Manfaatdor o‘qituvchi sifat va taraqqiyot uchun jon kuydiradi

Samarqand davlat chet tillar instituti o‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori Fazliddin RO‘ZIQULOV bilan suhbatimiz ana shular xususida bo‘ldi.

- Keyingi yillarda professor-o‘qituvchilarning o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi mashaqqatli mehnati alohida rag‘batlantirilmay qo‘ygandi, - deydi prorektor. - Ilmiy ish olib borib, doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan mutaxassis va oddiy stajyor-o‘qituvchining maoshi o‘rtasidagi farq katta emasligi pedagoglarda o‘z ustida ishlash uchun qiziqish uyg‘otmasdi. Oqibatda oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-pedagog kadrlarning salohiyati, ilmiy unvon yoki darajaga ega, malakali kadrlarning ulushi pasayib ketdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 apreldagi oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish, 20 iyuldagi fan va oliy ta’lim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini oshirishga doir qarorlari samarasida oliy ta’lim muassasalarida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qodir yuqori malakali kadrlar tayyorlashga kirishildi. Oliy dargohlarda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur sharoit yaratish chora-tadbirlari belgilandi.

Ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan mazkur islohot samarasida oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari miqdori sezilarli darajada oshirildi. Ya’ni, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab kafedra mudiri 3,21 - 3,88 million so‘mgacha, professor 3,32 - 3,7 million so‘mgacha, dotsent 2,62 - 3,13 million so‘m, katta o‘qituvchi 2,35 - 2,73 million so‘m, assistent, o‘qituvchi 2,09 - 2,41 million so‘mgacha va o‘qituvchi-stajyor 1,85 million so‘m oylik oladigan bo‘ldi.

2019 yilning 1 yanvari hamda 1 iyulidan boshlab esa professor 4,44 - 5,55 million so‘m oylik maosh olsa, o‘qituvchi-stajyorga 2,22 - 2,77 million so‘m mehnat haqi to‘lanadi.

Bu, albatta, kelajakda oliy ta’lim tizimidagi muammolarni hal etish, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarning mavqeini ko‘tarishga xizmat qiladi. Ilmiy faoliyatning bunday rag‘batlantirilishi professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarimizning moddiy manfaatdorligini oshiradi, ilmiy salohiyatini mustahkamlaydi, ta’lim sifatini, ilmiy-tadqiqot samaradorligini yuksaltiradi, muhimi, iste’dodli yosh olimlar va talabalarning ilm bilan shug‘ullanishiga puxta zamin yaratadi.

- Talabalar va o‘qituvchilarning kuz faslida paxta yig‘im-terimiga jalb etilishi ta’lim jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash, umuman, ta’lim sifatiga ta’siri qay darajada edi?

- Oliy ta’lim muassasalaridagi bir o‘quv yiliga 44 haftalik ta’lim jarayonlari belgilangan. Muassasadagi ta’lim o‘quv-rejalari ham shu haftalarga (bayram sanalari bilan bog‘liq ta’tillardan tashqari) taqsimlangan. Paxta yig‘im-terim mavsumida, deylik, o‘quv-rejada belgilangan 4-6 haftalik dars soatlari "havoga sovurilardi". Belgilangan yillik o‘quv-rejani bajarishga majburligimiz sabab paxta mavsumidan keyingi davrlarda o‘qituvchilarimiz bir kunga belgilangan 3 juftlik dars jadvallariga 1-2 juftlik dars qo‘shib o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Oqibatda professor-o‘qituvchilarimiz o‘ziga qo‘shimcha yuklama olib, 3 juftlik o‘rniga 4-5 juft­lik dars mashg‘ulotlari o‘tishardi. Me’yordan ortiq yuklama bois o‘qituvchi jismonan, ruhan toliqadi. Xuddi shu holatda talaba ham bilimlarni risoladagidek qabul qilmaydi, charchaydi.

Bu holat, birinchidan, ta’lim muassasalaridagi o‘quv-rejalarining bajarilishiga to‘sqinlik qilsa, ikkinchidan, davlat ta’lim standartlari talablarining ijrosini to‘laqonli ta’minlashda qiyinchiliklar tug‘dirayotgandi. O‘z navbatida, bu oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim sifatining pasayib ketishiga olib kelayotgandi.

 

Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz hududida majburiy mehnatga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar, fuqarolarimizning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash borasidagi islohotlar shu kabi noqulayliklar, barkamol avlod, malakali mutaxassis tayyorlashdagi salbiy ta’sirlarning oldini olishda qo‘l kelayotir.

Abdug‘ofur ShERXOLOV suhbatlashdi.