Mart oyida qanday ob-havo kuzatiladi

"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, mart oyi harorat ko‘tarilishi bilan boshlanadi. 1-4 mart kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va 4 martga kelib havo kunduzi 20-23° iliqqacha isiydi.

Ushbu kunlarda asosan quruq ob-havo kutilmoqda, 2 martga o‘tar kechasi ayrim joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

5 martdan boshlab ob-havo yomonlasha boshlaydi. Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, ba’zi joylarda kuchli shamol esishi va mart oyining birinchi o‘n kunligi uchun me’yorga yaqin qiymatlargacha havo harorati pasayishi mumkin.

Keyinchalik esa oy oxirigacha mart oyiga xos bo‘lgan beqaror ob-havo kutilmoqda.

Bahorning birinchi oyi harorat keskin o‘zgarishi bilan tavsiflanadi, bunda tez isish davrlari keskin sovuq davrlar bilan almashadi, ba’zida esa qisqa muddatga yomg‘ir qorga aylanishi va kechasi harorat manfiy qiymatlarga pasayishi bilan kuzatiladi.

So‘nggi 50 yil ichida 1972 yilning mart oyi eng sovuq bo‘lgan edi, hatto mart oyining uchinchi o‘n kunligida ham harorat kechalari 10-15° sovuqqacha pasaygan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda mart oylari iliqlashdi. 2008, 2016, 2018 yillarning mart oylari barcha kuzatuv yillari uchun eng iliq uchlikka kirdi. Mart oyining eng iliq kunlarida esa harorat 30-32° iliqqacha, janubda ba’zi joylarda 35-37° iliqqacha ko‘tarilgan.

O‘zbekistonda mart oyi yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha ham, yog‘ingarchilik kunlari soni bo‘yicha ham yilning eng yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladigan oyi hisoblanadi. Shimoliy hududlar va cho‘l zonasini hisobga olmaganda, mart oyida o‘rtacha 10 kundan 15 kungacha yog‘ingarchilik bo‘ladigan kunlar kuzatiladi.

So‘nggi 10 yil ichida 2013 yil va 2014 yillarning mart oyilari eng ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilgan yillar hisoblanadi. Ushbu yillarda yomg‘ir qorga aylanishi birinchi o‘n kunlikda tez-tez kuzatilgan, vaqti-vaqti bilan kuchli bo‘lgan va ularning oylik miqdori bir yarim-ikki oylik me’yorgacha yetgan.

So‘nggi 25 yilda 1998 yilning mart oyi eng qorli bo‘ldi, bunda Toshkentda 9 kun davomida qor qoplami kuzatildi, uning maksimal balandligi esa 22 sm.ni tashkil etgan.