Masofaviy ta’lim: Saboq, xulosa, reja

Masofadan ta’lim berish respublikamizda qator yillardan beri rejalashtirib kelinayotgan edi. To‘g‘rirog‘i, ayrim oliy ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich o‘tish jarayoni ketayotgandi. Pandemiya esa buni tezlashtirib yubordi. O‘quvchilar maktabga bormasdan televideniyeda berilayotgan onlayn darslarni kuzatdi. O‘qituvchilar telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanallar orqali o‘quvchilarga masofadan topshiriqlar berib, natijasini baholab bordi. 

Oliy ta’lim muassasalari o‘z sayti va ijtimoiy tarmoqdagi kanallarida talabalarni masofadan o‘qita boshladi. Karantin sharoitida o‘quvchi va talabalar uyda ta’lim olishga jalb qilindi. Oddiy qilib aytganda, hamma birdek masofadan ta’lim olishga ko‘nikdi. Aslida-chi? 

Aslida bu jarayon biz o‘ylagandek osongina hal bo‘ldimi? O‘quvchi va talabalarda masofadan ta’lim olishga ko‘nikma bor edimi? Maktab, kollej, litsey, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari masofadan dars berishga tayyormidi? Masofaviy ta’lim televizor va smartfonlar qarshisiga barchani birdek mixlab qo‘ymadimi? Eng muhimi, o‘quvchi va talabalar masofadan darslarni o‘zlashtira oldimi?

Keling, bu savollarga javobni jarayonni bevosita ishtirokchilaridan olaylik.

Masofaviy ta’lim qanday kamchiliklarni ko‘rsatdi?

Rustam XOLMURODOV, 

Samarqand davlat universiteti rektori:

- Bizda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish vahima, o‘qishni bitirib chiqish oson. Chet el oliy ta’lim muassasalarida aksincha, o‘qishga kirish oson, diplom olish juda qiyin. Shuningdek, xorijda talabalar istasa darslarda qatnashadi, istamasa masofadan ta’lim oladi. Muhimi, darsni o‘zlashtirish, topshiriqlarni bajarishdir. Bizda ham bu tartib pandemiya sabab yo‘lga qo‘yildi. Yutug‘imiz barcha oliy ta’lim muassasalari birdek masofadan ta’lim berishga jalb qilingani va bunga erishgani bo‘ldi. Bunday tartib ilk bor joriy etilayotgani uchun o‘ziga yarasha kamchiliklar bo‘lishi tabiiy hol, albatta. Bundan aslo qo‘rqmasligimiz, balki kamchiliklarni tuzatishimiz kerak. Masofaviy ta’lim tizimiga qachondir o‘tishimiz kerak edi. Endi bu ta’lim tizimini takomillashtirishimiz lozim. Istasa talabalar kelib o‘qisin, sharoiti bo‘lmasa, masofadan o‘qisin. 

Qulmamat MIRZAYeV, 

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti prorektori:

- Masofaviy ta’limning kamchiliklaridan biri shu bo‘ldiki, talaba bilan o‘qituvchi o‘rtasida jonli muloqot uzildi. Shuningdek, internet sifati yomonligi cababli bir qator muammolar paydo bo‘ldi. Talabalarning hammasida ham o‘z ustida ishlash ko‘nikmasi shakllanmaganligi tufayli, topshiriqlarni bajarishda ko‘chirmakashlik ko‘payib ketdi.

Axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni maksimal o‘rganishimiz shartligi, kompyuter dasturlarida erkin ishlashni o‘zlashtirishimiz kerakligini ko‘pchilik tushunib yetdi. Bundan tashqari, auditoriya imkoniyatlarini virtual ta’lim jarayonlariga ko‘chirish mumkinligini angladik. Dars o‘tuvchi tomonidan yuksak bilim va malaka, o‘rganuvchi, tomonidan mas’uliyat, bilim olishga intilish, o‘z ustida ishlay olish iqtidori bo‘lishi lozim ekanini tushundik.

Mashhura HASANOVA, 

SamDU filologiya fakulteti o‘qituvchisi: 

- AQSh mutafakkiri Rey Bredberi “Men institut va universitetlarga ishonmayman. Men kutubxonalarga ishonaman” deganda naqadar haq gapni aytganini bugun tan oladigan paytimiz. Negaki butun dunyo pandemiya sababli karantinda turgan bir paytda juda ko‘p mamlakatlar masofaviy ta’limdan foydalandi. Xususan, biz ham. Va albatta, bunday sharoitda talaba va o‘quvchilar o‘z ustida ishlashga, onlayn kutubxonalardan foydalanishga majbur bo‘ldi. 

Masofaviy ta’limning yutuqlaridan ko‘ra kamchiliklari ko‘proq ko‘zga tashlandi. Mamlakatimizda internet tezligi bilan bog‘liq sharoit bir xil emas. Poytaxtdagi internet tezligi bilan viloyatlar markazidagini, viloyatlar markazi bilan tumanlar markazini, tumanlar markazidagi internet tezligi bilan chekka qishloqlarni solishtirib bo‘lmaydi. Shuning uchun tomda dars o‘tayotgan o‘qituvchilar, “HP” noutbuk izlagan talabalar tilidan yozilgan she’rlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldiki, bu albatta, bizning eng og‘riqli nuqtamiz sanaladi. 

Ikkinchidan, bu, ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari bilan bog‘liq jarayon – o‘qituvchining zug‘umidan, direktorning qovog‘idan qo‘rqibgina dars tayyorlaydigan o‘quvchilardan masofaviy ta’lim orqali biror narsa kutib bo‘lmaydi. 1-sinfga qabul qilinayotgan o‘quvchilarda esa undan ham kattaroq muammo paydo bo‘ladi. Yozishni hamma bola ham ota-onasidan o‘rgana olmaydi. 

Uchinchidan, auditoriya. O‘qituvchi auditoriyada dars o‘tish jarayonida uning ovozi, mimikalari, mehri, jahli (bu tabiiy holat. Axir, hech bo‘lmasa bitta o‘quvchi yoki talaba dakki eshitib turmasa bo‘larmidi?) o‘quvchi-talabaga ta’sir qiladi. Biror asardan parchani butun auditoriya bir hayajonda o‘qiydi. Ba’zan o‘quvchi-talaba hech bir kitobda duch kelmagan, ammo mavzu bilan bog‘liq rivoyat, ertak yoki hikoyani o‘qituvchi tilidan eshitadi. Bularning hech birini masofaviy ta’limdan topib bo‘lmaydi. 

Farrux USMONOV, 

TATU Samarqand filiali kafedra mudiri:

- Bugungi sharoitdan kelib chiqib, ba’zi xalqaro ekspertlar onlayn ta’limga to‘liq o‘tib bo‘lmasligi, bu jarayonga muammoli vaziyatdan chiqish yo‘li sifatida qarash lozimligini, aks holda ta’lim sifati tushib ketishini ta’kidlasa, ba’zilar zamonaviy ta’lim uchun yangi davr boshlanganini e’tirof etmoqda. Ayrim davlatlar ziyolilari esa masofaviy ta’limga qamrab olishda ta’minot masalasini ilgari surmoqda. 

Hozirgi paytda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan masofali o‘qitish jarayoni juda ko‘p oliy ta’lim muassasalari faoliyatida muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Uning asosiy xarakterli tomonlaridan biri talaba va o‘qituvchi orasidagi masofaning ahamiyati yo‘qligidir.

Ta’lim tizimida masofali o‘qitish texnologiyasidan foydalanishning ijobiy tomonlari: 

• o‘qish xarajatlarini kamaytiradi; 

• ko‘p sonli o‘quvchilarni o‘qitish imkoniyatini yaratadi; 

• zamonaviy vositalar, katta hajmli elektron kutubxonalardan foydalanish imkoniyati bo‘lganligi sababli o‘qish sifatini oshiradi; 

• yagona ta’lim muhitini yaratadi. 

Bugun mamlakatimizning barcha oliy ta’lim muassasalari virtual ta’lim muhitida o‘qitish modeli, ya’ni Moodle tizimidan foydalanmoqda. Hozirgi vaqtda dunyoning 193 mamlakatining yetakchi universitetlarida Moodle tizimi asosida masofaviy ta’lim tashkillashtirilgan.

G‘ayrat IBRAGIMOV, 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali assistenti:

- Masofaviy ta’limda ta’lim uzluksizligi ta’minlanadi, o‘qituvchining ham o‘z ustida ishlash imkoni yaratiladi, Moodle orqali har bir talaba bilan ishlash imkoni yuzaga keladi. Moodle tizimini bir marta materialga to‘ldirib olsa, keyingi yildan vaqt tejaladi. Ammo, bu tizimda talabalarni nazorat qilish qiyin. Ayrim talabalar o‘qituvchini chalg‘itishga urinadi. Masalan, talaba ertalab Moodle tizimi orqali hamma fanlarga kirib chiqadi va u darsga kirganini isbotlamoqchi bo‘ladi. Masofaviy ta’limning kamchiligi shundaki, kimdir login parol bilan Moodle tizimiga kirib, talaba o‘rniga testlarni yechishi mumkin. Agar fanni yaxshi biladigan o‘rtog‘iga talaba login parolini bersa, u o‘rtog‘ining testlarini yechib bera oladi. Mana shunday firibgarliklar bo‘lgani qulog‘imga chalindi. 

Moodle tizimida hamma talaba ham mustaqil ta’limda topshiriqlarni tushuna olmaydi. O‘qituvchi ba’zan talaba bilimini nisbatan baholashga majbur bo‘ladi. Mustaqil ta’lim zerikarliroq, shu sabab, talabaning bilim olishga ishtiyoqi pasayadi.

Masofaviy ta’limning yaxshi tomoni talabalar uchun yashash, ijara, transport kabi moddiy sarflar kamayadi. Ularga internet aloqasi mavjud joyda dars qilish imkoni beriladi. Shaffoflik kuchayadi, talaba olgan bahosini qachon va kim qo‘yganini biladi. 

Xurshida ERNAZAROVA yozib oldi.