Markaziy Osiyoda ilk bor Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyatining nufuzli tadbiri tashkil etiladi
Shu yilning 27-29 aprel kunlari Samarqandda Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyati (ELSA)ning “Ipak yo‘lida minimal invaziv xirurgiya” mavzuidagi I bahorgi kongressi o‘tkaziladi.
ELSA notijoriy tashkilot bo‘lib, Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglarining tashabbuskor guruhi tomonidan 1992 yilda Singapurda ta’sis etilgan bo‘lib, Osiyo mintaqasida endoskopik xirurgiyani rivojlantirish, jamiyatga a’zo davlatlardagi tibbiy muassasalarda mazkur sohaga doir tavsiyalarni amaldagi standartlar asosida ishlab chiqishni maqsad qilgan.
– Bugungi kunda ELSA Osiyo-Tinch okeani mintaqasida endoskopik xirurglarning katta obro‘ga ega jamiyati hisoblanadi, – deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti 2-klinikasi – ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi markazi bosh vrachi, professor Jamshid Shamsiyev. – Bu tashkilot endoskopik xirurglar jamiyati xalqaro federatsiyasi (IFSES) ning asoschilaridan bo‘lib, uning rahbarlik organi Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 37 mamlakatdagi yetakchi endoskopik xirurglar vakillaridan tashkil topgan. Bizning markazimiz jarrohlari 2016 yilda mazkur jamiyatga a’zo bo‘lgan. Jamiyat har yili bir marta kuzda o‘zining kongressini o‘tkazadi. Lekin biz jamiyatga taklif bilan chiqib, bahorgi kongressini tashkil etish va uni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini bildirdik. Bunga keyingi yillarda yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida tibbiy muassasalarimiz moddiy-texnika bazasi mustahkamlanayotgani, yuqori texnologik davolash metodlari qo‘llanilayotgani va murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgani ham asos bo‘ldi.
Kongressda Malayziya, Singapur, Filippin, Janubiy Koreya, Pokiston, Bangladesh, Yaponiya, BAA, Xindiston, Yaman, Turkiya singari 45 davlatdan 500 dan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Xalqaro forum doirasida Samarqand davlat tibbiyot universitetining ixtisoslashlgan bolalar xirurgik klinikasida xalqaro ekspertlar ishtirokida kam invaziv xirurgiyaning so‘nggi yutuqlari asosida jarrohlik amaliyoti va mahorat saboqlari o‘tkaziladi. Ushbu jarayonni tadbir ishtirokchilari jonli kuzatish va interfaol muhokama kilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kongressning asosiy tadbirlari Samarqand xalqaro turistik markazida o‘tkaziladi.