Mashinangizni qay holatda sotib olayotganingizni bilishni istaysizmi?
Joriy yil 1 maydan boshlab avtomobillarga oid ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha “Avtomobil tarixi” davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
“Avtomobil tarixi”ga oid ma’lumotlarni YaIDXP (my.gov.uz), Davlat xizmatlari markazlari, veb-saytlar va mobil ilovalar orqali shartnomaviy asosda aniqlash va olish mumkin.
Xizmatdan foydalanishda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi, mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli avtotransport vositalaridan tashqari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan barcha avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish mumkin.
“Avtomobil tarixi”da avtotransport vositasining davlat raqami belgisi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sana, rusumi, ishlab chiqarilgan yili, turi, kuzov (shassi) raqami, vazni, dvigatel raqami va quvvati, yonilg‘i turi, rangi, o‘rindiqlar soni, alohida belgilari yoki o‘zgargan agregat ma’lumotlari, bosib o‘tgan masofasi, ishonchnoma, ijara, hadya, meros va oldi-sotdi shartnomasi kabi fuqarolik-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashadi.
Xizmatdan foydalanuvchi fuqarolar avtotransport bilan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari va qoidabuzarliklar sodir etilganligi, transportning garovdaligi haqidagi axborotlar bilan ham tanishishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, avtotransport vositasiga nisbatan taqiqlar, bojxona va yo‘lovchi tashish bo‘yicha litsenziya varaqasi olinganligi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishasiz. Ushbu ma’lumotlar avtotransport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqam belgisi, ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomasi seriyasi va raqami asosida so‘rovga asosan real vaqt rejimida taqdim etiladi. Agar so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilsa davlat xizmatini ko‘rsatish rad etiladi. «Avtomobil tarixi» haqidagi ma’lumotnomalar QR-kod qo‘yilgan holda rasmiylashtiriladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi, ya’ni 27 ming so‘m miqdorida yig‘im undiriladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish va avtotransport haqidagi axborotlarni taqdim etishda shaxsga doir ma’lumotlar oshkor etilmaydi. Avtotransport vositasining egasiga doir to‘liq ma’lumotlar faqatgina avtotransport vositasi mulkdori tomonidan o‘zining avtotransport vositasi tarixini olish uchun yo‘llagan so‘rovnomasiga asosan beriladi.
Ushbu xizmatning joriy etilishi odamlarning ikkilamchi bozordan avtotransport vositasini xarid qilishlarida ayrim firibgarlarga aldanib qolishlarining oldini olishga xizmat qiladi.