Maqsad faqat iqtisodiy manfaatdorlik bilan cheklanmaydi
Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Otabek Azimov bilan suhbat
– Otabek Islomovich, hozirgi iqtisodiy islohotlar, aholini kambag‘allikdan chiqarish, tadbirkorlikka o‘rgatish, bandligini ta’minlash borasidagi ishlar jarayonida moliyaviy resurslarga, jumladan, bank kreditlariga talab yuqori bo‘ladi. Viloyatdagi banklar bu talabni nechog‘lik anglamoqda va ularning ish samaradorligi nimalarda ko‘rinmoqda?
– Barchamizga ma’lumki, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishda moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlarini bevosita mahalla darajasida qo‘llash maqsadida har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari lavozimlari joriy etildi. Ularga mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o‘rganish, tadbirkorlikni rivojlantirishni ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga yordam berish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olish hamda yetakchi tadbirkorlik sub’yektlariga kreditlar ajratishni tashkil etish bo‘yicha tijorat banklari bilan hamkorlikda ishlash vazifasi qo‘yilgan.
Bu ishlarni amalga oshirish maqsadida birgina oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yil davomida “Agrobank”, Xalq banki va “Mikrokreditbank” orqali jami 900 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 20493 nafar tashabbuskorga 482,9 milliard so‘m kredit berildi.
E’tiborli jihati, bu kreditlarning 194,3 milliard so‘mi (10316 nafar) xotin-qizlarga hamda 184 milliard so‘mi (8171 nafar) yoshlarga ajratilgan. Bugungi kunda alohida e’tibor qaratilayotgan yana bir soha – xizmatlar ko‘rsatish va servisni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan joriy yilda viloyat bo‘yicha 607 milliard so‘m, shundan oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 8510 ta loyihaga 193,6 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
– O‘tgan yil va yil avvalida tasdiqlangan dasturlar asosida 2022 yilda Samarqand viloyati uchun belgilangan kredit va xalqaro moliyaviy resurslar o‘z vaqtida va to‘liq ajratilyaptimi?
– Ha, albatta. Viloyatimizdagi tijorat banklari tomonidan barcha moliyalashtirish mablag‘lari hisobidan 2021 yilda 109 ming 121 nafar yuridik va jismoniy shaxsga jami 6 trillion 755 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lsa, joriy yilning 6 oyi davomida mazkur yo‘nalishda 66 717 nafar yuridik va jimoniy shaxsga 3 trillion 312 milliard so‘m kredit berildi. Bu kreditlarning 2,4 trillion so‘mi (yoki 66254 ta loyiha) milliy valyutadagi va 877 milliard so‘mi (yoki 463 ta loyiha) xorijiy valyutadagi kredit hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga tashriflari davomida qabul qilingan dasturlarda bank tizimiga belgilangan vazifalar ijrosi o‘z vaqtida va sifatli ta’minlanib, ushbu yo‘nalishda topshiriqlar ijrosi alohida nazoratga olingan.
Xususan, tashriflar davomida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonlariga ko‘ra, 2017-2022 yillar davomida hududiy dasturlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan 5 trillion 848 milliard so‘mlik 1351 ta investitsiya loyihasi moliyalashtirildi.
Natijada bank kreditlari hisobiga 1326 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Moliyalashtirilgan loyihalardan 425 tasi yoki 1 trillion 475 milliard so‘mi qishloq xo‘jaligiga, 456 tasi yoki 3 trillion 593 milliard so‘mi sanoat yo‘nalishiga hamda 470 tasi yoki 781 milliard so‘mi xizmat ko‘rsatish loyihalariga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining hududlarda sanoat salohiyatini oshirish bo‘yicha tasdiqlangan hududiy dasturga asosan 2022 yilda viloyatda 1 trillion 968 milliard so‘mlik 367 ta loyihaga kredit mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan.
– Nima deb o‘ylaysiz, kredit bilan bog‘liq muammolarda masala imtiyozli kreditdami, bankdami yoki mijozda?
– Kredit bilan bog‘liq turli byurokratik to‘siqlar aholi va tadbirkorlarning ovoragarchiligiga hamda ularning ortiqcha vaqti va mablag‘lari sarflanishiga sabab bo‘lishi tabiiy. Ammo bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan raqamli iqtisodiyot davrida ham afsuski, ba’zi hollarda bunday holatlar kuzatilmoqda.
Bu borada mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish va telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish orqali respublika iqtisodiyotining raqobatbardoshligini yanada oshirish maqsad qilingan.
Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchi edim. Bugungi kunda banklar tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatishda ortiqcha vaqt sarfi, ovoragarchiliklar va qog‘ozbozlikni cheklash hamda inson omilini qisqartirish maqsadida raqamli identifikatsiyalash, avtomatlashtirilgan skoring, kredit konveyeri hamda anderrayterlar guruhi kabi tizimlar va modulli kreditlash joriy qilingan.
Birgina oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar ajratish tizimini olaylik. Prezidentimizning 2021 yil 20 dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2022 yil 1 martdan dasturlar bo‘yicha kreditlar to‘liq raqamlashgan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratilmoqda.
Dasturlar doirasida arizalarni ko‘rib chiqish va kreditlar ajratish jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
Dasturlar doirasida kredit arizalari masofadan qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki hokim yordamchilarining ko‘magi bilan Yagona elektron platforma orqali taqdim etiladi. Arizalar inson omilisiz, belgilangan mezonlar asosida skoring baholash natijalariga ko‘ra, avtomatlashtirilgan holda ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.
Skoring natijasiga ko‘ra ijobiy baholangan arizalar dasturlar doirasida ko‘rib chiqish uchun hokim yordamchisiga kelib tushadi. Hokim yordamchisi qarz oluvchining arizasiga asosan, joyiga chiqqan holda amalga oshiradigan faoliyat turi bo‘yicha shart-sharoiti, imkoniyati hamda yetarlicha bilim va tajribasi mavjudligini o‘rganib, kredit olish uchun tavsiyanoma berish yoki bermaslik yuzasidan fotohisobot hamda geolakatsiyani yagona elektron platformaga joylashtiradi.
Vakolatli tijorat banklari yagona elektron platforma orqali kelib tushgan arizalarni o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqib, kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha hujjatlarni elektron ko‘rinishda shakllantiradi va imzolaydi.
Vakolatli tijorat banki va mijoz o‘rtasida elektron kredit shartnomasi tuzilganidan so‘ng qarz oluvchilar marketpleys tizimidan o‘zlariga kerakli mahsulot va xizmatlarni mustaqil ravishda tanlaydi. Qarz oluvchi tomonidan tanlangan mahsulot va xizmatlarni yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma marketpleys tizimida avtomatik tarzda shakllanib, qarz oluvchi va ta’minotchi o‘rtasida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
O‘z navbatida, mahsulot yetkazib berilgan yoki xizmatlar ko‘rsatilganidan so‘ng ularni topshirish-qabul qilish maqsadida ta’minotchi tomonidan tizimning o‘zida elektron hisob-faktura rasmiylashtiriladi. Qarz oluvchi mahsulot va xizmatlarni qabul qilib olib, undan qoniqish hosil qilganidan so‘ng elektron hisob-fakturani imzolaydi.
Hisob-faktura imzolanganligi to‘g‘risida hokim yordamchisiga yagona elektron platforma orqali xabar beriladi va hokim yordamchisi joyiga chiqib o‘rganadi. Mahsulotlar haqiqatdan yetkazib berilganligi yoki berilmaganligi yuzasidan fotohisobot shaklida elektron dalolatnoma tuziladi.
Vakolatli tijorat banklariga to‘liq imzolangan elektron hisob-faktura hamda hokim yordamchisi tomonidan tasdiqlangan elektron dalolatnoma ushbu mahsulotlar (xizmatlar) uchun to‘lovni amalga oshirishga asos bo‘ladi.
– Qaytarilmayotgan kreditlar masalasi ham banklarning eng og‘ir muammosi hisoblanadi. Bu ishga hatto hokimlik yordam bermoqda. Sizningcha, bu qanchalik to‘g‘ri? Umuman, hokimlik va banklar munosabatlaridagi bugungi muammo nimada?
– Juda to‘g‘ri aytdingiz. Bugungi kunda muammoli kreditlar masalasi Markaziy bank va tijorat banklarini tashvishga solayotgan eng dolzarb muammolardan biri sanaladi.
Albatta, banklar moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda mustaqilligi O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasi bilan belgilab qo‘yilgan.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga banklar faoliyatiga, shu jumladan, banklarning kredit portfelini va aktivlarini shakllantirish bilan bog‘liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarishga, banklarning rahbar xodimlarini tayinlashga aralashish, shuningdek, bankning mablag‘lari hisobidan turli xil to‘lovlar va badallar talab qilish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.
Biroq tijorat banklarining to‘lov qobiliyati, kredit ajratish imkoniyatini yaxshilash va eng muhimi, chet el banklari va xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan resurs mablag‘larining o‘z vaqtida qaytarilishida mahalliy hokimlik banklarimizga yaqindan ko‘maklashib kelmoqda.
Bu o‘z navbatida, qaytarilgan resurslar hisobidan jismoniy va yuridik shaxslarga yana yangi kreditlar ajratish hamda ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga yoki uni kengaytirishiga xizmat qilish bilan birgalikda viloyatimizda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, Prezidentimizning “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, hokim yordamchilari o‘ziga biriktirilgan mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishini va ularning samaradorligini monitoring qilib boradi hamda kreditlarning o‘z vaqtida qaytarilishi bo‘yicha sektor rahbarlari va tijorat banklari bilan birgalikda tegishli choralar ko‘radi.
Mazkur qarorning 11-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari hamda sektor rahbarlari tijorat banklari bilan birgalikda dasturlar bo‘yicha ajratilgan kreditlarning ularni so‘ndirish grafigiga muvofiq belgilangan muddatlarda qaytarilishiga mas’ulligi;
hududlarda har oylik kreditlash hajmlari kreditlarni so‘ndirish grafigi ijrosining bajarilmagan miqdoriga mos ravishda kamaytirilishi qat’iy belgilangan.
Ko‘rib turganingizdek, ajratilgan kreditlarni so‘ndirish bo‘yicha viloyat, tuman, shahar va sektor kesimida reja-grafik ishlab chiqilgan va bu grafik bajarilmagan taqdirda mos summaga kredit ajratish imkoniyati boy beriladi.
1 iyul holatida viloyatda muammoli kreditlar miqdori 857 milliard so‘mni tashkil qildi. E’tibor bering, birgina misol keltiraman, shu mablag‘larni biz fuqarolarimizga oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishlari uchun shartli ravishda 30 million so‘mdan ajratganimizda 28568 nafar jismoniy shaxsga kredit berilgan va kamida shuncha odamning daromad topish imkoniyati yaratilgan bo‘lardi.
Shu o‘rinda jismoniy va yuridik shaxslardan, tadbirkorlik sub’yektlaridan olgan kreditlarini o‘z vaqtida qaytarishlarini, boshqa tadbirkorlik sub’yektlarining ham kredit olib, o‘z imkoniyatlarini kengaytirishlariga, viloyatimizda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasining rivojlanishiga bevosita va bilvosita o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rab qolaman.
– Keyingi paytda viloyatdagi banklarda xorijdan jo‘natilgan pul o‘tkazmalarini chet el valyutasida, aniqrog‘i, AQSh dollarida olishda cheklovlar, uzundan-uzun navbatlar yuzaga keldi. Bu vaziyatni yaxshilash uchun Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tomonidan ham biror chora ko‘rildimi?
– Samarqand viloyatida 2022 yilning yanvar–iyun oylarida tijorat banklari tomonidan xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali jami 745,6 million AQSh dollari (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 214,2 million AQSh dollariga yoki 1,4 baravarga oshgan) aholiga to‘lab berilgan. Mazkur to‘lovlarning salmoqli qismi, ya’ni 417,5 million AQSh dollari Rossiya Federatsiyasidan kelib tushgan. Viloyatdagi tijorat banklar tomonidan xorijdan jo‘natilgan pul o‘tkazmalarining aholiga chet el valyutasida berilishida hech qanday cheklovlar mavjud emas.
Bugungi kunda tijorat banklari tomonidan uzundan-uzun navbatlarning yuzaga kelmasligi, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida raqamli texnologiyalardan foydalangan holda chet eldan kelayotgan xalqaro pul o‘tkazmalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank plastik kartalariga tushirish imkoniyati ham mavjud.
Bosh boshqarma tomonidan kunlik monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan va bu masala qattiq nazorat ostiga olingan. Shuningdek, zarur hollarda xalqaro pul o‘tkazmalariga xizmat ko‘rsatuvchi operatorlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha tijorat banklariga ko‘rsatmalar berilgan.
– Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektorda ipoteka kreditlarining cheklangan hajmi va subsidiya ajratishda byurokratiya bo‘yicha aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlar bildirilayotgani ta’kidlandi. Ipoteka kreditini ajratishda aholi daromadlari bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Siz shu sohaning mas’ul kishisi sifatida bu boradagi byurokratiyani nimada ko‘rasiz va uni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rish kerak, deb hisoblaysiz?
– Inson baxtli yashasam deydi, turmushining farovon bo‘lishini, orzu-niyatlarining ushalishini istaydi, hech kimdan kam bo‘lmaslikka intiladi. Zotan, bunga to‘la haqi bor. Umr odamga bir marta beriladi. O‘z uy-joyiga ega bo‘lish har bir insonning o‘zini baxtli his qilishi, to‘kin yashashi, ezgu istaklarini ro‘yobga chiqarishda muhim omillardan biri sanaladi.
Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash davlat siyosati darajasida qaralib, ko‘plab imtiyozlar joriy etilmoqda.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiya mablag‘lari daromadi yuqori bo‘lmagan hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarga, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga va mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlarga ajratiladi.
Viloyatimiz aholisi uchun 2017-2021 yillar davomida 7560 nafar fuqaroga 1 trillion 555 milliard so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lsa, ushbu yo‘nalishda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 2905 nafar fuqaroga 538,4 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.
Bundan tashqari, daromadi yuqori bo‘lmagan hamda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarga, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga va mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlarga 2021-2022 yillarda 2375 nafar fuqaroga jami 574,6 milliard so‘mlik subsidiya asosida ipoteka kreditlari ajratildi.
To‘g‘ri, ba’zida bu jarayonda turli byurokratik holatlar, qonunga zid harakatlar uchraydi. Lekin bunday holatlarda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan tegishli organlar tomonidan jazo choralari qo‘llanilmoqda. Aholi ham bu borada o‘z haq-huquqini bilgan holda uni talab qilishi, yuqorida aytganimdek, banklarga murojaat qilishda inson omili bo‘lmagan zamonaviy informatsion texnologiyalardan foydalanishni o‘rganishi kerak.
Davlatimiz rahbari bergan topshiriqlar asosida, aholi daromadlari bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yiladigan talablar yaqin orada yengillashtirilishi kutilmoqda.
Umuman, banklar faoliyatining asosini iqtisodiy manfaat, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish tashkil etsa-da, aholining iqtisodiy ahvolini, turmush sharoitini yaxshilash, bunga hissa qo‘shish ham asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bank mijozlari bilangina bank bo‘ladi.
– Tez orada yangi o‘quv yili boshlanib, banklarga ta’lim krediti yuzasidan murojaatlar ko‘payadi. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, bu yil ushbu yo‘nalishda qanday yangiliklar, o‘zgarishlar kutiladi. Mijozlarga qanday yengilliklar beriladi yoki majburiyatlar yuklanadi?
– Mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish va uni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilishi hech birimizga sir emas. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tijorat banklariga ham vazifalar belgilab berilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 iyuldagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki vasiylari ta’lim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkinligi, bunda ta’lim kreditlari uchun foizlarni hisoblash va to‘lash oliy ta’lim tashkilotiga mablag‘lar o‘tkazilgan sanadan boshlab, asosiy qarzni qaytarish esa kredit oluvchi tomonidan oliy ta’lim tashkilotida ta’limning ushbu turi bo‘yicha o‘qishning rasmiy belgilangan muddati tugallangandan so‘ng yettinchi oydan boshlab amalga oshirilishi kabi qo‘shimcha imtiyozlar belgilab qo‘yildi.
Viloyatimiz tijorat banklari tomonidan 2021 yilning avgust-dekabr oylarida 1879 nafar talaba uchun qariyb 19 milliard so‘m miqdorida ta’lim krediti ajratilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich joriy yilning o‘tgan davrida 416 nafar talabaga qariyb 3 milliard so‘mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 iyuldagi “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmasligi kabi imtiyozlar belgilandi.
Shuningdek, ta’lim kreditini rasmiylashtirish va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etildi.
Ushbu qaror talablari doirasidagi kreditlar “Agrobank”, “Asakabank”, “Ipoteka bank”, “Mikrokreditbank”, “Oriyent Finans bank”, “Milliy bank”, “Turon bank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, Xalq banki, “Qishloqqurilishbank” hamda “Hamkorbank” tomonidan ajratiladi.
G‘olib HASANOV
suhbatlashdi.