Maqola qor yog‘sa chiqadi...

Taniqli jurnalist, qalami o‘tkir ijodkor, yoshlarning sevimli ustozi Adham Hayitov hayot bo‘lganida bugun 74 yoshga to‘lardi.

Adham Hayitov nomini saytimiz va “Zarafshon” gazetasi mushtariylari yaxshi taniydi. U qariyb 50 yil shu tahririyatda mehnat qildi, hayotini shu "Zarafshon" bilan bog‘ladi. Oddiy musahhihlikdan muharrir o‘rinbosarligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Bo‘lim boshlig‘i sifatida savdo va sanoat sohalari haqida dolzarb maqolalar, jonli reportajlar tayyorlagan bo‘lsa, muharrir o‘rinbosari bo‘lganida gazeta mazmun-mundarijasini boyitdi, mas’ul kotib sifatida gazetani yanada ko‘rimli chiqarishga intildi. Bu orada o‘nlab yoshlarga ustozlik qildi, yosh muxbirlarga sohaning nozik jihatlarini o‘rgatdi.

Mas’ul kotibligi chog‘ida Adham Hayitov Bulung‘ur tuman elektrchilari faoliyati haqida maqola tayyorlab berishimni so‘radi. Qahraton qish, havo juda sovuq edi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasiga bir necha bor borib, boshliqni topolmay yurgan paytimda rahbar – Xo‘roz aka Xo‘jamurodov (oxiratlari obod bo‘lsin)ni tuman hokimligi binosi oldida uchratib qoldim. Salom-alikdan so‘ng muddaomni aytdim.

- E, uka, bizning nimamizni gazetaga yozasiz, mana, qarang, – dedi qop-qora qo‘llarini ko‘rsatib. – Shu izg‘irin sovuqda kechasi bilan tizza bo‘yi qor kechib, G‘o‘bdin tog‘i etagidagi kompleks fermaning “sveti”ni yoqib kelyapmiz...

Shu suhbat asosida kichik bir maqola tayyorladim. Lekin bir hafta, o‘n kun o‘tsa ham maqola gazetada chiqmadi. Bu orada kunlar isib, qorlar erib ketdi. Xo‘roz aka bilan ko‘rishib qolsak, maqola chiqdimi, deb so‘raydi. Men esa Adham akaga qo‘ng‘iroq qilib so‘rayman. Bir kuni Adham akaga yana shu masalada chiqqandim, “Maqola qor yog‘sa chiqadi” deb telefonni o‘chirdi.

Hayron bo‘ldim – rostdan qor yog‘sa chiqadimi yoki jahl bilan aytdimi?

Bir necha kundan so‘ng ertalab turib, tashqariga qarasam elakdan tushayotgan unday qor yog‘yapti. Adham akaning gapi esimga tushib, yana qo‘ng‘iroq qildim. “Maqola chiqdi” degan xabarni eshitdim...

Gazetani qo‘lga olgan Xo‘roz aka xursand bo‘lib, “Baraka toping, uka, biz haqimizdagi maqola zo‘r chiqibdi”, deb minnatdorlik bildirgandi.

Keyinchalik tahririyatda uchrashganimizda Adham aka “maqolada elektrchilarning qor kechib, og‘ir sharoitda ham burchini bajarib, ishlayotgani haqida yozgansiz, uni qanday qilib quyoshli kunlarda gazetaga berish mumkin? Shuning uchun yana qor yog‘ishini kutdik”, degandi.

Adham Hayitov ana shunday, o‘z ishining ustasi, jurnalistikada har bir nozik jihatni hisobga olardi.

Rabbim Hotamov,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.