Mardikorlar o‘gaymi?

Bo‘sh paytlarimda goh-gohida yollanma ishchi sifatida mardikor bozoriga chiqib turaman. Oramizda turli toifadagi odamlar bo‘ladi, hatto ayollar ham bor. Menga o‘xshagan kishilarning soni ko‘paysa ko‘payadiki, sira kamaymaydi.

Bunga shahar va qishloqlarimizdagi qurilish, obodonchiliklarning tobora ortib borayotgani sababdir. Ilgarilari pul topib, ro‘zg‘or tebratish uchun bozorga chiqqanlar unchalik ko‘p bo‘lmasdi. Hech kim mashinaga qarab yugurmas edi, bemalol o‘tirishardi. Hozir-chi? Ishlovchilar soni ko‘paygan sari mardikor bozorlarda tartib ham, insof ham qolmayapti. Tartibsizlik shuki, mardikorlar nazorat ostiga olinmaganliklari bois ko‘cha-ko‘yni iflos qilishmoqda, ko‘p hollarda transport qatnoviga xalaqit berishyapti. Ish beruvchilar ham turli toifadagi kishilar. Mardikorlarni ishlatib, yaxshi qaraydigan, kelishilgan pulini aytilgan vaqtda beradiganlari ham bor. Biroq ayrimlarning qo‘liga tushgan ishlovchilarning ahvoli voy bo‘ladi. Qancha ishlasangiz, "Yana-yana", deydi. Ovqatdan qisadi. Yotib-turishlari uchun sharoit yaratmaydi va hokazo.

Men bu ijtimoiy masalaga behuda qay­g‘urayotganim yo‘q. Ko‘rgan-bilganlarim va kuzatishlarimdan nega mardikor bozorlarini tartibga solish, arzon-garovga yollanayotgan ishchilarni himoyaga olish mumkin emas, degan savol o‘ylantiradi meni. Bu borada anchadan buyon o‘ylab yurgan ayrim mulohaza, takliflarimni bildirmoqchiman. Mardikorlikka chiqqan yosh-yalanglar bir yerdan kelib qolgan odamlar emas, o‘zimizning farzandlarimiz. Ular ishlashga, ishlaganda ham qonuniy ishlashga haqlidirlar. Inson qadr-qimmatini kamsitishga hech kimning xaqi yo‘q. Bunga qonunlarimiz ham yo‘l qo‘ymaydi. Hamma narsa qonun bilan himoyalangan bo‘lsin deyman-da. Tog‘ni ursa, talqon qiladigan bu yigitlar ichida nopok, dangasalari ham bor, albatta. Taklif shuki, mardikor bozorlarini nazorat qiladigan idoralarga birkitish lozim. Har bir ishlovchining ro‘yxati shakllantirilib, oylik badal to‘lashga jalb qilish kerak. Mardikor uchun shaxsini, bir jamiyatga a’zoligini tasdiqlovchi hujjat chiqarish darkor. Bu bilan ularning haq-huquqlari himoya qilinadi va ish stajiga qarab imtiyozli kredit olish imkoni tug‘iladi.

Mardikorlarga ish beruvchi shaxslarni ham, xususan, bir necha ishchilarni oylab ishlatuvchi, mehnat haqini "konvert" usulida beruvchi prorab, bino sohiblarini ham soliqqa tortish kerak. Hozirgi kunda bunday toifadagi "tadbirkor"lar ko‘payib ketgan.

 Ahtam ELMURODOV,

Qo‘shrabot tumani, Toz qishlog‘i.