm qilolmaydigan qayin otami? Yoki vaqtida kitob o‘qimagan kuyovmi-kelinmi?
Shuning uchun har birimiz yoshligimizdan ma’naviyat, ma’rifatga e’tibor berishga o‘rganaylik. Farzandlarimizni kitob do‘konlariga, kutubxonalarga yetaklab boraylik.
Savol: hududingizdagi axborot kutubxona markazini bilasizmi?
Bu so‘zlarni bekorga keltirmadim. Farzandiga kitob sotib olib berishiga qurbi yetmayotgan ota-onalar hech bo‘lmasa, markazlardagi kitoblarni o‘qishiga ruxsat berar. Nega farzandlarimizni bu maskanlarga tez-tez olib kelmaymiz? Ularga kitob o‘qishiga havas uyg‘otmaymiz?
- Markazimizda sakkiz mingga yaqin kitob bor, - deydi Payariq axborot kutubxona markazi xodimi Halima Ochilova. - Kitobxonlarimiz 800 nafardan ziyod. Yoshlarimiz kutubxonaga kelmayapti emas, kelyapti. Lekin biz hohlardikki, bizdagi kitoblardan ko‘proq yoshlar foydalansin. Turli xildagi qiziqarli kitoblarimiz bor. Ularni o‘qigan kishi sehrlanib qoladi. Faqat o‘qishga ishtiyoq bo‘lishi kerak. Internetdan foydalanamiz, deyishadi. Lekin shu narsa aniqki, kitobning o‘rnini hech qachon telefon bosa olmaydi.
O‘ylanib qolasan kishi. Farzandimizga bir million so‘mlik telefon olishiga ruxsat beramiz-u, o‘n ming so‘mlik kitob olishiga ko‘maklashmaymiz. To‘g‘ri, hamma bir xil emas. Farzandini kitob bilan ta’minlayotganlar ham bor. Lekin bular juda ozchilikni tashkil etayapti-da.
Ko‘pincha ishdan kechroq qaytishga to‘g‘ri keladi. Ko‘cha to‘la yoshlar. Og‘zida sigareta, qo‘lida telefon. Kechasi nimani gaplashadi, nimani muhokama qiladi bu yoshlar? Uyiga kech kelgan farzandidan ota-ona "qayerda yuribsan?" deb so‘rab qo‘yishi qiyin ishmi? "Mening farzandim falon kollejda o‘qiyapti" yoki "mana bunday tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, shuncha pul topyapti", deb g‘o‘ddayishdan oldin, uning tarbiyasi bilan ham shug‘ullanib qo‘ying. Ertaga bu farzandingizga ziyon qilmaydi-ku.
Yoshlar orasida ham jinoyatlar bo‘lyapti. Albatta, bularning tag zamirida tarbiyasizlik, bilimsizlik masalasi yotibdi. Ota farzandining o‘qishi bilan, yurish-turishi bilan shug‘ullanmasa, ayting u nima qilsin?
Umuman olganda, kitob o‘qigan boladan yomonlik chiqmaydi. Shunday ekan, keling, farzandimizga telefon olib berishdan oldin kitob sovg‘a qilaylik. Iqtidorini, iste’dodini namoyish etishiga ko‘maklashaylik.
Husniddin Xoldorov.