Markaziy Osiyolik migrantlar ishlagan pullarini Rossiyaning o‘zida qoldirib kelishga majbur bo‘lmoqdalar

Rossiya hukumati turli mamlakatlardan kelayotgan mehnat migrantlariga tobora og‘irdan–og‘ir shartlar qo‘yishda davom etmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Rossiya hukumati shu yo‘l bilan mamlakatda mehnat qilayotgan mavsumiy migrantlarning Rossiyadan kamroq mablag‘ olib chiqib ketishlari uchun yildan yil turli to‘lovlarni oshirib bormoqda. Masalan, ilk marotaba joriy qilinganida oyiga 1000 rubl bo‘lgan migrantlar patenti bugun turli hududlarda 4-5  ming rublgacha oshirildi. Bu haqda sputnik.uz xabar bermoqda.

Kuni kecha ayni shu mavzuda bo‘lib o‘tgan brifingda Moskva shahar ma’muriyati vakillari migrantlar patenti Moskva byudjetiga qancha daromad keltirgani ma’lum qildilar.

Ularning hisobotlariga ko‘ra 2019 yilning dastlabki to‘rt oyi davomida mehnat migrantlari patentidan olingan daromadni ma’lum qildi.

Joriy yilning dastlabki to‘rt oyi mobaynida Moskva shahrida mehnat migrantlari patentlari to‘lovidan olingan daromad qariyb 5,6 milliard rublni tashkil qildi. Bu haqda Moskva hukumati matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Moskva ko‘p tarmoqli migratsiya markazida 2018 yilda  Moskva shahrida ishlash uchun 451,6 ming dona mehnat patentlari berilgan va patent to‘lovlaridan poytaxt byudjetiga tushgan daromad 17,4 milliard rublni tashkil etgan.

Bu shuni anglatadiki Moskva hukumati ham Rossiyaning boshqa hududlari kabi mamlakatda mehnat qilayotgan migrantlardan tobora ko‘proq pul undirish payida bo‘lyapti va har yili patent narxini oshirib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 yanvardan Moskva shahrida migrantlar uchun patent to‘lovi narxi 4,5 mingdan 5 ming rublgacha oshirildi.