Markaziy harbiy okrugda yosh harbiy xizmatchilar uchun maxsus amaliy mashg‘ulotlarga start berildi (foto)
Joriy yilning 29 oktyabr kuni Markaziy harbiy okrugda joylashgan Jizzax viloyatidagi harbiy qismlarning birida yosh harbiy xizmatchilar bilan uch kunlik namunadagi maxsus amaliyot mashg‘ulotlariga start berildi.
Dastlab, bo‘linma tarkibida belgilangan hududni o‘rganish, tog‘ va cho‘l hududida harakatlanish taktikasi hamda noqulay ob-havo sharoitida jangovar vazifani bajarish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil etildi.
Shundan so‘ng bo‘linma jangovar tayyorgarlikning yangicha usul va uslublarini o‘zida jamlagan va 15-20 ta elementlardan iborat maxsus majmuaviy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tdi.
Shuningdek, harbiy texnikalardan mashqlar bajarildi. Jangovar ikkilik va uchlik bilan yaqin masofada jang olib borish usullari real sharoitlarga yaqin tarzda bajarildi.
Kelgusida bo‘linmalardagi harbiy xizmatchilarni ruhiy va jismoniy sifatlarini yanada shakllantirish bo‘yicha jangovar tayyorgarlik usullari va maxsus yo‘lak elementlari boshqa harbiy qismlarda ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Markaziy harbiy okrug axborot xizmati.