Manmanlik qonimizdami? Yoki mentalitetimizga xos bo‘lmagan odatlarimizga chizgilar

Filadelfiyadagi (AQSh) “VATAN” jamiyati rahbari Shuhrat Qodirovdan ayrim illatlarimiz haqida mulohazalar.

Insonning insonligi shayton aldovlariga uchmasligidadir. Afsus, ming afsus! Biz haligacha hoyu-havaslarga o‘chligimiz tufayli g‘alati yo‘ldan chiqolmay ovorai jahonmiz.

Gap, biz o‘tkazayotgan to‘y-ma’rakalarimiz xususida bormoqda. Yana ham aniqrog‘i, to‘ylardagi me’yordan ortiqcha dabdabalarimiz haqida.

Umuman olganda, O‘rta Osiyo xalqlari to‘ysevar odamlar. To‘y xursandchilik kundir. Azal-azaldan farzandlarimizni sunnat to‘yini, nikoh to‘ylarini chiroyli, tartibli, xalqona o‘tkazganmiz. Endi savol tug‘iladi: shu kunlarda o‘tkazilayotgan to‘y-hashamlar-chi, ular havas qilgulikmi? Undan ibrat oladigan qanday jihat bor?

Afsuski, o‘zini bilgan odam bu savolga salbiy javob berishi aniq. Xususan, biz, samarqandliklar bu borada oldingi o‘rinlarda borayotganligimiz ham bor gap. To‘ylardagi dasturxonlarni uch-to‘rt qavat qilib, me’yoridan ortiq bezash ham aynan bizda. To‘ylarda san’atkorlar ustidan dasta-dasta pul sochishlar ham bizda. Hindistonliklarga o‘xshab, puldan gulchambar yasab, qudalar bo‘yniga ilish ham bizda. Yosh-yosh yigitlar davraga chiqib, yarashmagan “tutqanoq o‘yin”ga o‘ynayotganlar ham bizda. Ta’ziya marosimlarida to‘ynikidek dasturxon bezayotganlar, mehmonlarga tugun tarqatayotganlar ham bizda! Bunday tizginsiz orzu-havaslarimizning adog‘i yo‘q!

Odamga alam qiladigani, insonni fikrlashga majbur qiladigani - ana shu nomaqbul “qiliq”lar Amerikaga ham ko‘chayotgani va bu dabdabani bu yerda ham biz qilayotganimiz. Axir, bir o‘ylab ko‘raylik, biz to‘qligimizdan musofir yurtlarda yurganimiz yo‘q! Pul topish uchun kelganmiz. Birinchi kelgan kunlarimizdagi qiyinchiliklarni unutmaylik.

Bu nima, to‘qlikka sho‘xlikmi? Boylik hamisha birday bo‘lmaydi! Aqlimizni yig‘aylik. Ajlodlarimiz kimlar ekanligini unutmaylik. Yarim jahonni zabt etgan Amir Temur bizning bobomiz. Hadis ilmining bilimdoni, butun musulmon dunyosi e’tirof etgan Imom Buxoriy Samarqandda yotibdilar. Xoja Ahrori Valiy tuprog‘i Samarqandda. Moturidiy, Dahbediy... ehhe, yana qancha avliyolar Samarqandda.

Endi qarang, biz qay tomondan o‘zimizni ko‘rsatyapmiz: Mashinalarimizni “mingga qo‘yib” haydab, qizil chiroqdan o‘tib ketganimiz, dabdabali to‘y-marosimlarimiz bilan, ma’rakalarda qo‘yilayotgan tugunlarimiz bilanmi? Aytishga ham uyaladi odam: yoshi ulug‘larimizni nazar-pisand qilmasligimiz bilan ham maqtanyapmiz.

Dunyoga boqaylik, bugun ilm ahli izzatda. Dunyoni bilimlilar boshqarmoqda. Mehnat qilib topgan pulimizni bu dabdaba-yu hashamlar o‘rniga farzandlarimizni o‘qitishga sarflaylik! Shu bilan birga yaxshi tarbiya ham beraylik. O‘zimiz ularga ezgu ishlarimiz, fidoyiligimiz bilan ibrat bo‘laylik!

***

Tahririyatdan: To‘g‘ri, Shuhrat Qodirov o‘z mulohazalarini bugungi kunda AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga qarata aytgan. Ammo o‘ylab qarasak, ana shu dabdabalarning ildizi, afsuski, o‘zimizga kelib taqaladi. Va tilga olingan bu illatlarning aksariyati shu yerda ko‘proq uchrayapti. Muallifning kuyinganicha bor, yurtimizda ham, xorijda ham biz shu illatlardan qutulolmayapmiz. Siz nima deysiz? Fikr-mulohazalaringizni kutamiz.