Marmar toshlar orasida yashirilgan giyohvandlik: Samarqandda 37 kg opiy musodara qilindi
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida 1992 yilda tug‘ilgan xorijiy davlat fuqarosi, shuningdek, Samarqandda yashovchi 1981 va 1995 yillarda tug‘ilgan 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruvlar natijasida aniqlanishicha, xorijiy fuqaro qurilish materiallari sifatida olib kelingan marmar toshlar orasiga giyohvandlik vositalarini yashirib, mamlakatimizga olib kirgan. Mahalliy fuqarolar esa ushbu giyohvandlik moddalarini tarqatish bilan shug‘ullangan.
Tezkor tadbir davomida jami 37 kilogramm 421 gramm “ekstraksion opiy” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.