Maqola muallifini topib bering!
Maqola e’lon qilindi-yu, shundan beri tahririyatning telefoni tinmay jiringlaydi. Muallifini topib berasizlar – tamom-vassalom. Bu kabi iltimoslar ko‘p bo‘lardi. Muallifni topib bering, maqola egasiga rahmat aytib qo‘yay yoki falon maqolasi bo‘yicha arzim bor kabi fikrlar mushtariy tomonidan bildirib turiladi. Ammo bu safargisi boshqacha bo‘ldi: "Topib bering, juda muhim gapim bor, faqat o‘ziga aytmoqchiman!".
Ayniqsa, feleton ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingach, fikrlar ko‘lami yanada kengaydi. Bildirilayotgan munosabatlarni o‘qirkansiz, gazetada chop etilgan rostdan ham feletonmidi o‘zi, degan shubhaga borasan, kishi.
"Eh-he, men qanchadan-qancha diplom ishlari yozib berganman talabalarga. Bu kishi maqola yozib beribdilar-ku", deya ochiqdan-ochiq tan oladi ziyoli bir kishi.
Yo, tavba, tushimmi-o‘ngimmi? Feleton odamlarni rost gapirishga undashining ilk guvohi bo‘lishim edi, shuning uchun bu fikrlarni qayta-qayta o‘qidim. Keyingisi undan ham oshib tushdi. "Diplom ishi deysizmi? Men doktorlik dissertatsiyalari yozib berganman!". Haqiqatan ham bu feletonning qandaydir siri bor-ov, deb o‘yladim. To‘g‘ri, diplom, ilmiy ishlarning yozib berilishi sir emas-u, ammo hali biror o‘qituvchining "Men shu ishni qilib, pul olaman", deb ochiqchasiga aytganini eshitmagandim. Ayniqsa, necha minglab kishilar ko‘z o‘ngida aytilishi g‘alati tuyularkan. Go‘yo men shunday nomaqbul ish qilaman, nima bo‘pti, deyayotganday.
Va nihoyat bir mushtariyning maqsadini unga maqola muallifining telefon raqamini berish evaziga bilib oldik. "O‘qituvchiman, shu kishiga maqola yozdirmoqchiydim…", deydi! To‘g‘risi, hamkasblarimiz bilan tilimiz kalimaga kelmay qoldi.
Ammo aybni o‘zimizdan izlay boshladik. Axir feleton deganlari kamyob janrga aylangan bo‘lsa, o‘quvchilar uning mazmun-mohiyatiyu pichingidan qanday voqif bo‘lsin? O‘quvchilarimiz gazeta janrlarini o‘rganishmagan-ku. Har kuni gazetalarda berilsaki, ular tasavvurga ega bo‘lishsa. Feletonning o‘zi kamyob bo‘lib borayotgan paytda o‘quvchilardan ayb qidirish to‘g‘rimikan?
G.KOMILOVA.